Asaldan yaxshi daromad qilish mumkin!”
Маънавият ва мактабдан ташқари таълим янгиликлари бўлими
25 / 11 / 2021
“Asaldan yaxshi daromad qilish mumkin!”
Bu haqida treningda aytildi
Asal deyilganda - koʻz oldimizga koʻp ming yillik tarixga ega shifobahsh neʼmat keladi. Statistik maʼlumotlarga koʻra, insoniyatga u deyarli 4 yarim ming yillardan buyon maʼlum va asalarichilik esa, odamlar uchun maʼlum boʻlgan ikkinchi kasb sifatida eʼtirof etiladi. Tarkibi tabiiy, suv va shakardangina iborat boʻlgan asal olimlar tomonidan koʻp oʻrganilgan. tadqiq etilgan. Bugun ham dunyo mamlakatlarida asalarichilik sohasini rivojlantirishga, asal mahsulotlarini yetishtirishga boʻlgan etibor va talab yil sayin ortib bormoqda. Ayniqsa, ekologik toza asal ishlab chiqarishga boʻlgan ehtiyoj nihoyatda yuqori. Bugun u dunyoda sanoat darajasida ishlab chiqariladi.
Samarqand Veterinariya meditsinasi institutida USAIDning Oʻzbekistonda Agrobiznesni rivojlantirish loyihasi hamda Viloyat Asalarichilar Uyushmasi bilan hamkorlikda «Asal qiymat zanjirini rivojlantirish, eng ilgʻor tajribalar, muammolar va imkoniyatlar” mavzusidagi seminar - trening ish boshladi. Treningda talaba – yoshlar bilan birgalikda, asalarichilik xoʻjaliklari mutaxassislari, boshlovchi asalarichilar va tadqiqotchi amaliyotchilar ishtirok etishmoqda.
Tabiiy mahsulot hisoblangan asal yetishtirish, uni qayta ishlash va eksport qilish borasida mamlakatimizda qanday ilgʻor tajribalar mavjud? Seminarda loyiha koordinatorlari va bu sohada katta muvaffaqiyatlarni qoʻlga kiritgan mutaxassislar - Sherali Suyarqulov, Haydar Rashidov, Dilshod Ortiqov, Tolibjon Mahmudovlar tomonidan taqdimotlar namoyish etildi.
“ – Asalarichilikni kitobdan oʻrganib boʻlmaydi, uni yurib, koʻrib, mashaqqatini his qilib oʻrganish mumkin. Toʻgʻri, hozir internetdan hamma narsani topishning iloji bordir, ammo bu kamlik qiladi. Bu ishni boshlash uchun sizda avvalo, yaxshi gʻoya, soʻng yaxshi Ustoz boʻlishi kerak. 71 yil, 11 yoshimda bolalik qiziqishi bilan 2 qutida asalari boqishni boshladim. Ota – onam aslida bizni biror foydali ish bilan mashgʻul boʻlishimizni istab, bunga ruhsat berishgandi. Fargʻona shahrida yashaganmiz, ustozim ham rus millatiga mansub kishi edi. Shu bois, koʻpqavatli asalari uyasidan foydalanardik. Bizning mahalliy sharoitda esa, oddiy asalari uya -qutilaridan foydalaniladi. Maktabni bitirar yilim esa, qilgan daromadimga “Ural” mototsiklini sotib olib, hammani hayratda qoldirganman,” - deydi, Fargʻona viloyati Asalarichilik Uyushmasi aʼzosi, yirik tadbirkor va asalarichilik fermer xoʻjaligi raisi Sherali Suyarqulov.
Darhaqiqat, bu soha ancha daromadli. Ish toʻgʻri tashkil qilinsa, asaldan yaxshi daromad qilish mumkin. Bozorda bir kilosi 90 ming soʻm atrofida boʻlgan bu shifobahsh neʼmat tabiiyligi, tozaligi va mehnatining mashaqqati bois, goʻshtdan ham qimmat baholanadi.
Mutaxassislar tomonidan jarayonni tashkil etish, ishni boshlash, asalarilarni parvarish qilish va texnologiyalar borasida seminar – trening ishtirokchilariga zaruriy bilim va qimmatli maʼlumotlar berildi.
Mehmonlarga “samarqandcha” mulozamat koʻrsatilib, “Orzu - Olim -Dilmurod - ” asalarichilik fermer xoʻjaligi raisi Orif Ilyosov (Tayloq tumani) tomonidan sovgʻa – salomlar taqdim etildi.
Asalarining asaldan tashqari, propolisi, zahri, gulchangi, mumi, suti tabiatning insonga inʼom etgan sahovatidir. Biz uni oʻrganishda, tadqiq etishda davom etaveramiz. Shuningdek u biz uchun katta daromad manbai boʻlishi ham mumkin. Buning uchun sohani yaxshi oʻrganishimiz va ishni talab darajasida tashkil etishimiz kerak.
Seminar ertaga ham oʻz ishini davom ettiradi.
SamVMI Axborot xizmati