Bo‘sh o‘zlashtiruvchilar bilan qanday ishlanadi?
Bog‘cha bolalar o‘qishi, tarbiyasi, ilm olishi, dunyoqarashining o‘zgarishi, nutq madaniyatining o‘sishi va ongli ravishda mustaqil bo‘lishi uchun muhim maskandir.
MTMga bormay 1-sinfga kelayotgan bolada maktabga ko‘nikish, bolalar bilan do‘stlashish qiyin kechadi. Bunga uyda unga yordam yoki e’tibor berilmasligi, ertak, she’rlar o‘rgatadigan aka-opalar bo‘lmasligi, ota-onaning o‘z ishlari bilan band bo‘lib, bolani e’tibordan chetda qoldirishi sabab bo‘ladi. Bunday bolalar bilan o‘qituvchi mustaqil ishlashi, rasmlar orqali so‘z topish va aytish o‘yini, she’rlarni yod olishga qiziqtirishi kerak. Qo‘shish va ayirishning qulay usullaridan foydalanib, misollar yechish, kichik matnlarni o‘qitish va uni qayta so‘zlab berishga o‘rgatish lozim. Masalan: Qo‘ng‘iroq chalindi. Akam kitob berdi. Men chiroyli yozaman.
Gaplar nima haqida ekanini tushuntirish orqali yozma va og‘zaki nutqning o‘sishiga erishamiz. O‘qituvchi ilg‘or tajribalar asosida har bir darsni qiziqarli, bola qalbiga yetib bora oladigan qilib o‘tishi zarur. 1—4-sinflarda bo‘sh o‘zlashtiradigan o‘quvchilar uchun ikki kun 20 daqiqadan mustaqil ish olib borilsa, o‘qish fanidan kichik hikoya yoki ertakni ifodali o‘qish va bo‘g‘inlab to‘g‘ri o‘qiy olish o‘rgatilsa, bola o‘qishga qiynalmaydi.
Ona tili fanidan esa ikki yoki uch so‘zdan iborat gaplarni bo‘g‘inlab yozish, masalan: Ov-chi chi-day ol-ma-di; Ki-tob biz-ga do‘st; Bo-la-lik ol-tin davr kabi gaplardagi bo‘g‘inlar, harflar imlosi o‘rgatilib, so‘zlar bo‘g‘inlab aytilib yozdirib boriladi. Shu tariqa ko‘rgazmali qurollar, rasmli testlar, rasmlarga qarab so‘zlar, gaplar tuzdirib, ularni yoddan yozishga o‘rgatish orqali o‘quvchilarning o‘zlashtirishi yaxshi bo‘lishiga erishamiz. Har bir bolaning bilim darajasini o‘rganib, qiziqarli o‘yinlar, she’riy namunalar orqali qo‘shimcha darslar olib borish yaxshi ko‘rsatkichlarga erishishiga olib keladi. Bunday ishlarni amalga oshirish esa o‘qituvchilardan o‘z ustida ishlashni, bolalarning ruhiyati, qiziqishini to‘liq kashf etishni talab qiladi. O‘qituvchi ota-onadek mehribon bo‘lsa, o‘quvchisini o‘z farzandim deb qabul qilsagina yaxshi bilim bera oladi.
Mopar HAYDAROVA, Sherobod tumanidagi 60-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi