Yosh matematiklarning eng kuchlisi
Agar chindan ham kuchli bilim, yuksak aql-u tafakkurga ega bo‘lsang, seni dunyoning har bir chekkasida tan olishadi. Bejiz kuch — bilim va tafakkurda, deyilmaydi.
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatining 7-sinf o‘quvchisi Anvarjon Rahmatov Janubiy Afrikaning Durban shahrida o‘tkazilgan Xalqaro matematika musobaqasida (IMC 2019) oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Joriy yilning 1—6-avgust kunlari bo‘lib o‘tgan mazkur an’anaviy musobaqada 41 ta davlatdan 500 nafardan ortiq iqtidorli o‘quvchi ishtirok etdi.
— Bunday nufuzli musobaqada ilk bor qatnashayotganim uchun avval biroz hayajonlandim, — deydi Anvarjon o‘z taassurotlarini so‘zlab. — Chunki oddiy musobaqalardan farqli o‘laroq, bu yerda dunyoning eng bilimdon o‘quvchilari jamlangan edi. Muhtasham auditoriya, mutlaqo notanish odamlar va notanish muhitda hayajonim cheksiz edi. Ammo musobaqaga start berilib, 15 ta masalani yechishga kirishgach, hammasini unutdim. Men endi butun borlig‘im bilan matematika olamiga sho‘ng‘ib ketgandim. Har bir masala yangi bir sarguzasht go‘yo. Unda turli kechinmalarga duch kelasan, butun tafakkuringni ishga solib, yangi-yangi yo‘llarni kashf etasan. 14 ta masalani shu taxlit berilib ishladim. Biroq oxirgisiga kelganda, vaqt yetmay qoldi. Garchand o‘zimga tamomila ishongan bo‘lsam-da, ulgurolmay qolganim biroz ta’bimni xira qildi. Natijalar e’lon qilinguniga qadar xavotir ichida o‘tirdim. G‘oliblar qatorida nomimni o‘qiganlarida esa quvonchdan sakrab yuborayozdim. Ko‘z oldimdan onajonim, otam va ustozlarim o‘tdi. Axir ular menga katta ishonch bildirishgan edi-da. Ana shu ishonchni oqlay olganimdan nihoyatda xursandman. Erishgan bu yutug‘imga katta hissa qo‘shgan sinf rahbarim va matematika fani o‘qituvchim Ro‘zimurod Ro‘zimurodovga alohida minnatdorlik bildiraman.
Muvaffaqiyat uchburchagi
— Men rahbarlik qilayotgan 7-sinfda 30 nafar o‘quvchi tahsil oladi, — deydi tajribali ustoz Ro‘zimurod Ro‘zimurodov. — Ularning barchasi qayta-qayta sinovlarda saralab olingan iqtidorli, matematikaga qobiliyati bor bolalar. Ammo oralarida faqat 4-5 nafarigina xalqaro olimpiadalar talabiga javob beradi. Besh barmoq baravar bo‘lmaganidek, o‘quvchilardagi imkoniyat ham turlicha bo‘ladi. Biroq shundaylar ham borki, o‘zidagi iste’dodni to‘laqonli namoyon etolmaydi.
Boladagi iste’dodning yuzaga chiqishida eng muhim omil nimaligini bilasizmi? Bu — uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi. Ustozi, ota-onasi unga xayrixoh bo‘lsa, uni hamisha qo‘llab-quvvatlab, ruhlantirib tursa, bu ishonch mustahkam bo‘ladi. Ota-onasi e’tiboridan chetda qolgan farzand hech qachon mas’uliyat his etmaydi. Maqsadga erishishga astoydil chog‘lanmaydi. Chunki uning bu harakatini rag‘batlantirib turadigan, intilishlariga qiziqish bildiradigan suyanch yo‘q. Bu vaziyatda birgina o‘qituvchining chiranishlari yelga sovurilgandek samarasiz ketadi.
Ba’zi ota-onalar butun mas’uliyatni ustozga tashlab qo‘yishadi. Ayrimlari hatto bir oyda bir marta o‘tkaziladigan ota-onalar yig‘ilishida ishtirok etishdan ham vaqtlarini qizg‘anishadi. Ular uchun eng muhimi — farzandlarini moddiy jihatdan to‘kis ta’minlab turish, shuni burch deb sanashadi. Biroq endigina uchirma bo‘layotgan polapon bitta qanot bilan ucholmaganidek, o‘quvchi ham ustoz va ota-onasining ma’naviy ko‘magiga muhtoj bo‘ladi. Bunda moddiyat hech qanday ahamiyatga emas.
Ota-ona, ustoz va o‘quvchi bir maqsadni ko‘zlab, hamfikr, hamqadamlikda harakat qilsagina, ko‘zlangan natijaga erishish mumkin. Buni men “muvaffaqiyat uchburchagi” deb atayman. Bugun nufuzli musobaqalarda yutuqlarga erishayotgan o‘quvchilarning aksariyati ana shu uchburchak tegrasidagi bolalar, shu jumladan, Anvarjon ham.
Odatda, biz olimpiadaga tayyorgarlik jarayonini 5-sinfdanoq boshlaymiz. Dastlab sinfning o‘zida qayta-qayta sinovlar o‘tkazilib, ulardan muvaffaqiyatli o‘tgan 4 yoki 5 nafar o‘quvchi tanlab olinadi. So‘ngra sinflar kesimida 15 nafardan iborat tayyorlov guruhi tuziladi. Haftada ikki marta ular bilan jiddiy mashg‘ulotlar olib boriladi. Bu mashg‘ulotlar nafaqat darsliklar, balki xalqaro olimpiada materiallari asosida tashkil etiladi. Geometriya, ehtimollik nazariyasi, sonlar nazariyasi, kombinatorika bo‘limlariga oid murakkab masalalarni yechish usullari o‘rganiladi. O‘quvchilarimiz o‘z imkoniyatlarini dastlab bilimlar bellashuvida sinovdan o‘tkazishadi, tajriba oshirishadi, ko‘nikma hosil qilishadi. Bu ular uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi. Aytish joizki, Anvarjonning ham bugungi yutug‘ida aynan bilimlar bellashuvi muhim bosqich bo‘ldi. U mazkur tanlovning tuman bosqichida ketma-ket uch marta ishtirok etib, uchalasida ham 100 foizlik natijani qayd etgan edi. Ishonchim komilki, boshlanayotgan yangi o‘quv yilida ham o‘ziga xos qobiliyat sohibi bo‘lgan va ilm maskanimizning eng umidli o‘quvchilaridan biri sanalgan Anvarjon maktabi, ustozlari, ota-onasi va Vataniga yana oltin medallarni tuhfa etadi.
“Bolani o‘z erkiga qo‘yib bering!”
Anvarjonning onasi Nazira Umarovaning bola tarbiyasidagi prinsipi shunday. Kasbi o‘qituvchilik bo‘lgani uchunmi, bu jarayonga nihoyatda ehtiyotkorlik va talabchanlik bilan yondashadi.
— Farzandlarimiz dunyoga kelishi bilanoq, ularning kelajagi haqida orzu qilishni boshlaymiz, — deydi u. — “O‘g‘lim otasidek bankir bo‘ladi, qizimni shifokor qilaman...” Holbuki, bolaning kim bo‘lishini biz emas, ularning o‘zlari belgilashi lozim. Chunki har bir insonda o‘ziga in’om etilgan layoqat, qobiliyat bo‘ladi. Uning qiziqish, istaklari ana shular asosida yuzaga chiqadi. Agar biz bu istaklar bilan hisoblashmay, o‘z xohishlarimizni ustun qo‘ysak, farzandimizning kelajagini yo‘qqa chiqaramiz. Boringki, siz san’at yo‘lini tanlamoqchi bo‘lgan farzandingizni huquqshunos qilishga yoki shifokorlikka moyil qizingizdan o‘qituvchi “yasash”ga erishdingiz. U ota-onasining orzu-havasini ro‘yobga chiqargan farzand sifatida ishlab ketishi mumkin. Lekin biror-bir yutuqqa erishishi mushkul. Nari borsa, o‘rtamiyona mutaxassis bo‘ladi.
Men ota-onalarning hamisha o‘z farzandlari baxt-saodatini ko‘zlashlari, har bir xatti-harakatida shu maqsad mujassam ekanligini tushunaman, buni qadrlayman. Ammo bu yo‘lda bolalarga go‘dakligidanoq ortiqcha bosim o‘tkazish, haddan ortiq yuklamalar bilan uni qiynashlarini sira tushunmayman. Ayni paytda aksariyat ota-onalar farzandlariga bog‘cha yoshidanoq, ba’zilari hatto 3-4 yoshidanoq pulli repetitor yollashadi. Men ana shunday ota-onalarga oddiy pedagog sifatida o‘z tajribamga tayangan holda shunday maslahat bergan bo‘lardim: bolaga bolalik dunyosida yashashga imkon bering. Mayli, u o‘ynasin, dam olsin, sayr qilsin — o‘zi istagan mashg‘ulot bilan erkin shug‘ullansin! Har narsaning o‘z vaqti, me’yori bo‘ladi. Donolardan biri aytganidek, “Bola istagan suyuqlik bilan to‘ldiriladigan idish emas”. Uni o‘z erkiga qo‘yib bering. Vaqti kelib u o‘zidagi qiziqishi, qobiliyatni o‘yinlari, munosabatlari, xatti-harakatlari orqali namoyon eta boshlaydi. Ana shunda siz uni qiziqishlari sari biror sohaga yo‘naltirishni boshlang. Buni ham faqat birdan ortiqcha yuklama yuklab, bosim o‘tkazib emas, balki asta-sekinlik bilan amalga oshiring.
Faoliyatim davomida o‘quvchilarim hamda ikki farzandim ta’lim-tarbiyasiga nisbatan ana shunday yo‘l tutaman. Farzandlarimni repetitorlik kurslariga bermaganman. 9-10 yoshlariga qadar ularning o‘ynashi, dam olishi uchun vaqt ajratganman. Ba’zan turmush o‘rtog‘im ikkimiz bu o‘yinlarni ular bilan birgalikda o‘ynaymiz. Uyga vazifalarini hozir ham birgalikda bajaramiz, qiziqishlari, orzu-istaklari haqida erinmay suhbatlashamiz. Qorako‘ldagi 1-IDUMda o‘qish fikri ham uning o‘zidan chiqqan. Bir kuni u “Oyi, men ham tog‘amning o‘g‘li o‘qiyotgan maktab-internatda o‘qimoqchiman”, deb qoldi. Biz uning bu istagini qo‘llab-quvvatladik. Endilikda Anvarjon o‘z yo‘lini belgilab olgan. U kelajakda iqtisodchi bo‘lmoqchi. Nega aynan bu sohani tanlagani haqida so‘raganimda, u “Iqtisodiyoti rivojlangan davlat — kuchli davlat bo‘ladi. Men O‘zbekistonning ana shunday kuchli davlatga aylanishiga hissa qo‘shishni istayman”, deb javob berdi. Ko‘ksim g‘ururga to‘ldi, 15 yoshidayoq Vatan koriga yarashni maqsad qilgan farzandni tarbiyalayotganimdan, uning onasi ekanligimdan faxrlandim.
Iroda ORIPOVA,
“Ma’rifat” muxbiri