Bizning bayram
Yaqinda qayerdadir o‘qidim yo eshitdim, bilasizmi, sizlar doim og‘zingizdan bol tomib maqtaydigan Yaponiyada o‘qituvchilar kuni yo‘q ekan!
Nega boshingizni sarak-sarak qilyapsiz, demak ishonmadingiz, “bekor gap” deyapsiz.
“Nahotki, dunyoda eng rivojlangan to‘rtta davlatning bittasi bo‘lgan Yaponiyada o‘qituvchilar shunchalik qadrsizmi?” — degan o‘y-xayolga avvaliga men ham boruvdim.
Endi bu yog‘ini eshiting!
Kunchiqar mamlakatida muallimlar avtobus va metro, elektrichkada bepul yurarkan va ularning ko‘ksidagi muallim ekanligini ko‘rsatuvchi nishonni ko‘rgan har bir yo‘lovchi unga joy bo‘shatib berarkan! (Eslatma: Bizda ham yaqinda poyezdda maktabga qatnaydigan muallimaga qatnash uchun imtiyoz berildi).
Yana bir yolg‘on. Yapon muallimi biror narsa xarid qilish uchun do‘konga borsa, unga chegirma narxlarda mahsulotlar berilarkan. Do‘kon egalari va sotuvchilar uchun o‘qituvchining do‘koniga kelishi ular uchun bayram va sharaf ekan (Bizda ichki ishlar, moliya, soliq, hokimlik bunday imtiyozga ega, shunday emasmi?!).
Yana bir yolg‘on.
Yapon muallimlari hech qachon navbatda turishmas ekan (Uzr, shu o‘rinda rahmatli Hojiboy qiziqchining to‘ydagi, “Nima? O‘qituvchi? Chiqar barini, traktorchilar kelayapti”, degan so‘zlari yodimga tushdi).
Lekin xafa bo‘lmang, baribir biz zo‘rmiz, chunki bizning bayram kunimiz bor. Yaponlarda esa yo‘q! Bizda o‘qituvchilarni yilda bir bora bo‘lsa-da harqalay eslashadi, qurg‘ur yapon muallimlarining esa har kuni bayram ekan...
O‘rolboy QOBIL