Ko‘makchi va yo‘lboshchi nashr
Maktabimizda o‘quvchilarga sifatli ta’lim-tarbiya berib kelayotgan pedagoglar o‘z ustida muntazam ishlaydi. Metodik materiallar va yangi xabarlarni kuzatib borishimizda “Ma’rifat” gazetasi yaqin ko‘makchi.
Yigirma to‘rt yillik tajribamdan kelib chiqib aytsam, ushbu gazeta ish faoliyatimizda o‘z qadr-qimmatiga ega asosiy nashrdir. Uning har bir sonida tezkor xabarlar, ta’lim yangiliklari hamda tavsiyalar berib boriladi. Ayniqsa, ta’lim-tarbiya bilan bog‘liq me’yoriy hujjatlar, qonunlar, qarorlar bilan o‘z vaqtida tanishish mumkin. Maktabimiz jamoasi gazetaning har bir sonini intiqlik bilan kutadi, shuning uchun ham sevimli nashrimizga birinchilar qatori obuna bo‘lganmiz. Ta’lim muassasamizda 60 nafardan ziyod oliy ma’lumotli o‘qituvchi 600 nafardan ziyod o‘quvchiga saboq beradi.
Gazetada beriladigan ilg‘or metodik tavsiyalar, mamlakatimiz hamda xorijdagi hamkasblarimiz tajribasi, olimlarning yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirishga qaratilgan fikrlari, joylardagi muammolar bo‘yicha tanqidiy-tahliliy qarashlar aks etgan maqolalarni o‘qiymiz. Yurtimiz va xorijda o‘tkazilayotgan tanlovlarda o‘quvchilarning sport yoki san’at sohasida erishgan yutuqlaridan beixtiyor faxrlanamiz. Bolalarning iqtidorini yuzaga chiqarish uchun o‘z ustimizda yanada ko‘proq ishlashimiz zarurligini anglaymiz.
Sharofat SULTONOVA, Yangiariq tumanidagi 5-maktab o‘qituvchisi