Bo‘g‘indan so‘z yasating!
Bola o‘zi kashf qilgan, o‘zi izlab yechimini topgan axborotni ko‘proq xotirasida saqlab qoladi. Shu bois
ona tili darslarini yangi texnologiyalar, o‘yinlar asosida o‘tish samara beradi. Bu o‘rinda fanlararo integratsiyani kuchaytirish, fandagi o‘zaro bog‘liqlikka ham e’tibor qaratish zarur.
Bolalar oldin o‘tilgan bo‘limlardagi bilimlarni esdan chiqarmasligi uchun bir darsda ham fonetika, ham leksikologiya, ham sintaksis bo‘limlarini o‘zaro bog‘laydigan o‘yinlarni qo‘llash maqsadga muvofiq. Masalan, “Davom ettir” ta’limiy o‘yinini fonetika bo‘limidagi bo‘g‘inlarni o‘rganishga qaratilgan saboqlarda, leksikologiya va sintaksis bo‘limlarida qo‘llash mumkin.
Darsda o‘qituvchi o‘quvchilarga ochiq yoki yopiq bo‘g‘inlarni beradi: Bo-, bo‘-, ji-, no-, sa-, gi-, za-, bi-, bolalar bo‘g‘inga mos bo‘g‘in qo‘shib, so‘z hosil qiladi.
O‘quvchilar bobo, bola, Bosit, Boqi, Botir, boxabar, bokira singari so‘zlarni yasashi mumkin. Yoki:
Tan-, bek-, tir-, mak-, hukm- kabi bo‘g‘inlardan tanbeh, tandir, tansiq, tantana, tanga, tanbal kabi so‘zlarni yasash mumkin.
O‘qituvchi birinchi guruh hosil qilgan yangi so‘zlarning boshqa guruh tomonidan takrorlanmasligiga e’tibor berishi va bolalarni ham shunga yo‘naltirishi kerak. O‘quvchilar bo‘g‘inni davom ettirishda lug‘atga murojaat qiladi va nutqini shu so‘zlar bilan boyitishga erishadi. Bundan tashqari, bolalar yangi so‘zlarning ma’nosini sharhlab beradi, ularning sinonimi, antonimini topishga harakat qiladi. Bu bilan leksikologiyada olgan bilimini takrorlaydi. Shu bilan birga, bu so‘zlarni daftarga yoki doskaga yozib, sintaksis bo‘limini ham takrorlab oladi.
Bu holatda o‘qituvchi sinfdagi o‘quvchilarni va sinf taxtasini ikki qismga ajratadi. Har bir guruhdagi bolalardan navbat bilan bo‘g‘inlarni davom ettirishini so‘raydi. Bunda ikkala guruh vakillari baravar boshlaydi, o‘quvchi taxtaga so‘zni yozguniga qadar navbatdagilar boshqa so‘zni o‘ylab turadi.
O‘quvchilarda badiiy matn, insho yozish malakasini shakllantirish uchun esa ularga kichik-kichik matn tuzdirish tavsiya qilinadi. Mustaqil fikrlashi, bir-biriga taqlid qilmasligi uchun bolalarga individual matnlar berish lozim. Qolip (klishe) bo‘lib qolgan mavzularni bermaslik kerak. Shundagina bola mustaqil va erkin fikrlashni, eng asosiysi, fikrlarini qog‘ozga yozma bayon qilish malakasini shakllantira oladi.
Durdona HAKIMOVA