Nukusda ham Prezident maktabi ochildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida 11-dekabr kuni Prezident maktabining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Erniyazov, O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Sh.Shermatov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi A.Sa’dullayev, Ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori S.Boboxo‘jayev va boshqalar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ta’lim sohasini isloh qilish, qobiliyatli bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi.
Maktabda birinchi qo‘ng‘iroq chalinib, dastlabki darslar boshlandi.
Ta’kidlash joizki, mazkur maktab qurilishi uchun mahalliy byudjetdan 67 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Xususan, zamonaviy loyiha asosida 168 o‘ringa mo‘ljallangan ikki qavatli o‘quv binosi, shuncha o‘ringa mo‘ljallangan uch qavatli yotoqxona, barcha qulayliklarga ega mehmonxona, sport zallari, basseyn, oshxona, darsxonalar o‘quvchilarga xizmat qiladi. Barcha zarur jihozlar Xitoy va Turkiyadan keltirildi.
Maktabda o‘quv jarayonlari qoraqalpoq, o‘zbek tillarida, shuningdek, STEAM ta’lim dasturi asosida olib boriladi. Matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalari fanlari Buyuk Britaniyaning Cambridge University tashkiloti dasturi asosida ingliz tilida o‘qitiladi. Mahalliy o‘qituvchilar bilan birga Keniyadan, Buyuk Britaniyadan va Janubiy Afrikadan sakkiz nafar mutaxassis taklif etildi.
Joriy yilda maktabga 7 ming 500 o‘quvchi hujjat topshirgan bo‘lsa, shundan iqtidorli 144 o‘quvchi Kembridj universiteti xalqaro imtihon bo‘limining tajribali mutaxassislari tomonidan tanlab olindi. Har bir sinfda ikki guruhga bo‘lingan holda 12 o‘quvchidan jami 24 o‘quvchi bilim oladi.
Tadbir qatnashchilari Prezident maktabida o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.