Kechiktirib bo‘lmas masala
Mamlakatimizda ta’lim tizimini sifat jihatidan yangilash, malakali va zamonaviy bilimga ega kadrlarni tayyorlash, xalq ta’limi sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsion loyihalarni joriy etish kabi yo‘nalishlarda bir qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu islohotlar samarasi o‘laroq, keyingi yillarda Farg‘ona viloyati umumta’lim maktablari o‘quvchilari ham turli xalqaro tanlovlar, fan olimpiadalarida faxrli o‘rinlarni egallamoqda, ilg‘or ta’lim tizimiga ega xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan ekspertlar sohaga yuqori baho berishmoqda. Lekin...
Viloyatimiz umumta’lim maktablarida bino-inshootlar, sinfxonalar va o‘quv jihozlari hozirgi zamon talabi darajasidami? Modomiki, bugungi kun o‘qituvchisidan zamonaviy bilim berish, jahonga bo‘ylashish talab etilayotgan ekan, ularga yaratilgan sharoitlar qay darajada?
Bu muqaddas dargohga qancha e’tibor qaratsak, muallim-u o‘quvchilar uchun qancha sharoit yaratsak kam. Zero, hukumatimiz tomonidan bu masalaga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Biroq barcha ta’lim muassasalarida ham ahvol talab darajasida emasligi bor gap. Tizimga mamlakat miqyosida katta miqdorda mablag‘ ajratilayotgan bir vaqtda ayrim maktablarning yordamga muhtojligi, xususan, maktab binolari, hojatxonalar abgorligi kishini o‘ylantirib qo‘yadi.
Farg‘ona tumani Chimyon qishlog‘idagi 14-maktab 1975-yili qurilgan. 1100 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Oxirgi marta 2005-yili ta’mirdan chiqarilgan. PISA dasturini o‘rganish bo‘yicha tayanch maktab sanaladi. Lekin hojatxonasi ta’mirtalab ahvolda, eshiklari qiyshaygan, qo‘l yuvish joyi yo‘q...
Tumandagi “Yangi bog‘” MFYda joylashgan 27-maktabda sport zali, oshxona, laboratoriya xonalari yo‘qligini qanday baholash mumkin? Ichimlik suv tarmog‘i haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Maktabga kiraverishda “yarq” etib ko‘rinadigan hojatxonaning ahvoli esa xarob.
Farg‘ona shahridagi 30-maktabda 1700 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Yuzdan oshiq pedagog mehnat qiladigan ta’lim dargohida maqtagulik natijalarga erishilgan. Misol uchun, bu yil maktab o‘quvchilari — Muslima Abdurahimova, Rahmonberdi Hakimov sinxron suzish hamda sport gimnastikasi bo‘yicha respublika chempioni bo‘lishdi va muddatidan avval talabalar safidan joy olishdi.
— Muammolarni bartaraf qilishga urinamiz, lekin ba’zilari uchun mablag‘, ko‘mak kerak, — deydi 43 yildan buyon shu yerda mehnat qilayotgan direktor Sarbaroy Mahmudova.
Maktab hojatxonasi, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani binosi achinarli ahvolda.
Farg‘ona shahar “Xo‘jamag‘iz” MFYda joylashgan 18-maktabda ham havas qilgulik holatga duch kelmadik. Hashar yo‘li bilan ta’mirlash-bo‘yash ishlari bajarilganini aytmasa, qurilganidan buyon kapital ta’mirlanmagan. Direktorning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Shohista Ibrohimovaning aytishicha, yuqori tashkilotlarga ko‘p bora murojaat qilishganiga qaramay, yechimini kutayotgan muammolar talaygina.
Darvozadan kiraverishga “joylashib olgan” maktab hojatxonasiga beixtiyor nazar tashlaymiz. Garchi tozalab-supurib qo‘yilgan bo‘lsa-da, tor va dimiq, zamon talabiga javob bermaydi, yuvinish moslamalari yo‘q.
— Kanalizatsiya tarmog‘i shundoq yonimizdan, yo‘lning narigi tarafidan o‘tgan, — deydi Sh.Ibrohimova. — Shu tarmoqqa ulanish ko‘p muammolarga yechim bo‘lardi. Maktabda tadbirlar o‘tkazish uchun zal yo‘q. Qishlog‘imizdagi tadbirkorlar qo‘llaridan kelganicha yordam berib kelishadi. Ana shunday homiylar madadi bilan maktab hududining bir qismi devor bilan o‘raldi. Sport zali va ba’zi sinfxonalarning deraza-romlari eski, yorilib-chatnab ketgan, almashtirish zarur.
Hojatxona va maishiy binolar muammosi viloyatimizning aksariyat maktablarida mavjud. Yillar davomida to‘planib qolgan boshqa masalalar ham o‘z yechimini kutmoqda.
— Viloyatimizdagi 971 ta maktabning yarmidan ko‘pi — 522 tasida hojatxonalarni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish (shundan 90 tasini yangidan qurish) zarurligi aniqlandi, — deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Rustamjon Xoliqnazarov. — Ana shu ta’mirtalab maktab hojatxonalariga turli tashkilot va korxonalar homiy sifatida biriktirilib, bugungi kunga qadar 23 tasida qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlandi. Ta’mirlash ishlariga shu maktablarni bitirib chiqqan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarni keng jalb qilish, shuningdek, sinfdoshlar harakatini faol yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi.
Ta’kidlash kerakki, amalga oshirilayotgan ishlar viloyat hokimligi nazoratida bo‘lib, muntazam ravishda muhokama etib borilmoqda. Boshqarmaning shahar, tumanlarga biriktirilgan vakillari tomonidan kunlik monitoring olib borilib, qurilish-ta’mirlash ishlari jadallashtirilmoqda.
Hayot BOYBOBOYEV