Mening tilim — Navoiyning she’ridir
Sahnaga ustoz va shogird chiqib keladi.
Shogird: — Assalomu alaykum, ustoz! O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun arafasida til tarixi haqida maqola yozmoqchi edim.
Ustoz: — Barakalla, xayrli ish boshlabsiz. Tilini e’zozlaganni — el e’zozlaydi. Turkiy, o‘zbek tili deb atalgan lafzimizni dunyo tan olgan. Allomalarimiz bu tilda ijod qilib, uning shuhratini olamga yoygan. Maqolangizni qadim tarix qatlariga nazar solib yozing.
Musiqa yangraydi, sahna ortidan ovoz eshitiladi:
I. Folklor bloki
Raqs sahnasi. (Tovus) Alla. (Beshik) Kelgil yor o‘ynaylik.
Ustoz: — Maqolangizda til taraqqiyotida xalq og‘zaki ijodining o‘rni, roli haqida ham to‘xtalib o‘ting.
Shogird: — Ha, ayniqsa, xalq maqollari, topishmoq, dostonlari — xalqimiz donoligining namunasidir. Har bir so‘zda ming bir ma’no bor.
O‘quvchilar tomonidan maqollar aytiladi.
1. Bilganing daryo bo‘lsa, bilmaganing dengiz.
2. Bir yomon anjir kesar, ikki yomon zanjir kesar.
3. Birovning bergani – ko‘rgilik, mehnatning bergani to‘ygulik.
4. Gapda qanquv yomon, dardda sanchuv yomon.
5. Ipni har qancha bo‘yaganing bilan ipak bo‘lmas.
Shundan so‘ng “Alpomish” dostoni asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishi qo‘yiladi.
Baxshi qo‘lida cholg‘u asbobi bilan chiqib keladi. Fonda do‘mbira musiqasi:
Baxshi: — Burungi zamonda 16 urug‘ Qo‘ng‘irot elida Dobonbiy degan o‘tdi. Dobonbiydan Alpinbiy degan, Alpinbiydan tag‘in ikki o‘g‘il paydo bo‘ldi: kattasining oti Boybo‘ri, kichigining oti Boysari edi. Boysarisi boy edi, Boybo‘risi shoy edi. (Musiqa)
Boybo‘ridan bir o‘g‘il va bir qiz tug‘ildi. Boysaribiy esa bir qizlik bo‘ldi. Kimsan Shohimardon pirning o‘zi buvaklarga Hakimbek, Qaldirg‘och va Barchinoy deb ism qo‘ydi. Hakimbekni Barchinoyga beshikkerti qildi.
Alpomish chiqib keladi.
Alpomish:
Yoz bo‘lsa yaylovim Amu yoqasi,
Meni bilsang Qo‘ng‘irot elining to‘rasi.
Ko‘kqamish ko‘lidan suqsur uchirdim,
Suqsurni izlagan lochin bo‘laman.
Barchinoy:
Dam shu damdir, o‘zga damni dam dema,
Boshing eson davlatingni kam dema.
Alpomish:
Boyligidan bedov otni boylagan,
Tangqa taylab, Olatovni joylagan.
Kambag‘ali 40 ming gala haydagan.
Shu daladan bizning bir moya kelgan.
Moyaning yo‘qchisi, nori bo‘laman.
Barchin:
Ot chopsa gumburlar tog‘ning darasi,
Botirni ingratar nayza yarasi.
Kelgan bo‘lsa Qo‘ng‘irot elining to‘rasi,
Qirq kunlik yo‘l Boboxonning orasi.
Men tegaman nor bilakli polvonga,
Zog‘ ham bo‘lsa qo‘naversin gulshanga.
Bab-barobar qildim yaxshi-yomonga,
Men tegaman to‘rt shartimni qilganga.
Alpomish:
Asli Boysun deydi mening yurtimni,
Laqabim Alpomish, otim Hakimdir.
Ostimda duldulim, belda zulfiqor,
Jilovimda Bobo Qambar jilovdor,
G‘amimda otlandi Shohimardon pirlar.
G‘ayratimdan bo‘zlab ketsin qalmoqlar.
Menga taqdir qilsin Barchin zulfakdor.
Baxshi:
Dam bu damdir o‘zga damni dam dema,
Boshing eson davlatingni kam dema.
Alpomish-u Barchinlaring bor ekan,
Ona yurtim, qadding baland, g‘am yema.
Musiqa sadolari ostida ishtirok¬chilar zaldan chiqib ketishadi.
II. Mumtoz bloki
Mumtoz musiqa yangraydi. maqom raqsi ijro etiladi.
Ustoz: — Ona tilimiz haqida yozayotgan maqolangizda Mahmud Koshg‘ariy, Ahmad Taroziy-yu Zamaxshariy hazratlarini eslab o‘ting. Hazrati Navoiy va Bobur kabi allomalarimizning tilshunoslik faniga qo‘shgan ulkan hissalarini, yozgan asarlarini ta’kidlashingiz joiz.
Shogird: — Aziz ustoz, alloma bobo va momolarimiz tilimizni asarlari bilan ham, amallari bilan ham himoya qilishgan. Men, ko‘pincha, xayolan ularning suhbatida bo‘laman, fikrlarini qog‘ozga muhrlayman.
Sahnaga Dilshodi Barno va Anbar otin kirib keladi.
Dilshodi Barno: — Isming Anbar,
jisming Anbar, lolaruxsan, la’llab,
So‘zlasang, ko‘rgan har odam aytur ahsan la’llab.
Anbar otin:
Ey Dilshodim, bog‘imga kel, hurliqodan o‘rgilay,
Sani mango keltiruvchi bodi sabodin o‘rgilay.
Dilshodi Barno: — Anbarxon, shu kecha bir tush ko‘ribmen. Tushimda go‘zal bog‘. Anda buyuk ustodlar: Abulqosim Zamaxshariy, Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Navoiy, Bobur bir yonda, ikkinchi yonda Uvaysiy, Nodirabegim, siz va men til borasinda majlis quribmiz. Bu suhbatni jannat bog‘i Firdavsga qiyos qildim. Turkiy til mavqeyini yuksaltirgan ulamolarni zabardast chinorlarga, ijod namunalarini esa bo‘stonning ochilgan gulu g‘unchalariga qiyos qildim.
Anbar otin: — Tushingiz xayrlidir. Alar ne dedilar?
Dilshodi Barno: — Alar...
Zamaxshariy: — “Menkim Abulqosim az-Zamaxshariy arab tilining sarfu nahvini ishlab, yozib chiqdim, ona tilim bilan qiyosladim. Arablar tilshunoslikka qo‘shgan hissam tufayli menga “Jorulloh” — “Allohning qo‘shnisi” unvonini berdi. Bu iltifotga ona tilimni sevganim, ardoqlaganim tufayli erishdim”.
Koshg‘ariy: — “Menkim Mahmud Koshg‘ariy turklarning so‘zlarini, afsonayu matallarini yig‘ib, “Devonu lug‘otit turk” nomli asarimni bitdim. Bu asarni maqol va matallar, afsonalar, hikmatli so‘zlar, sajlar bilan boyitdim. Arab tili bilan ikki uloqchi ot kabi poyga qilayotgan va ko‘p o‘rinda g‘olib chiqayotgan turkiy tilning nafosatini ko‘rsatishga harakat qildim”.
Xos Hojib: — “Menkim Yusuf Bolosog‘uniy ona tilimda ilk badiiy latif dostonni yaratdim va asarim mukofoti sifatida “Xos Hojib”lik unvoniga erishdim. Adolatli hukmdor va odil siyosat, baxt keltiruvchi bilim haqida qalam tebratdim. Ona tilim go‘zal va boy, qudrati esa beqiyos”.
Navoiy:
“Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam.
“Chor devon” birla “Panj Ganj”,
Dast berdi chekmayin anduhu ranj.
Nazmu nasrim kotibi taxminshunos,
Yozsa yuz ming bayt etar erdi qiyos”.
Bobur: — “Menkim Zahiriddin Muhammad Bobur turkiy lisonda “Vaqoe”ni yaratdim. “Xatti Boburiy”ni kashf qildim. Latif g‘azalu ruboiylar bitdim. Shunday ulug‘lar davrasida o‘z ona tilimda takallum qilish farog‘atdur”.
Uvaysiy: — “Menkim Jahon otin Uvaysiy g‘azaliyot shaydosiman. Ulus farzandiga turkiy zabondin saboq berdim. Kalomimning jilvalarini ko‘rsatish uchun zukko chistonlar yaratdim. She’rlarimga podshohlar tahsin o‘qidi, malikalar madhiya bitdi. Bu hurmatga turkiy til vajidin erishdim”.
Nodira: — “Menkim Mohlaroyim-Nodirayi davron, Hazrat Navoiy Hirotda asos solgan turkiy tilning oltin beshik davridan so‘ng Qo‘qonda shoiru shoiralarni jam qilgan Qo‘qon adabiy muhitiga asos soldim”.
III. Zamonaviy adabiyot
Shogird: — Aziz ustoz, ko‘pincha tariximiz bilan maqtanamiz. Ota-bobolarimiz ekkan ma’naviyat daraxtining soyasida dam olamiz. Bugun davrimiz olimu shoirlari tilshunosligimiz taraqqiyotiga qay darajada hissa qo‘shayotir? Ulkan chinorlarning o‘rnidan chiqayotgan nihollar qachon soya beradi?
Ustoz: — Ayub G‘ulomov, Hamid Ne’matov, Mazluma Asqarova, Shonazar Shoab¬du¬rahmonov, Zulxumor Xol¬mo¬nova kabi tilshunos olimlar, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Su¬laymon o‘g‘li Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Tog‘ay Murod, Anvar Obidjon, Iqbol Mirzo kabi ijodkorlar tilimizga jilo berib, uning nufuzini yanada oshirdilar.
Anvar Obidjonning “Ota o‘giti” she’ri ijro etiladi.
Ustoz: — Ona tilimiz turkiy tillar orasida eng boy, muhtasham, latofatli tillardan hisoblanadi. Bu tilda ifoda etib bo‘lmaydigan fikr, tuyg‘u va holatning o‘zi yo‘q.
Shogird: — Guvohi bo‘lga¬ni¬mizdek, ajdodlarimiz tilimizga javohir kabi sayqal berib, bizga ilindilar. Biz esa uning sha’ni, shavkatini jahon minbaridan jaranglatishimiz, mustaqil O‘zbekistonimiz dovrug‘ini dunyoga taratishimiz lozim.
Ustoz: — Barakalla!
O‘quvchilar o‘zbek tilidagi eng go‘zal she’rlarni o‘qib ishtirokida mushoira qiladilar.
Tadbir Sevara Nazarxonning “Vatanim” qo‘shig‘i bilan yakunlanadi.
Sharofat TOSHMIRZAYEVA,
Muhabbat MIRBOBOYEVA,
Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi filologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari