“Dear bear” texnologiyasi
Bolalikdagi qo‘rquv, hadik va tortinchoqlik insonga umri davomida mushkul vaziyatlarni keltirib chiqaradi. Bunday xarakterli o‘g‘il-qizlar oldinga intilishdan cho‘chib, o‘ziga bo‘lgan ishonchi sust bo‘lib ulg‘ayadi.
Ularni tengdoshlaridan kam emasligi, bilim olishga va ilg‘or o‘quvchi bo‘lishga undash biz, pedagoglarning asosiy vazifalarimizdan biri. Shu maqsadda “Dear bear” (Qadrli ayiqcha) texnologiyasidan foydalanib, darslarda bolalarni faollikka chaqiraman.
Ushbu texnologiya darsga tez kirishib keta olmaydigan bolajonlarning so‘z boyligini oshirib, tortinchoqlikni yo‘qotishga yordam beradi. Bunda o‘quvchilar ayiqcha ko‘rinishidagi qog‘ozchaga darsda ayta olmagan fikrlarini yozib, ustoziga beradi. So‘ng uyda o‘yinchoqlarga mavzuni gapirib berish vazifasi beriladi. O‘quvchilar asta-sekin tengdoshlari orasida uyalmaydigan, do‘stlari davrasidan o‘zini chetga tortmaydigan, mashg‘ulotlarda mavzuni dadil gapirib beradigan bo‘ladi. Bolalarga bu topshiriqlar vazminlik bilan tushuntirilishi maqsadga muvofiq.
O‘yinda barcha savollarga javob bergan o‘quvchilar “Hero” (qahramon) unvonini oladi. Yil davomida eng ko‘p unvon to‘plagan o‘quvchi rag‘batlantiriladi. Bu usul o‘z bilimini namoyish etolmaydigan yoki o‘zlashtirishi sust, qiziqmaydigan o‘quvchilarni dars tayyorlashga ham undaydi. Tengdoshlari orasida maqtov eshitgan va rag‘batlantirilgan o‘quvchining bilim olishga ishtiyoqi yanada ortadi.
Muhayyo FOZILBEKOVA, Toshkent tumanidagi 9-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi