Darslikdan ko‘nglimiz to‘ldi
An’anaviy ta’limda ona tili darslarida, asosan, lingvistik kompetensiyalarni singdirishga katta e’tibor qaratilgan edi. Bu esa fanni o‘zlashtiruvchining ijodiy va mantiqiy fikrlash, tahlil qilish bilan bog‘liq iqtidorini namoyon qilishga biroz bo‘lsa-da to‘sqinlik qilardi. Fanni o‘rganishdan maqsad tilni bilish emas (o‘quvchi shundoq ham oilada o‘z ona tilini o‘rganib, so‘ng maktabga keladi), balki shu tilda ravon, chiroyli so‘zlash, bexato yozish ko‘nikmalariga ega bo‘lishdir.
10- va 11-sinf “Ona tili” darsligining 2-qismi (“O‘qituvchi” nashriyoti — 2020. B.Mengliyev va b.) bugungi kun talabidan kelib chiqib, grammatik mavzular biroz cheklangan holda, asosan, o‘quvchining nutqiy salohiyatini o‘stirishga yo‘naltirilgan. Bu esa o‘quvchini mustaqil, tanqidiy fikrlashga, berilgan matnlardagi ma’lumotlarni tahlil qilishga, xulosalashga undaydi. Eng asosiysi, turli sohalarga oid bilimlarini boyitishga xizmat qiladi. Bu bilan grammatik mavzular umuman yo‘qotildi, degan fikrdan yiroqmiz, balki, qoidalar avval matnlar, mashqlar orqali induktiv usul bilan singdirilib, keyin o‘quvchi xulosa qilib bo‘lgach, bayon qilinadi. Avvalgi darsliklarimizda berilgan nazariy matnlarda ilmiy terminlar, izohtalab jumlalar o‘quvchining tushunishini murakkablashtirardi va o‘qituvchi bevosita aralashishga majbur bo‘lar edi. Mazkur darslikdagi qoidalarning, ya’ni nazariy matnlarning aniq-lo‘ndaligi ham mavzuni yengilroq o‘zlashtirishga yordam beradi. Tanlangan matnlar, ular asosida tuzilgan qiziqarli savol va topshiriqlar esa o‘quvchining muloqot madaniyatini shakllantirishga, savodxonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Darslikdagi matnlarning mavzu ko‘lami nihoyatda keng: ilm-fanning eng so‘nggi yutuqlari-yu didaktik adabiyotning nodir namunalari, nasr va nazmning noyob durdonalari-yu shaxsga muvaffaqiyat sirlarini o‘rgatuvchi psixologik treninglargacha: “Kitob — xalqaro kenglik stansiyasi”, “Ruhiy muammolar davosi”, “Ijodkorning baxti”, “O‘zingga uchta haqiqiy do‘st top”, “O‘rdak emas burgut bo‘ling”, “Baxt pulda emas(mi?)”, “Nobel mukofoti”, “Globallashuv: tillar taraqqiyoti va tanazzuli” va boshqalar.
Berilgan mavzularning nomlanishi ham noan’anaviy. Jumladan, “So‘z va ibora teng emas”, “Tasviriy ifoda — ko‘tarinki nutq vositasi”, “Ortiqcha qo‘shimchalar”, “Nutqdagi “taqiqlar”, “O‘zbek tili kompyuter tili bo‘la oladimi?”, “Esse — ijodiy matn”, “Nutqda o‘rinli va noo‘rin so‘zlar”, “Evfemizm va disfemizmlar” va hokazo. Bunday nomlanishda bir tomondan chuqur grammatizmdan qochilsa, ikkinchi tomondan, ifodadagi soddalik o‘quvchini o‘ziga jalb qiladi.
Jumladan, 11-sinf darsligida berilgan “Nutqdagi “taqiqlar” mavzusini olaylik. Dars boshlanishida A.Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanidan parcha berilgan. Matndagi “yumshoq”, “qog‘ozga o‘ralgan” so‘z va iboralar hozirgi kunda so‘zlashuvda qaysi ifodalar bilan berilishi so‘raladi. 9-sinf darsligidagi 2-mashqda esa nutqiy taqiqlar, ya’ni tabular madaniy ifodalar bilan almashtiriladi. Masalan, “Qarasam, chuqur to‘la … (arg‘amchi, ilon, uzun opa)! Vashillab yotibdi! Yoki madaniy nutq sohibi o‘z fikrini chiroyli va kishi ko‘ngliga og‘ir botmaydigan qilib ifoda etishi evfimizm mavzusida tushuntiriladi va unga mos mashqlar beriladi. Ushbu darsda berilgan testlardan biriga e’tibor qiling:
“Xato qilyapsiz!” murojaati ijobiy ma’noda qo‘llangan qatorni toping.
A. Siz yanglishyapsiz.
B. Fikringiz mutlaqo noto‘g‘ri.
C. Noo‘rin gapirmang.
D. Haqiqatdan juda uzoqlashyapsiz.
Yoki 10-sinf darsligidagi 5-mashqda yoshi ulug‘ odamlarga nisbatan qo‘llanadigan evfemizmlarni uslubiy bo‘yog‘iga ko‘ra tartiblash so‘raladi. Bu, albatta, o‘quvchini madaniy so‘zlashga, leksik vositalardan nutq uchun eng qulayini tanlashga o‘rgatadi. Demak, darsliklarda berilgan deyarli barcha mavzular maktab bitiruvchisining turmushdagi turli vaziyatlarda muloqot qila olish, o‘rinli so‘zlash ko‘nikmasini shakllantirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, darsliklarda rezyume-ma’lumotnoma, tavsifnoma, tilxat, ishonchnoma, bayonnoma, undan ko‘chirma, so‘rovnoma, tavsiyanoma, tabriknoma kabi qator inson hayotidagi zarur ish qog‘ozlari, ularning tarkibiy qismlari haqida ham ma’lumot berilib, ushbu ish qog‘ozlarini yozish malakasi singdiriladi.
“Boshqotirmalarda yashiringan maqollarni toping”, “Matn mazmuniga mos maqolni toping”, “Birliklardan eng qulayini tanlang”, “Qaysi gapda so‘zlar bog‘lanishidagi moslik buzilgan?”, “Fikrlar zanjiridagi ortiqcha gap, jumlani toping”, “Ko‘hna ifodalarni hozirgilari bilan almashtiring” kabi topshiriqlar ham o‘quvchini “o‘ynatadi”, ham o‘ylatadi.
10-sinf darsligidagi 9-mavzuning grammatik maqsadi o‘zaro bog‘lanmaydigan so‘zlarni izohlash. Nutqiy mavzusi esa vaqt qadriga bag‘ishlangan “Umr shunday kechadi” matni bilan boshlanadi. Darsga epigraf sifatida Erkin Vohidovning:
Fikrat — daryo, g‘aflat ko‘lmakdir,
Daryo — hayot, ko‘lmak o‘lmakdir
misrasi berilgan. Epigrafning o‘zidayoq o‘quvchiga fikrlash kerakligi, hayot o‘tkinchiligini tushunish, harakatdan tinmaslik va vaqtning qadriga yetish zarurligi uqtiriladi. Ramzlarga boy “Umr shunday kechadi” va “Vaqt qadri” matnlari bahs-munozaraga, fikrlashga chorlaydi, undagi grammatik topshiriqlar esa so‘zni to‘g‘ri tanlashga o‘rgatadi. Mavzudagi mashqlar ham, test topshiriqlari ham turfa xil va barchasini bitta nutqiy mavzu — “Vaqt qadri” mavzusi bog‘laydi. Bunday mavzu mutanosibligini darsliklardagi barcha mavzularda kuzatish mumkin.
Darsliklar dizayni, tanlangan suratlar, rangtasvir ham e’tiborga loyiq.
Qisqa qilib aytganda, loyihasi ko‘rilayotgan Ona tili ta’limining Milliy dasturi talabi, ya’ni o‘quvchilarda nutqiy kompetensiyalarni rivojlantirish masalasi mazkur darsliklarda o‘z ifodasini topgan.
Nazokat RAHMONOVA,
Uzun tumanidagi 20-maktabning ona tili va
adabiyot fani o‘qituvchisi