Konspekting qani?
O‘quvchi hikoyasi:
Bir kuni uyimizga mehmon kelib qoldi. Ota-onam toki mehmonlarni kuzatib, ular ketgach, uy ishlarini birgalikda saranjom qilmaguncha dars stolimga o‘tirolmadim. Vaqt esa allamahal bo‘lgan edi. Kundaligimni oldim, ertangi bo‘ladigan darslarga qarab kapalagim uchib ketdi! Axir, jadvalda biologiya, tarix turibdi?! Nima qilibdi, demoqchimisiz? Ikki fandan ham konspekt yozishim kerak, yanayam anavi biologiya bo‘lmishning mavzu bo‘yicha kitobda berilgan rasminiyam chizishim kerak. Ustozning aytishicha, haliyam qo‘shimcha masalalar bermay, bizga yon bosarkan. Tarix-chi? Tarix ustoz katak qoldirilmagan holda kamida uch bet yozilgan konspekt talab qiladi. Maktabda ona tili va matematikadan uy vazifalarini bajarib olganim yaxshi bo‘lgan ekan. Tarixdan tez-tez yoza boshladim, charchagan ekanman, ko‘zlarim yumilib ketay deyapti. Bir amallab, katta-katta yozuv bilan belgilangan me’yorni bajardim. Qo‘lim toldi, ko‘p vaqtim yozishga ketib qoldi. Endi o‘qishim kerak… Shoshma, dedim o‘zimga, konspekt yozdim, balki so‘ramas mendan. Har doim konspekt yozmaganlarni jazolaydi-ku, deya tinchlanib oldim-da, biologiyani ochdim. Buncha ko‘-o‘p, uchta rasmi ham bor ekan. Soat tungi 01 ni ko‘rsatyapti. Onam necha martalab kelib ketdi: “Bo‘ldi, uxla, ertaga darsda mudrab qolasan”. Yotmasam bo‘lmaydi endi, chunki onajonim ham mendan xavotirlanib uxlolmayapti. Saharda turib o‘qib olaman. Konspektni to biologiya boshlanguncha yozib olarman…
Aksiga olib, ona tili darsida daftarimni oldirib qo‘ydim. O‘zimdan bo‘ldi: “kechadan qolgan” uy ishi – konspekt yozib o‘tirgandim, uztoz quloq solmayapsan deb kitobimni ham, daftarimni ham olib qo‘ydi, dars tugagach uzr so‘rab, qaytarib oldim.
Tarixdan o‘qimay kelganimni bildirmay deb shuncha urindim, bo‘lmadi. Mustahkamlashda o‘rtaga savol tashlab, javobni mendan so‘rasa bo‘ladimi? “Javob bersang-chi, daftaringga yozgansan-ku?!” Eh, ustozjon, konspektni yozdim, lekin o‘qimadim-da. Ichimda ming bir bahonalar to‘qila boshladi. Hech biri tilimga ko‘chmay, rosa qiynaldim. “Konspekt yozibsan, lekin o‘qimabsan, demak, dars qilmabsan?” Ustozim naqadar haq! Dars qilmadim men, kitob ko‘chirdim!
Biologiya boshlandi. O‘qib kelganman. Daftar so‘rab qolmasidan doskaga chiqib olay deb birinchilardan bo‘lib qo‘l ko‘tardim. Savollarga ham javob berdim. O‘qituvchimiz xursand: “Juda yaxshi o‘rganib kelibsan! Bahong besh!” Xotirjam bo‘lib joyimga o‘tirayotgandim, ustozim: “Daftaringni olib kel-chi?” desa bo‘ladimi? Ustimga bir chelak suv quyildi! Boshimni quyi solib olib bordim. “KONSPEKTING QANI?” Yig‘lab yuboray dedim…
* * *
O‘quvchiligimizda, ayniqsa, talabaligimizda ba’zi darslardan ustozlarning muttasil konspekt yozdirgani, yozish amalidan bezdirib qo‘ygani uchunmi, haligacha uy vazifasi tariqasida beriladigan kitobdagi mavzuni to‘lig‘icha ko‘chirishni yoki bir necha betlab daftarga “yozdingmi yozding” qabilida qayd etiladigan konspektni hech yoqlagim kelmaydi. Siz ham o‘quvchiligingizda darslikning o‘zida amaliy, yozma topshiriqlari berilmaydigan fanlardan uzundan uzoq konspekt yozganmisiz? Yozmasangiz bahongizni tushirib yoki “darsini qilmayapti, e’tibor qaratmayapsizlar” deya ota-onangizga e’tiroz bilan chiqqan ustozingizdan ranjigansizmi? Yo ularni haq deb bilgansizmi?
* * *
Fanlarni yozma topshiriqlarsiz o‘zlashtirish davriyligi vaqtinchalik. Bilimni va xotirani charxlash uchun ham mustahkamlovchi yozma topshiriqlar zarur. Ammo…
“O‘quvchi kitob o‘qimayapti, hech bo‘lmasa, kitobdan daftarga mavzularni ko‘chirsa, ko‘rib turgan ko‘z orqali ham xotirasiga ma‘lumotlar joylashadi” yoki “kelgan tekshiruvchiga konspekt asos” degan maqsadda konspekt yozdiradigan hamkasblar ham yo‘q emas. Shunchaki kitobdan ko‘chirish orqali daftar qoralansa, ko‘z ham nimani ko‘rayotganiga diqqat qilmasa, hammasi bekor. Undan ko‘ra, kitobni ikki-uch qayta tushunib o‘qimoq zarur. Yozma topshiriqlar, jumladan, konspekt yozish maqsadli bo‘lsa, ta’lim sifatiga kutilgan hissasini qo‘sha oladi. Shu o‘rinda konspekt atamasi va tushunchasi, maqsadi va vazifasi haqida bir og‘iz so‘z:
Konspekt (lot. conspectus — ko‘rinish) — kitob, maqola, leksiya va boshqalarning qisqa yozma bayoni. Konspekt reja, qisqa bayon qilingan asosiy nizom, fakt va misollardan
iborat.
Konspekt turlari.
Rejali
Oldindan tayyorlangan reja yordamida tuziladi: uning har bir bandiga konspektning tegishli qismi mos keladi.
Matnga doir
Ko‘pincha mantiqiy o‘tishlar bilan bog‘langan ko‘chirmalardan tashkil topadi.
Erkin
Ko‘chirmalar, ba’zan tezislar aralashmasidan iborat bo‘ladi.
Xronologik
Hodisalarning o‘zini ko‘rsatish asosida ularning xronologik izchilligini aks ettiradi.
Tahliliy
Ko‘pincha bir necha manbadan foydalanib aniq mavzuni ochib beradi.
Tematik
Matnning butun mazmunini aks ettirmaydi, faqat muayyan, aniq mavzu bo‘yicha, qo‘yilgan savolga javob beradi.
Matnni o‘qib chiqqandan keyin konspekt qilish usullari. 1-variant.
Asosiy so‘zlar
Mohiyat, asosiy fikr
Asosiy fikrning ochib berilishi
Xulosa, savollar, shaxsiy munosabat
2-variant.
Asosiy masalalar
Masalalarning ochib berilishi
Konspektda so‘zlarning ko‘p bo‘lishi, haddan ortiq ko‘chirma olish, matnning mantig‘iga putur yetkazib, uning uslubiy xususiyatini saqlab qolishga urinishdan o‘zingizni tiying. (Manba: http://www.dissertant.uz/)
Har qanday yozma topshiriqlarning, eng birinchi navbatda, samarali natijasi muhim. O‘qituvchi mahorati ham shunda. Dars rejasining mukammal tuzilishi qo‘yilajak poydevorga kafolat beradi. O‘quvchi ehtiyojidan kelib chiqib topshiriqlar tayyorlash, haqiqatda, yangi bilimni amaliyotda qo‘llay olish ko‘nikmasiga zamin bo‘ladi. Demak, yozma vazifalar pedagogik innovatsion texnologiyalar asosida shakllantirilishi kerak. Natijasi o‘laroq, o‘quvchi ma’lumotlarni xotrirada saqlashi, o‘rganganlarini so‘zlay olishi, amaliyotda isbotlashi, himoya qilishi, ijtimoiy hayot bilan bog‘lashi, axborotlarni qayta ishlay olishi, g‘oyalar muallifiga aylanishi kabi kompetensiyalarni namoyon eta olsin. Chunki qolipli darslar tafakkurni chegaralaydi. O‘quvchi ehtiyojini hisobga olmaslik esa uning qimmatli vaqtini o‘g‘irlaydi, xolos.
Masalan, mantiqiy savollar, jadvallar usulida o‘quvchi bilimini mustahkamlashga qaratilgan yozma uyga vazifalar ko‘zlangan maqsadga xizmat qiladi. O‘qiyotgan mavzusining bosh g‘oyasini aniqlaydi, g‘oyaning to‘lig‘icha ochilishiga xizmat qiluvchi kichik detallar nimalar ekanligini bilish uchun izlanadi, kalit so‘zlarni topadi va o‘z mehnatidan mamnun holda daftariga qayd etadi. Ba‘zan o‘quvchi istagi va o‘zlashtirish darajasini hisobga olib, individual topshiriqlar berib borish ham yaxshi samara baradi. Deylik, o‘quvchi aniq fanlarga mehr qo‘ygan, tanlagan yo‘nalishidagi fanlar ham matematika, informatika. Hayot matematika fanidan iborat emasligini o‘quvchiga mohirona anglatish ham san‘at. Ya’ni, o‘quvchi psixologiyasini o‘rgangan holda (bunda, ota-ona hamkorligi juda zarur! Chunki o‘qituvchi mehnatining bekor ketishiga sababchi ham, afsuski, o‘zimiz! Bee‘tiborlilik, boshqa fanlarni ikkinchi darajada ko‘rish!) fanlararo uzviylikni ta’minlovchi mantiqiy topshiriqlar ta‘siri nihoyatda kuchli! Shaxsni kamol toptirishda Shaxsni o‘rganishimiz ta’lim berishdagi to‘g‘ri yo‘lning boshlanishidir.
Aziz ustozlarim! Bugun o‘quvchi darslarimizdan qoniqyaptimi? Bir xillikdan qutula oldikmi? Javobi o‘zimizda bo‘lsa, muhimi shu.
Dildor NURMUHAMMEDOVA, Termiz shahridagi 23-maktab o‘qituvchsi