Amaliy fanlarga e’tibor kuchaymoqda
Mustaqillik yillarida xalqimiz hayotida tub o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Vatandoshlarimiz bu davr ichida o‘zining buyuk salohiyati, mustahkam irodas i va sabr-toqatliligini namoyon eta oldi. Mana bugun qaysi jabhaga qaramang, sport, fan-texnika, ta’lim, ishlab chiqarish, eksport, import va boshqa sohalarda talay yutuqlarni qo‘lga kiritganimizni ko‘rish mumkin.
2017–2021-yillarda Respublikamizni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini hayotga joriy etish natijasida ko‘plab yutuqlarga erishildi. Bu ijobiy o‘zgarishlar pedagoglar faoliyatida ham ko‘zga tashlana boshlandi. Ular uchun keng qamrovli tanlovlar, ehtiyoj yuqori bo‘lgan mutaxassislik bo‘yicha qayta tayyorlovdan o‘tish imkoniyati, maxsus sirtqi ta’lim shakli yo‘lga qo‘yilgani o‘qituvchilarga keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
Men “Ustoz- 2020” tanlovida qatnashib, boshqa hududlardagi o‘qituvchilarning ish faoliyati, yutuqlari, xonalarining jihozlanishi bilan tanishib, fikr almashdim. G‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘qituvchi Dubay shahriga sayohatga yuborilgani boshqa o‘qituvchilarni o‘z ustida ko‘proq ishlashi uchun yanada ruhlantirdi.
Ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda amaliy fanlarning qadr-qimmati oshdi. O‘quvchi yoshlarimizning texnologiya, musiqa, tasviriy san’at va chizmachilik, jismoniy tarbiya fanlaridan erishayotgan yutuqlari tahsinga sazovor. Buning natijasida, maktabda amaliy fan o‘qituvchilarining to‘garaklari muntazam faoliyat yuritib kelmoqda. Men ham “Hunarli qiz — oila ko‘rki” to‘garagini olib boraman. Bu to‘garakda qizlarni hayotga tayyorlash maqsadida har xil mehnat turlarini o‘rgatyapman. Bu bilim-ko‘nikmalar bilan o‘quvchilarimiz turli tanlovlarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallab kelishmoqda.
Shohista SALAYEVA,
Xonqa tumanidagi 7-maktabning texnologiya fani o‘qituvchisi