Salohiyatli rahbar, qalbi toza do‘st, ilmli ustoz
Matematika fanining yetuk mutaxassisi, ustozlarning eng aqlli va odobli shogirdi, yosh mutaxassislarning salohiyatli rahbari, shaxmat o‘yini ustasi, atrofdagilarga samimiy do‘st va yolg‘on gapirishni bilmaydigan hamyurt Abdumalik Jumayevni bugun xotirlab, ruhini shod etuvchilar ko‘p. Uning dars o‘tish uslublari ham o‘ziga xos bo‘lgan.
Tinglovchilarni o‘ziga jalb etib, mavzuni soddagina shaklda tushuntirib berardi. Maktab bitiruvchilariga “Agar matematikadan yozma va og‘zaki imtihondan to‘qqiz ball to‘plasang, qolgan ikki imtihonni topshirmasdan imtiyoz asosida o‘qishga kirasan. Astoydil tayyorgarlik ko‘rishni boshla” derdi. Shaxsan o‘zim ushbu nasihatga amal qilib, matematika bo‘yicha yozma imtihondan “4”, og‘zaki imtihondan esa “5” baho olib, to‘qqiz ball bilan imtiyoz asosida birinchi bo‘lib talabalikka qabul qilinganman. Tumanimizdagi 16(4)-maktabda faoliyat yuritgan Abdumalik Jumayevning biz kabi shogirdlari bisyor.
— Abdumalikni 5-sinfda o‘qib yurgan paytlaridanoq bilardim, — deydi faxriy pedagog Sayfullo Fayziyev. — Unga 10-sinfgacha geografiya fanidan dars berganman va tirishqoqligiga doim qoyil qolganman. U barcha tengdoshlaridan avval mavzuni o‘zlashtirar, intilardi. 17 nafar o‘quvchi o‘rtasida eng bilimdoni edi. U bilan nafaqat ustoz-shogird, balki yaxshigina do‘st ham edik. Uning maktabni oltin medalga bitirgani tahsinga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik tumandagi 70-maktab qurilishida poydevordan to foydalanishga topshirilguncha o‘z fidoyiligini ko‘rsatdi. A.Jumayev ushbu maktabning mas’uliyatli rahbari edi. Bundan tashqari, 10-maktabni gazlashtirish, obodonlashtirish, reytingini ko‘tarishda ham jonkuyarlik bilan harakat qildi.
63 yil umr ko‘rgan Jumayev ustozning hamkasblari ham doim iliq fikrda bo‘lishadi. Faxriy pedagog Bozor Boltayev shunday deydi:
— Abdumalik mening o‘quvchimgina emas, yelkadosh ukam ham edi. Biz uni erkalab “kenja” deb chaqirardik. Haqiqatgo‘y, kirishimli yigit edi. Biror to‘y-tadbirimiz Abdumaliksiz o‘tmasdi. Yig‘inlarda sabzini shunaqangi to‘g‘rardiki, havasimiz kelardi. Shaxmatni juda sevardi. Oxirgi paytlari yuragi bezovta qiladigan bo‘lib qoldi. Uni asrab-avaylardik. Hammamiz yaxshi ko‘rardik. Qalbi va tabiati toza yigit edi. Shunday inson bugun oramizda yo‘q.
A.Jumayev umrining oxirgi lahzalarida yonida bo‘lolmagan farzandi Akbarjon Jumayev dorixonadan kelgunicha otasi o‘z omonatini topshirganini aytadi. U otasining o‘zidanda kechib yashaganini, hamisha do‘st-u yorlar ko‘ngliga qaraganini, ilm dargohini obod qilish uchun jon koyitganini eslab so‘zlaydi. Doimo ibrat va hurmatga loyiq muallim, madaniyatli va sadoqatli inson farzandlari-yu shogirdlari qalbiga ilm chirog‘ini yoqib ketdi.
Norchuchuk NORMURODOVA,
Shahrisabz shahridagi
16-maktab matematika fani o‘qituvchisi