Orzular maqsadga aylansin
Bobo-buvilarimiz bejiz “Vaqt — shamolday tez. Oradan oylar, yillar qanday o‘tib ketganini sezmay ham qolasan”, deya aytmas ekan. Oliy o‘quv yurtlari uchun davlat imtihonlari yaqinlashmoqda. Tunni tun, kunni kun demay, tinimsiz o‘qigan abituriyentlar, Xudo xohlasa, albatta, talabalik baxtiga muyassar bo‘ladi.
Maktabni tamomlaganimga ham bir yildan oshdi. Ollohga shukur o‘tgan yili O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetiga o‘qishga qabul qilindim. Juda ko‘p maktabdoshlarim, opa-singillarim universitetimizga hujjat topshirib, kelajakda yetuk jurnalist bo‘lish maqsadida tinmay harakat qilmoqda. Ba’zida mendan ham maslahat so‘rab turishadi. Qo‘limdan kelganicha yordam berishga harakat qilyapman. Ularni ko‘rib, o‘zimning abituriyentlik davrim xayolimdan o‘tadi. Ijodiy imtihonga onam bilan birga borgan edik. Yo‘l bo‘yi “O‘qishga kira olarmikanman? Yiqilsam nima qilaman? Yo‘q! Albatta shu yil talaba bo‘laman!”, deya tinmay o‘zimga o‘zim gapirib, savollar berib kelganim, ilk marotaba O‘zJOKU darvozasidan kirayotganimdagi hayajon, “Ollohim, o‘zing qo‘lla, ota-onamning ishonchini oqlay”, deya so‘raganlarim hech qachon esimdan chiqmasa kerak. Universitetdagi birinchi kunimiz menda juda yaxshi taassurot qoldirgan edi. Ustozimiz talabaga murojaat qilgandek emas, bizga o‘z farzandlaridek muomala qilgandi. Rektorimiz, dekanimiz, ustozlar, barcha-barchamiz shunchaki bir universitetning xodimlari, talabalari emas, balki katta bir ahil oilaga aylanib ham ketdik. Men juda baxtliman! Bugungi kundagi abituriyentlarga ham, eng avvalo chin ko‘ngildan harakat qilishlari va o‘qishlarini maslahat beraman. Mehnat qilyapsizmi? O‘qib-izlanyapsizmi? Bilingki, mehnatlaringiz hech qachon javobsiz qolmaydi. Doimo izlanishda va o‘rganishda bo‘ling. Abituriyentlar, biz bunga ishonamiz, Xudo xohlasa, talaba bo‘lasiz!
Nozima NAZIROVA,
O‘zJOKU talabasi