Yosh essenavislar taqdimoti
“Men oldimga uchta oliy maqsad qo‘yganman: ko‘proq va chuqurroq bilim olishim; o‘rganganlarimni hayotga tatbiq etib, insonlarga yetkazishim; dunyoga kelajak farzandlarimni hayotga to‘g‘ri yo‘naltirishim va nima sababdan dunyoga kelganliklarini anglatishim kerak…”.
Abituriyent Abbos Nurullayevning shunday fikrlari aks etgan inshosi “Registon” o‘quv markazi tomonidan tashkillashtirilgan “Esselar tanlovi”da birinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi. U o‘z ijodiy ishida yashab o‘tgan hayotini tahlil qiladi. Orzulari va maqsadlari haqida mushohada yuritadi. “Dunyoga nega keldim?” degan savolga javob izlaydi.
Joriy yilning 25-martidan 10-mayiga qadar davom etgan tanlovda 13 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlardan minglab turli mavzulardagi ijodiy ishlar qabul qilingan. Yoshlar ijod saroyida o‘tgan taqdirlash marosimiga tashrif buyurgan Nazar Eshonqul, Axtamqul Karim, Orif To‘xtash, Muhammad Ismoil kabi yozuvchi-shoirlar yoshlarga dil so‘zlarini bildirib o‘tdilar. Abbos Nurullayevning “Mening hayotim” essesi birinchi, Zulfinoy Yusupovaning “Dunyoqarashimni o‘zgartirgan asar” essesi ikkinchi va Dinora Sobirovaning “Dunyoqarashimni o‘zgartirgan asar”, Shomaqsud Ramazonovning “Vatan ozodligi uchun kurashgan kimni o‘z qahramonim deb bilaman?” esselari uchinchi o‘ringa munosib ko‘rildi. Eng yaxshi deb baholangan 200 ta esse mualliflari ham o‘quv markazi tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Tadbir so‘ngida go‘liblar uchun taniqli san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi namoyish etildi.
Suhrob ZIYODOV