Prezident maktablari — ta’lim sifatini oshiruvchi lokomotiv
Yangi o‘quv yilida Toshkent shahridagi Prezident maktabi ish boshladi. Namangan, Nukus va Xivada Prezident maktablarining qurilish va jihozlash ishlari yakunlanmoqda. Mazkur maktablarning Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida 2020-yilda, Andijon, Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida 2021-yilda qurish rejalashtirilgan.
Toshkent shahridagi Prezident maktabida o‘tkazilgan media-turda jurnalistlar ta’lim muassasasi hayoti, shart-sharoitlari va o‘quv jarayoni bilan tanishdi. Suhbat chog‘ida aytib o‘tilganidek, joriy yilda kirish imtihonlari uchun dastlab 28 452 nafar nomzod o‘quvchi ro‘yxatga olingan. Shundan 27 471 nafari saralash imtihonida ishtirok etdi. Natijalarga ko‘ra, har bir maktabga 144 o‘quvchi qabul qilindi. Prezident maktablari internat sifatida faoliyat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Ya’ni o‘quvchilar 5 kun davomida muassasa hududida (korpusda) yashab, o‘qishadi. Dam olish kunlari ota-onalar farzandlarini uylariga olib ketishlari mumkin.
Toshkent shahridagi Prezident maktabida o‘tkazilgan mediaturda jurnalistlar ta’lim muassasasi hayoti, shart-sharoitlari va o‘quv jarayoni bilan tanishdi. Suhbat chog‘i aytib o‘tilganidek, joriy yilda kirish imtihonlari uchun dastlab 28 452 nafar nomzod o‘quvchi ro‘yxatga olingan. Shundan 27 471 nafari saralash imtihonida ishtirok etdi. Natijalarga ko‘ra, har bir maktabga 144 o‘quvchi qabul qilindi. Prezident maktablari internat sifatida faoliyat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Ya’ni, o‘quvchilar 5 kun davomida muassasa hududida (korpusda) yashab, o‘qishadi. Dam olish kunlari ota-onalar farzandlarini uylariga olib ketishlari mumkin.
— Maktabning umumiy sig‘imi 168 o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lib, kelasi yili faqat 5-sinfga 24 nafar bola qabul qilinadi, — deydi Toshkent shahridagi Prezident maktabi direktori To‘raboy Shermatov. — Maktabda o‘quv jarayoni “STEAM” (Science — ta’lim, Technology — texnologiyalar, Engineering — texnik ijodkorlik, Art — san’at, Mathematic — matematika) dasturi asosida olib boriladi. Bu iqtidorli yoshlarning fikrlash qobiliyati, iroda va ijodiy salohiyatini oshirishga imkon beradi. Ushbu fanlar yo‘nalishidagi darslar ingliz tilida olib boriladi. Tarix, ona tili va adabiyot darslari tajribali pedagoglar tomonidan o‘zbek tilida o‘tiladi. Biologiya, kimyo, fizika va iqtisodiy bilim asoslari kabi fanlar ikki nafar o‘qituvchi (mahalliy va chet eldan kelgan pedagog) yordamida tashkil etiladi, sinfdagi 12 nafar o‘quvchining yetarli bilim olishi uchun hamkorlikda ishlanadi.
E’tiborlisi, 17 ta o‘quv va 3 ta amaliy-laboratoriya xonalari mashg‘ulot metodologiyasiga xos dizayn asosida jihozlangan. O‘quvchilar ikki guruhga bo‘lib o‘tiladigan fan xonalarida stol-stullar jamoa bo‘lib o‘tirishga mos va kompyuterlar oltitadan joylashtirilgan. Iqtidorli bolalarning innovatsion loyihalar yaratishi uchun barcha elektron jihozlar, kompyuterlar va 3D formatli printer mavjud. O‘quv binosining markazidagi kutubxona ham zamonaviy qurilgan va jihozlangan bo‘lib, uch qism — kutubxona, onlayn kutubxona (O‘zbekiston Milliy kutubxonasi elektron bazasiga ulangan) va o‘quv zalidan iborat. Bu yerda bolalar o‘qigan asarlari yuzasidan debat usulida bilimini mustahkamlab boradi.
— Men ixtirolarga juda qiziqaman, — deydi maktabning 6-sinf o‘quvchisi Boxirbek Qodirov. — Fizika, matematika va ingliz tili fanlarini ishtiyoq bilan o‘rganaman. Bu yerda darslardan tashqari shaxmat, suzish, san’at, robototexnika va musiqa to‘garaklari bor. Dam olish soatlarida teatr tomosha qilish va sport bilan shug‘ullanish uchun imkoniyat va sharoitlar yaratilgan. Kelajakda yurtimiz ravnaqiga hissa qo‘shadigan fizik mutaxassis bo‘lishni maqsad qilganman.
Cambridge Assessment International Educacation vakillari tomonidan mahalliy va xorijiy mutaxassislar uchun Cambridge o‘quv dasturlari asosida maxsus treninglar o‘tkazilib, ushbu dasturni amalga oshirishning ijobiy tajribasini o‘rgatish ko‘zda tutilgan. Qolaversa, mutaxassislar jamoasi shakllantirilib, mamlakatimizdagi boshqa maktablar o‘qituvchilari uchun ham ilg‘or pedagogik tajribani tatbiq etish rejalashtirilgan. Prezident maktablari bu borada respublikamizda ta’lim sifatini oshiruvchi o‘ziga xos lokomotivga aylanadi.
Shoira BOYMURODOVA