Maktablarda ta’magirlik, korrupsiya barham topmayapti
Farg‘ona viloyatida ta’lim sohasida ta’magirlik, korrupsiya holatlari ko‘p uchramoqda.
Xususan, umumta’lim maktablari rahbarlarining bu borada qilmishini qanday izohlash mumkin?
Qo‘qon shahridagi 41-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Gullola Qodirova hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Doniyor Temirbayev ishonib topshirilgan vazifani sidqidildan bajarish o‘rniga nafs kuyiga uchdi. Ular pora beruvchi ota-onalarning farzandlarini maktabning 1-sinfiga qabul qilish maqsadida jinoiy reja tuzishgan. D.Temirbayev 2020 yil 17 avgust kuni D. Tadjiyevaning farzandini 1-sinfga qabul qilish evaziga S. Meliboyev orqali pora tariqasida 150 AQSH dollari berishni talab qiladi. Bundan tashqari, G.Irgashevaning farzandini maktabga qabul qilish uchun 100 AQSH dollari va 300 000 so‘mni pora tariqasida olganda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda ushlangan.
Maktab direktori Sh.Qodirova o‘zining o‘rinbosari D.Temirbayev orqali berilgan pullarni pora tariqasida olganda qo‘lga olindi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi tomonidan mazkur ish ko‘rib chiqilib, G.Qodirovaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “a,v” bandlari bilan JKning 45-moddasini qo‘llab, 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlaridan ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat Kodeksining 72-moddasiga asosan ozodlikdan mahrum qilish jazosiga shartli hukm qilinib, 3 yil sinov muddati belgilandi. D.Temirbayevga esa 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, sud zalidan qamoqqa olindi.
Rishton tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri I.Mirzarahimova va kadrlar bo‘limi mutaxassisi A.Vohidovlar 77 nafar o‘qituvchining malaka toifasi muddati o‘tgan bo‘lsada, qalbaki hujjatlar asosida malaka belgilab, tarifikatsiya qilishi, ustama haqlarini noqonuniy to‘lashi va boshqa suiiste’molliklari oqibatida 414 million so‘m byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingan. Quva tuman xalq ta’limi bo‘limi kadrlar bo‘limi nazoratchisi X.Bozorbayev 62-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi direktor o‘rinbosari M.Nazarov bilan oldindan til biriktirib, 3 nafar o‘qituvchilarni malaka toifasi olish attestatsiyasidan o‘tkazishni va’da qilgan. 37-umumta’lim maktabi o‘quv ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari N.Nishonov bilan oldindan til biriktirib, 6 nafar o‘qituvchilarni malaka toifasi olish attestatsiyasidan o‘tkazishni va’da qilib, 1 million 800 ming so‘m pullarni pora tariqasida olgan.
Qo‘qon shahridagi 8-sonli maktab direktori F.Djabbarova fuqaro N.Nabiyevani maktabga yarim stavkaga kutubxonachi va 0,2 stavka laborant vazifasiga ishga qabul qilishi evaziga 100 AQSH dollari va 850 ming so‘m, Marg‘ilon shahridagi 31-sonli maktab direktori vazifasini bajaruvchi A.Dadaxonov fuqaro D.Jalolovni texnik lavozimga tayinlash evaziga 150 AQSH dollari olayotgan vaqtda ushlangan.
M. Sulaymonov, O‘zA