Kasb-hunar kollejlarida yakuniy davlat attestatsiyalarini o‘tkazishda kamchiliklar aniqlandi
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Toshkent shahridagi kasb-hunar kollejlarida saylanma tarzda yakuniy davlat attestatsiyasining tashkil etilishi va o‘tkazilishi bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazildi. Unga ko‘ra “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom”ga amal qilinmagan holda bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi qayd etildi.
Xususan, Toshkent turizm kasb-hunar kollejida yakuniy davlat attestatsiyasi nizom talablariga asosan a’zolarining kamida 40 foizi ish beruvchi tashkilotlarniing vakillaridan shakllantirilishi belgilangan. Mazkur ta’lim muassasasida esa joriy yilining 20-iyun kuni “Oshpaz” yo‘nalishi bo‘yicha “Kasbiy fanlar majmualari”dan o‘tkazilgan davlat imtihonida esa ushbu talablarga amal qilinmagan. Nizomning 25-bandiga muvofiq o‘quv reja va dasturlarning barcha talablarini to‘liq bajargan o‘quvchi ta’lim muassasasi direktorining buyrug‘iga asosan yakuniy attestatsiyaga qo‘yilishi belgilangan, lekin, “Bolalar parhez taomlarini tayyorlash texnolgiyasi” mutaxassislik fani bo‘yicha guruh jurnalida 6 nafar, “Umumiy ovqatlanish korxonalarida sanitariya va gigieniya” fanidan 5 nafar o‘quvchiga yakuniy baho qo‘yilmagan, lekin. ushbu o‘quvchilarga esa nizom talablariga amal qilinmagan holda davlat imtihonini topshirishga ruxsat etilgan. Yakuniy attestatsiyasining tashkil etilishida nizomning 15-bandi (ish beruvchi korxona va tashkilotlarning mutaxassislarini, vazirlik va idoralarning soha mutaxassislarini jalb qilish) va 17-bandi (yakuniy attestatsiyaga ota-onalar vakillari jamoatchilik asosida kuzatuvchi siftida qatnashishini ta’minlash) talablariga to‘liq amal qilinmagan holda tashkil etilgan.
Toshkent qurilish-kommunal kasb-hunar kollejida esa joriy yilning 20-iyun kunida 4 ta kasb bo‘yicha (Buxgalteriya, Qurilish-pardozlash ishlari ustasi, Bino va inshootlar bo‘yicha texnik-arxitektor, Suv, gaz ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini o‘rnatish, ta’mirlash va ishlatish ustasi) “Kasbiy fanlar majmuasi”dan davlat imtihonlari tashkil etildi.
Kasbiy fanlar majmuasidan davlat imtihonlarini tashkil etilishi, komissiya a’zolarini tanlash, davlat imtihonlari nazorat topshiriqlarini shakllantirishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.
Masalan, Buxgalteriya yo‘nalishi 7-8 ta mutaxassislik fanlari o‘qitilsada nazorat savollari va topshiriqlarini shakllantirishda o‘quv dasturlari mavzulari to‘liq qamrab olinmagan, har bir bitiruviga esa bor-yo‘g‘i 2 tadan savollar tuzilgan xolos.
Ushbu yo‘nalish bo‘yicha davlat imtihoniga ish beruvchi korxona va tashkilotlar vakillari jalb qilinmagan.
Shunday kamchiliklar “Qurilish-pardozlash ishlari ustasi”, “Bino va inshootlar bo‘yicha texnik-arxitektor”, “Suv, gaz ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini o‘rnatish, ta’mirlash va ishlatish ustasi” kasblari kasbiy fanlari majmualaridan davlat imtihonlarida ham qayd etildi.
O‘rganilgan ta’lim muassasalarida davlat imtihonlari raisi va a’zolari o‘z vaqtida kelmaganliklari sababli belgilangan vaqtdan 1-1,5 soat kech boshlanish holatlari kuzatildi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi