“Tahliliy o‘qish” – filologik ta’limda yangicha yondashuv
Keyingi yillarda filolog kadrlar, xususan o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha o‘qituvchi va tadqiqotchilarni tayyorlash, zarur kasbiy kompetensiyaga ega qilish tizimi muayyan darajada o‘zini oqlamayapti. Bu turli omillarga bog‘liqligini anglagan holda, aytish mumkinki, oliy ta’lim tizimining filologiya, pedadogika ta’lim muassasalarining o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishlarini bitirib chiqayotgan mutaxassislar yetarli filologik bilim va malakaga ega emas. Ular talabalikka qabul qilingach, muayyan kafedralarga biriktiriladi va buning natijasida adabiyot yo‘nalishini tanlagan tilni, tilshunoslik kafedrasini tanlagan adabiyotni yaxshi o‘zlashtirmaydi. Shuning uchun ayrim o‘qituvchilarning til bo‘yicha malakasi tekshirilganda biz adabiyot kafedrasida o‘qiganmiz, degan javobni beradi, aksincha adabiyotdan savol berilsa, ba’zan men tilni yaxshi bilaman, degan iqrorlarga guvoh bo‘lish mumkin.
Filologiya fakultetlarida o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchisini tayyorlash mantiqan noto‘g‘ri, bizningcha. Yoki dasturlarni qayta ko‘rib chiqish lozim. Odatda universitetlarning filologiya fakultetlariga bir yilda taxminan yuz va undan ortiq talaba qabul qilinadi, ularga 80-90 foiz tilshunoslik, adabiyotshunoslik nazariyasiga doir fanlar mutaxassislik fani sifatida o‘qitiladi, ammo bitiruvchi bu ma’lumotlarni maktab ta’limiga borib kimga o‘qitadi, yoki gazeta jurnal, turli ijtimoiy sohalarning qaysi qismida qo‘llaydi? Masalan, Boduen de Kurtine, Ferdinan de Sossyurning ilmiy-nazariy qarashlari, turkiy xalqlar adabiyoti, qadimgi turkiy til, dialektologiya kabi chuqurlashtirilgan kurslarga doir mavzular filolog olim tayyorlashga ko‘proq foyda beradi hamda bo‘lajak tadqiqotchilarning har biri bilishi shart va zarur, ammo bo‘lajak ona tili va adabiyot o‘qituvchisiga zamonaviy o‘qitish metodikasi, nutqiy ko‘nikmalarni rivojlantiruvchi, kasbiy bilim va ko‘nikmalarni oshiruvchi fanlar kerak.
Oliy ta’limda mutaxassis tayyorlash bilan bog‘liq muammolarning yechimi bilan uzoq yillar davomida shug‘ullanib kelayotgan tilshunos olim – filologiya fanlari doktori, professor Ibodulla Mirzayev sohada sifatli mutaxassis tayyorlash istiqbollarini matn ustida ishlash – “Tahliliy o‘qish” mashg‘ulotlarida ko‘radi.
Olim ko‘p yillik ilmiy kuzatuvlari, tajribalariga tayanib til va adabiyotni ajratib o‘qitish ilmga ham, jumladan, ta’limga ham kutilgan samarani bermasligini ta’kidlaydi. O‘z tadqiqotlarida uzluksiz ta’lim tizimida o‘tkazgan tajriba-sinov ishlari natijalariga tayanib, til va adabiyotni qo‘shib o‘qitish – shaxs tarbiyasi uchun ham, filolog tayyorlashda ham, maktab ta’limida ham samarali natijani beradi, deb hisoblaydi I. Mirzayev. Olim Rossiya (Sankt-Peterburg), Fransiya davlatlarida malaka oshirgan, Janubiy Koreya, Germaniya tajribalarini, shu jumladan o‘zbek mumtoz ta’limini chuqur o‘rgangan holda o‘qitishning mazkur milliy metodikasini ishlab chiqib, amaliyotda qo‘llab kelmoqda.
Samarqand davlat universitetida uzoq yillar davomida “Matn tahlili”, “Tahliliy o‘qish” mashg‘ulotlari o‘qitib kelinadi. O‘zbekistonda lingvopoetikaga doir tadqiqotlarni boshlab bergan olim terminologiya, nutq madaniyati, o‘zbek tili o‘qitish metodikasi kabi muhim sohalarini rivojlantirishga ham yangicha yondashib, universitet miqyosida ko‘plab fanlarni yangidan tashkil qildi.
I.Mirzayevning mazkur innovatsion yondashuvi 2020-yili Samarqand shahrida o‘tkazilgan Respublika ta’lim markazi, universitet va malaka oshirish institutlari ishtirokida “Filologik ta’limda innovatsion yondashuv” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani doirasida ommalashtirildi. Nufuzli anjumanda pedagogika fanlari doktorlari Qozoqboy Yo‘ldoshev, Qunduz Husanboyeva, Valijon Qodirov, filologiya fanlari doktorlari Jo‘liboy Eltazarov, Murodqosim Abdiyev, Dilbar O‘rinboyeva va boshqa tadqiqotchilar, amaliyotchi o‘qituvchlar ishtirok etib, mazkur o‘qitish metodikasining ta’lim uchun ahamiyatli ekanligini e’tirof etishdi. Jumladan, Surxondaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarining umumta’lim maktablarida malakali o‘qituvchilar ishtirokida tashkil qilingan tajriba-sinov darslari muvaffaqiyatli bo‘lgani ta’kidlandi. Amaliyotchilar bildirgan ayrim takliflar asosida o‘tgan bir yil davomida mazkur o‘qitish metodikasi takomillashtirildi.
Tahliliy o‘qish fanining mohiyati shundayki, OTMlarning filologiya fakultetlarida talabalar bir mashg‘ulot davomida ham til, ham adabiyotni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Albatta, bu matn asosida amalga oshiriladi. Tahlil uchun duch kelgan matnni tanlab bo‘lmaydi. O‘zbek tafakkuri uchun juda zarur bo‘lgan, ma’rifiy, badiiy, tarixiy, shuningdek, ilmiy matnlar olinadi. Masalan, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarida qo‘llangan notanish so‘zlar ustida ishlash mumkin. Jumladan, asarda “jonib” so‘zi qo‘llanilgan bo‘lib, u janub emas, aynan tomon ma’nosini bildirishi matn tahlilidan anglashiladi. Mashg‘ulot mana shunday turli sohalarni qamragan asarlar matni ustida ishlash bilan o‘tadi. Bunday mashg‘ulotni o‘tagan filologiya yo‘nalishi talabasi kelajakda iqtidorli tadqiqotchi ham, mohir o‘qituvchi ham bo‘la oladi.
Tilda omonim bo‘lgan hodisalar adabiyotda – tajnis, antonimlar – tazod, aniqlovchilar – epitet, o‘zakdosh so‘zlar – ishtiqoq, uyadosh so‘zlar – tanosib deyilsa, ularni matnda ajratib bo‘lmaydi-ku, bu albatta, birga o‘rganishni taqozo qiladi.
Oliy ta’lim tizimida tayyorlanayotgan mutaxassis, har qanday matnni tahliliy o‘qiy olish malakasiga ega bo‘lishi kerak. Mazkur ko‘nikmani egallagan maktab o‘quvchilari kelgusida barcha kasblarga layoqatli bo‘ladi. Matnni tahliliy o‘qish barcha soha amaliyoti uchun birdek zarur, masalan, noshir, muharrir, jurnalist, ilmiy kotib, shuningdek, iqtisodchi, fizik, olim, yoki siyosatchi, tanqidchi, tergovchi, hatto zamonaviy kasblardan bo‘lgan dasturchi, bloger kabi mutaxassisliklarda ham samarali faoliyat ko‘rsata oladi. Ona tili ta’limida bunday yondashuv mavjud emas. Shuning uchun o‘quvchilarda, talabalarda matnni o‘qib tushunish ko‘nikmasi to‘la rivojlanmay qolmoqda.
O‘zbekiston xalqaro baholash tadqiqotlarida ishtirok etishi rejalashtirilgan bir paytda “Tahliliy o‘qish” mashg‘ulotlarini ta’limning muayyan bosqichlariga (yuqori sinflar, oliy ta’lim, magistraturaning ayrim sohalariga) joriy qilish lozim. Zero, xalqaro PISA baholash dasturida ham matnni tahlil qilish ko‘nikmasiga katta e’tibor beriladi. Tasavvur hosil qilish uchun ayrim namunalar keltirish mumkin. Buni umumta’lim maktablarining 5-sinflarida ham matnlarni soddalashtirgan holda qo‘llash mumkin. “Tahliliy o‘qish” mashg‘ulotlari quyidagi mazmunda olib boriladi:
Mavzu: Matnni sharhlab o‘qish – filologik ta’limning asosi (filologiya fakultetlari 1-bosqich talabalari uchun)
Yer – xazina, suv – gavhar.
Fonetik tahlil:
Xazina so‘zi 3 bo‘g‘indan iborat. 3 unli(a, i, a) va 3 undosh (x, z, n). A – til oldi, quyi keng, lablanmagan. I – til oldi, yuqori tor, lablanmagan. X – chuqur til orqa, sirg‘aluvchi, jarangsiz, shovqinli, sof. Z – til oldi, sirg‘aluvchi, jarangli, shovqinli, sof. N – til oldi, portlovchi, jarangli, sonor(burun), sof.
Qur’oni karimda suv talqini
Olloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Kofir bo‘lganlar osmonlar ham, yer ham (avvalda) yaxlit bo‘lganini, bas, Biz ularni yorib yuborganimizni va barcha tirik mavjudotni suvdan (paydo) qilganimizni ko‘rmadilarmi?! Endi ham imon keltirmaydilarmi?!” (”Anbiyo” surasi, 30-oyat).
”Biz shamollarni urchituvchilar etib yubordik. Bas, osmondan suv tushirib, u ila sizlarni serob qildik” (”Hijr” surasi, 22-oyat).
Hadisi shariflarda suv talqini
Sahoba Abu Said al-Xudriy (r.a.)dan rivoyat. U dedi: Rasululloh (s.a.v.)ga: “Ey, Rasululloh! Buzo‘a qudug‘idan tahorat olamizmi? U shunday quduqki, unga hayz lattalari (ayollar hayz ko‘rgan vaqtda ishlatadigan lattalar), itlarning go‘shtlari va sassiq narsalar tashlanadi”, deyildi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): “Suv pokiza–toza narsa, uni hech narsa najas qilmaydi!”, deb marhamat qildilar. (Termiziy, 1/66).
Roviy: “Ochiq maydonlarda bo‘ladigan, yirtqich hayvonlar va chorpolar vaqti-vaqti bilan teginib ketaveradigan suvlar haqida Rasululloh (s.a.v.)dan so‘ralganini eshitganman”, degan. Shunda Rasululloh (s.a.v.): “Agar suv ikki “qulla” bo‘lsa, nopoklikni ko‘tarmaydi”, deb marhamat qildilar (Termiziy, 1/67).
“Suv” so‘zi bilan bog‘liq maqollar
1. Ariqni kimlar qazir, Suvini kimlar ichar. 2. Bir tomchi suv chumoliga daryo ko‘rinar. 3. Suv ko‘paysa, daryo toshar. 4. Suv – muzdan, ariq – seldan 5. Suvni bersang elga, Yasharsan ming yilga. 6. Jiyan-tog‘a el bo‘lmas, Yakka tomchi sel bo‘lmas. 7. Suvning oqishiga qara, Xalqning xohishiga qara. 8. Xalq – tosh, amaldor – suv. 9. Elga kirgil elingcha, Suvga kirgil belingcha 10. Yer – ona, suv – ota. 11. Go‘ringdan suv chiqmasin, Uyingdan – quv. 12. Yomon arida bol bo‘lmas, Suvsiz yerda – tol. 13. Yomon baliq suv loyqalatar. 14. Yomon soyga suv tushsa, Kechuv bermas kecharga. 15. Ilonga suv bersang ham, zahar tomar. 16. It tumshug‘ini tiqqan yerga Suv ichgali sher kelmas. 17. Suv keltirgan – xor-u zor, Ko‘za sindirgan – aziz. 18. O‘t bergan o‘tini olar, Suv bergan – suvini. 19. Haqiqat o‘tda ham kuymas, Suvda ham cho‘kmas.
“Suv” so‘zi bilan bog‘liq topishmoqlar
1. Ketaveradi, ketaveradi, Orqasiga qaramaydi. (Suv, ariq) 2. O‘yib oldim, izi yo‘q. (Suv) 3. Uzun terak, soyasi yo‘q. (Suv) 4. Uzun-uzun iz kelar, Uzun bo‘yli qiz kelar, Qoshginasi qaltirab, Ko‘zginasi yaltirab. (Suv, ariq) 5. Tog‘dan kelar toshday, Arillagan otday. (Suv) 6. Ketar, ketar, izi yo‘q, Tayanmoqqa tizi yo‘q. (Suv)
Suv haqida nazariy ma’lumot
Ma’lumki, toza holda suv molekulasi 88,8 foiz kislorod va 11,2 foiz vodoroddan tashkil topgan, 2 ta vodorod va 1 ta kislorod atomidan iborat (bir tekislik yuzasida 2 ta vodorod atomlari 1050 burchak ostida kislorod atomi bilan birikkan). Undagi musbat va manfiy zaryadlar 2 qutbda joylashgan. Dipol momenti µ q 1,85 debay. Qutblangan suvning 2 molekulasi o‘zaro birlashib (assotsiasiyalanib) dimer holida bo‘ladi. Kislorod atomidagi elektronlar quyidagicha qavatlarda joylashgan: 1S2 2S2 2P4. Odatda, ikki energetik qavatdagi olti elektrondan 2 tasi suv molekulasini hosil qilishda qatnashadi, ya’ni N:O:N ko‘rinishda ifodalash mumkin. Qolgan ikki elektron jufti esa, qo‘shni yana 2 suv molekulasini tashkil etuvchi N atomlariga yo‘nalgan bo‘ladi. Ular manfiy zaryadlangan elektron bulutini vujudga keltirgan holda, assotsiasiyalangandan so‘ng molekulalarga xos vodorod bog‘larini hosil qilishda qatnashadi. Vodorod bog‘i 1 kg atom uchun 4,5 kkalga tengdir.
Bir mashg‘ulot davomida o‘quvchi yoki talaba nisbatan ko‘p ma’lumot oladi va uning so‘z boyligi oshadi. Bir mavzuga doir turli uslub va mazmundagi ma’lumotlarni qiyosiy tahlil qiladi. Bunda o‘rganuvchiga tilning ifoda imkoniyatlari yorqin namoyon bo‘ladi. Tilga doir avval olgan bilim va ko‘nikmalarini qo‘llab ko‘rish imkoniyati paydo bo‘ladi. Badiiy matnlar tahlilga tortilganda til va adabiyotning mushtarakligini bo‘lajak mutaxassis sifatida teran anglaydi. Muntazam bunday matnlar tahlili bilan shug‘ullangan talaba yoki o‘quvchining so‘z boyligi oshishi natijasida og‘zaki va yozma nutqi ravonlashadi. “Tahliliy o‘qish” fanini, avvalo, OTMlarning barcha filologiya, ona tili va adabiyot yo‘nalishlari o‘quv rejasiga kiritish va o‘qitishni yo‘lga qo‘yish lozim.
Keyingi bosqichda umumiy o‘rta ta’lim tizimiga ham joriy qilish ona tili va adabiyot ta’limi rivojiga katta hissa qo‘shadi. Bo‘lajak filolog kadrlar ham til ham adabiyot haqida mukammal va yaxlit bilimga ega bo‘lishi zarur, chunki OTMni tugatib maktab yoki umuman, ta’lim muassasasiga qadam qo‘ygan mutaxassis ona tili va adabiyot fanlaridan baravar dars beradi. “Tahliliy o‘qish” mashg‘ulotlari ko‘proq amaliy dars shaklida bo‘lishi bo‘lg‘usi o‘qituvchi yoki tadqiqotchida zarur nutqiy kompetensiyani rivojlantira oladi.
G‘ofir HAMROYEV, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori