O‘zbekistonlik 14 nafar o‘quvchi ChemiCo Xalqaro olimpiadasida sovrindor bo‘ldi
Kuni kecha Singapurda kimyo fanidan oʻtkazilgan ChemiCo Xalqaro olimpiadasida oʻzbekistonlik oʻquvchilar 2 ta oltin, 5 ta kumush, 7 ta bronza medalni qoʻlga kiritdi.
Mazkur olimpiada oʻquvchilar oʻrtasida oʻtkaziladigan eng muhim nufuzli xalqaro tadbirlardan biridir. Joriy yil unda dunyoning 100 dan ortiq davlatlaridan mingga yaqin iqtidorli oʻquvchilar ishtirok etdi.
Mamlakatimiz jamoasiga 7 ta medalni birgina taʼlim muassasasi — Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi oʻquvchilari olib keldi. Ushbu dargohda taʼlim olayotgan Mirumid Mirakbarov va Dilshodaxon Isayeva oltin, Diyoraxon Obidova va Bekzod Rozibayev kumush, Rustam Tuxtaboyev, Dilraboxon Omanbayeva, Nafisa Normurodova, Zeboxon Ismatullayeva bronza medallari bilan taqdirlandi.
— Ushbu nufuzli musobaqada oʻquvchilarimizning sovrindorlar qatoridan oʻrin olgani jamoamizning katta yutugʻidir, — deydi Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi direktori Ortiqboy Eshonqulov. — Shu bilan birga, yurtimizda taʼlim tizimini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor mevasidir.
Qayd etish kerakki, mazkur akademik litsey jamoasi joriy yilning oʻzida turli xalqaro fan olimpiadalarida 16 medalni qoʻlga kiritdi.