Birinchi kitobimni qanday chiqarsam bo‘ladi?
Savol: O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi Yosh ijodkorlar kengashi tomonidan nashr etiladigan to‘plamlar qanday saralanadi? Muallif va asarga qo‘yiladigan talablar haqida bilmoqchi edim?
Sayyora ESHONXO‘JAYEVA, kollej o‘quvchisi
Javob: Respublika yosh ijodkorlar kengashi tomonidan quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha yosh ijodkorlarning birinchi kitobi nashr qilinadi: nazm, nasr, dramaturgiya, tarjima, publitsistika. Birinchi kitob uchun taqdim qilingan ijodiy ishlar har bir yo‘nalish bo‘yicha tayinlangan ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ular tavsiya qilgan 5 nafar ijodkorning birinchi kitobi 2 ming nusxada chop etiladi.
Kitoblar uchun taqdim etiladigan ijodiy ishlarga qo‘yiladigan talablar va boshqa qo‘shimcha ma’lumotlar yoki o‘zgartirishlar kengash saytida kitob uchun grant tanloviga start berilgandan so‘ng e’lon qilinadi.
Feruza XAYRULLAYEVA, Respublika yosh ijodkorlar kengashi xodimi