“Kichik akademiya”da nima gaplar?
Sergeli tumanidagi 300-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi qoshida iqtidorli o‘quvchilarning intellektual salohiyatini aniqlash, qiziqishiga qarab ularni maqsadli tayyorlashga xizmat qiluvchi “Kichik akademiya” tashkil etilgan.
Ushbu akademiya 2005—2018-yillar davomida 4 yo‘nalishda ish olib borgan bo‘lsa, joriy o‘quv yilida yo‘nalishlar soni yana bittaga ortdi. Bu erda 11 nafar salohiyatli pedagog o‘quvchilarga ta’lim beradi. Bugungi kunga ushbu akademiyaga 956 nafar o‘quvchi jalb etilgan. “Kichik akademiya” “Fikrimiz, jasoratimiz, ijodimiz — senga, Vatan!” shiori ostida faoliyat yuritadi.
Har yilgidek bu o‘quv yili oxirida ham “Kichik akademiya”ning ilmiy-amaliy hisobot festivali bo‘lib o‘tdi. Festivalda iqtidorli o‘quvchilar tomonidan yaratilgan ilmiy, ijodiy va amaliy ishlar ko‘rgazmasi hamda sport va madaniyat yo‘nalishidagi tantanli chiqishlar namoyish etildi.
Yoshlarning ko‘rgazmadan o‘rin olgan ijodiy ishlari yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Maktab o‘quvchisi bo‘la turib bunday ixtirolarni amalga oshirayotgan bir qator iqtidorli yoshlar mutasaddi tashkilotlar tomonidan maxsus medallar bilan taqdirlandi.
— Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanishi bugungi kun o‘quvchisida bu texnologiyalarga, jumladan, robototexnologiya dasturiy muhandislik hamda virtual loyihalash sohalariga katta qiziqish uyg‘otmoqda, — deydi “Kichik akademiya” kengashi raisi Malika Abdullayeva.
Yaratuvchanlik qobiliyatiga ega yoshlardan biri, 8-sinf o‘quvchisi Anvar Dagarov ham o‘z ixtirolari bilan ko‘plab tanlovlarda sovrindor bo‘lgan. — Men yaratgan robot bolalarga qarab turish va buyurilgan narsani olib kelish xususiyatiga ega. Xalqaro tanlovda 2-o‘rin, O‘zbekistonda esa 1-o‘rinni egalladim. Asl maqsadim O‘zbekistonda robototexnikani rivojlantirish va odamlar yumushini osonlashtirish, — deydi Anvar Dagarov.
Umuman olganda, jadallik bilan ildamlab borayotgan davr ham aynan bugungi kun yoshlaridan yaratuvchanlik va ishtiyoqni talab etadi. Ularni qo‘llab-quvvatlashda esa bu kabi akademiyalarning, ular ijodini rag‘batlantirib borishning o‘rni beqiyos.
Maftuna XUDOYOROVA