Ota-ona va o‘quvchilar o‘rtasida qanday to‘siqlar bor?
Muallimlar ota-onalar bilan hamkorlikda ishlashga qancha intilmasin, ta’lim-tarbiya sifati va samarasi ko‘p jihatdan bola o‘sib-ulg‘ayayotgan oiladagi muhitga ham bog‘liq.
Hozirgi kunda ota-onalarning muntazam ish bilan bandligi, zamonaviy texnikalar bolalar tarbiyasiga e’tiborni susaytirib qo‘ymoqda. Bolalar bilan muloqot qilish, ularning orzu-maqsadini eshitish, qiziqishini o‘rganish uchun ota-onalarda istak kam. Boz ustiga, bu muammoni bartaraf etishga doir amaliy ishlar bajarilmayapti. Binobarin, ota-ona bilan farzandini yonma-yon qo‘yib, qiziqarli mashqlar, topshiriqlarni bajartirish orqali ushbu masalaga ijobiy yechim topish mumkin.
“Oila — mahalla — ta’lim muassasasi hamkorligi” dasturiga asoslanib, ota-onalar va o‘quvchilar ishtirokida mavzuli va rejali tarzda “Qalb ko‘zi” interfaol metodidan foydalanib, “Oila va farzand tarbiyasi” mavzusida trening o‘tkazish kutilgan samarani beradi. Uni 3-4-sinflardan boshlab o‘quv yilining birinchi yarmida yoki yil yakunida tashkil etish hamda nafaqat dars jarayonida, balki ota-onalar yig‘ilishlarida unumli qo‘llash mumkin.
Yig‘ilish kun tartibi:
I. Avvalo, “oltin qoidalar”ni kelishib olish.
II. Sinf rahbarining yig‘ilish tartibi va maqsadi haqidagi fikrlarini tinglash.
1. Sinf o‘quvchilarining II chorak (yoki I yarim yillik yakuni) haqidagi hisoboti (sinf o‘quvchilarining o‘zlari hisobot beradi).
2. O‘qituvchi tanlangan mavzu asosida o‘tkaziladigan mashg‘ulot tartibi va bajariladigan amaliy ish shartlarini tushuntirib o‘tadi.
Tashkiliy ishlar.
Sinf partalari uch guruhga moslab tayyorlanadi.
1-guruh — ota-onalar, 2-guruh — o‘quvchilar, 3-guruh — ota-onalar.
Doskaga “Oila va farzand tarbiyasi” mavzusidagi “Farzandim — baxtim” nomli plakat osib qo‘yiladi (plakat amaliy topshiriqqa moslashtirilgan).
O‘quvchilar uchun:
2-guruh:
1. Amaliy ish. Nihol (Kim bo‘lsam ekan?).
2. Amaliy ish. Oqqushlar (Men xohlar edimki…).
Ota-onalar uchun:
1-guruh.
1. Anketa savollari.
2. Amaliy ish. Oilada farzand qanday ulg‘ayadi?
3-guruh.
1. Mulohazali savol. Ota-ona oilada farzandga nima beradi?
2. Amaliy ish. Oilada bola tarbiyasiga ta’sir etuvchi holatlar.
Mashg‘ulot tartib-qoidalari haqida o‘qituvchi qisqacha ma’lumot berib, har bir guruhga A4 o‘lchamli qog‘oz va marker tarqatadi.
Dastlab o‘quvchilar qo‘llarida baholash tabeli bilan ota-onalariga qisqacha hisobot beradi. Ayniqsa, o‘zlashtirishga qiynalayotgan fanlari haqida alohida aytib o‘tadi.
Sinf rahbari rus tili, ingliz tili, matematika fanlariga alohida e’tibor berishni eslatib o‘tadi.
II tur: amaliy mashg‘ulot. Ota-onalarga anketa savollari tarqatiladi. O‘quvchilar guruhiga esa oldindan tayyorlangan yaproqchalar berilib, tanlagan kasbi va o‘z ismini yozishi kerakligi tushuntiriladi.
Ota-onalar anketa savollariga javob hozirlaguncha yaproqchalar doskadagi niholga yopishtiriladi. So‘ng 1-guruh ota-onalarining “Oilada farzand qanday ulg‘ayadi?” savoliga javobi (sariq rangli) qog‘ozga chizilgan yarim doira ichiga joylanadi.
3-guruh a’zolari esa tasma shaklida kesib tarqatilgan sariq rangli qog‘ozlarga oilada ota-ona farzandiga nima berishi, kelajakda nima kutishi haqidagi fikrlarini yozadi.
O‘qituvchi bu orada o‘quvchilar guruhi bilan oqqushlar maketini yasaydi. (Barcha o‘quvchilar bir xil o‘lchamli oq qog‘ozni eniga bukib, to‘g‘ri to‘rtburchak shaklini hosil qiladi, qog‘ozning yopiq tomoni pastda turadi va ochiq tomoni, ya’ni ikki uchi birlashtirilib, yon tomondan qo‘l yordamida tekis qilib qushning bosh qismi hosil qilinadi. Qushning bosh qismi ustki tomoni qanotigacha qirqib olinadi. Keyin tumshuq va ko‘krak qismi yirtib olinadi. Varaqning yarmi 1 sm.dan gormoshka shaklida bukiladi va ikki tomoni birlashtiriladi). Hosil bo‘lgan oqqushning qanotlari ochilib, ichiga har bir o‘quvchi o‘z orzu-maqsadlarini mustaqil yozadi. O‘quvchilar topshiriqni tugatguniga qadar ota-onalar guruhining ishlari doskadagi plakatga yopishtiriladi.
1-guruh a’zolari yozgan tasma shaklidagi qog‘oz quyosh nuri shaklida yopishtiriladi. Doskada o‘sib kelayotgan nihol va nur sochayotgan quyosh tasviri paydo bo‘ladi.
O‘qituvchi ota-onalarning orzu-istaklari haqida so‘rab, ularning fikrlarini eshitadi. Shu o‘rinda hayotda orzuga g‘ov bo‘luvchi ayrim holatlar uchrab turishi haqida to‘xtalib, hayotiy kuzatuvlar misolida farzand tarbiyasiga salbiy ta’sir etuvchi illatlar haqida ham fikr bildirishni taklif qiladi. Uni qayd etish uchun ko‘k rangli (bulut shaklidagi) qog‘ozlar tarqatiladi. Qog‘ozlar birlashtirilib, nur sochayotgan quyosh ustiga yoki yaqiniga yopishtiriladi. Doskada esa quyosh va nihol o‘rtasida bulut paydo bo‘ladi. O‘qituvchi ota-onalar yozgan fikrlarni ovoz chiqarib o‘qib beradi va ularning qo‘shimcha fikrlari tinglanadi.
O‘quvchilar yasagan oqqushlarini ota-onalariga beradi. Ular farzandlarining oila haqidagi orzu-istaklarini o‘qiydi. Oqqush maketlari ham doskadagi nihol atrofiga yopishtiriladi. Trening yakunida ota-onalardan mashg‘ulot haqidagi fikr-mulohazalari so‘raladi va yakuniy xulosa chiqariladi.
Mashg‘ulotdan ko‘zlangan maqsad farzand va ota-ona o‘rtasidagi munosabatni mustahkamlashdan iborat. Shuningdek, ota-onaning oilaviy muammolari, turli mojarolari bola hayoti, ongi va murg‘ak qalbiga qanchalik ta’sir etishini ko‘rsatish farzand kelajagini barbod qiluvchi illatlardan qutulish yo‘llarini topishga undashning kichik bir usulidir. Ushbu trening nafaqat ota-onalar, balki o‘quvchilarda ham mas’uliyat hissini uyg‘otadi.
Tamara G‘ANIYEVA, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 308-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi