O‘quvchi sinchkov bo‘lsa
Ona tili va adabiyot fanini puxta o‘rgatishda sinfdagi barcha o‘quvchilarni qamrab olish metodikasi yaxshi natija beradi. Jumladan, guruhlar bilan ishlashda “Tushunchalar tahlili” usulidan foydalanish bolalarning hammasini faollikka va aniq javob berishga o‘rgatadi.
Masalan, 6-sinf ona tili fanidan “Ravish so‘z turkumi” mavzusida ushbu usul qo‘llanganda, o‘g‘il-qizlar to‘rt guruhga bo‘linadi. Ularga ravishning ma’no turlarini ajratib berish topshiriladi. Har bir guruh o‘quvchilari jadval tuzadi. Ular bo‘sh kataklarga ravishning ma’no turlarini yozib chiqadi: o‘rin, payt, sabab, maqsad, holat...
Adabiyot fanida esa o‘quvchilar Erkin Vohidov asarlarini janrlar bo‘yicha tahlil qilib, jadvalni to‘ldiradi. Masalan, “O‘zbegim” — qasida, “Matmusa” — turkum va hokazo. Topshiriq uchun belgilangan vaqt tugagach, guruh a’zolaridan biri savolga bergan javobini izohlaydi. Navbatma-navbat bolalar jadvaldagi savolga berilgan javobi to‘g‘ri-ligini isbotlash uchun kichik taqdimot o‘tkazadi. Natijada sinfdagi bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchida ham intilish kuchayadi. Dars yakunida o‘quvchilarning barchasi baholanadi. Qolaversa, ular chaqqonlik, tezkorlik va aniqlikka o‘rganadi.
“Harflar orasiga yashiringan so‘z” usuli ham o‘quvchilarni fanga qiziqtirishda muhim sanaladi. Bunda bolalarga har xil harflar yozilgan matn topshiriladi: “famrbdilarno‘kshqiidqipytsuk...” kabi. O‘quvchilar bunday tushunarsiz harflar to‘plamidan mavzuga oid atamalar, asar nomi yoki biror topshiriqning javobini topishi zarur. Masalan, sifat so‘z turkumi o‘tilganda, shu harflar ichidan sifatga xos so‘zni yasash talab etiladi.
Bunday usullar yordamida o‘quvchi mavzuni chuqurroq o‘zlashtirish barobarida sinchkovlikka, o‘z bilimini tekshirib, sinashga erishadi.
Aziza AHMEDOVA, Olmazor tumanidagi 46-maktab o‘qituvchisi