Assalom ona yurt, tonglar o‘lkasi!
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” shiori ostida “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha tavsiya
Mamlakatimizdagi barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ushbu tadbir yuqori saviyada o‘tkazilishi uchun quyidagilarga rioya qilish tavsiya etiladi:
umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini joriy yilning 2-sentabr kuni soat ertalabki 8:00 da “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” shiori ostida tashkil etish;
maktab maydoni mustaqillik bayrami kayfiyatida bayramona “Birinchi qo‘ng‘iroq” va Mustaqillikning yigirma sakkiz yilligiga bag‘ishlangan “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” shiori bilan bezatiladi (maktab imkoniyatidan kelib chiqqan holda sahna qo‘shimcha bezaklar bilan ham bezatilishi mumkin);
“Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini maktab hovlisi, bog‘ida yoki soya-salqin ochiq maydonlarda o‘tkazish hamda maktab hududiga texnika vositalari va begona shaxslarning kiritilmasligini ta’minlash;
tadbirga o‘quvchilar maktab ustavi bilan tasdiqlangan maktab formasida kelishini ta’minlash;
tadbirlar o‘tkaziladigan joylarni talab darajasida jihozlash, gigiyena va tozalik talablariga muvofiq sharoitlar yaratish, yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilgan holda o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash;
umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida tadbirlarning tartibli o‘tishini ta’minlash maqsadida joylardagi o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, ota-onalar va huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari bilan hamkorlik qilish;
maktab rahbariyati tomonidan tadbir ishtirokchilarini mustaqilligimizning yigirma sakkiz yillik bayrami hamda “Birinchi qo‘ng‘iroq” bilan tabriklash jarayonida yurtimizda so‘nggi yillarda erishilgan yutuqlar, amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, ta’lim tizimidagi islohotlar to‘g‘risida aniq raqamlar va dalillar keltirilgan holda ma’lumot berish;
tadbirga faxriy o‘qituvchilar, ota-onalar, kasaba uyushmasi, mahalla va hamkor tashkilotlarni taklif etish;
“Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbiri boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining jismoniy imkoniyatlarini inobatga olgan holda 30 daqiqadan oshmasligini ta’minlash;
tadbirni tashkil etishda maktabning Kuzatuv kengashi a’zolari faol ishtirokini ta’minlash maqsadga muvofiq.
“Jonajon O‘zbekistonim,
mangu bo‘l omon!”
(Umumta’lim maktablari uchun “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirining
namunaviy senariysi)
“Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbiri ta’lim muassasasining rahbari boshchiligida, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, o‘qituvchi-murabbiylar, Yoshlar ittifoqi yetakchilari tomonidan rejalashtiriladi va namunaviy senariy asosida maktab senariysi ishlab chiqilib tasdiqlanadi. Tadbir barcha umumta’lim maktablarida ertalab soat 8:00 da boshlanib, soat 8:30 da yakunlanishi maqsadga muvofiq. Maktabning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda mazkur tadbirda barcha sinf o‘quvchilari ishtirok etishlari mumkin.
Tadbir ishtirokchilari (2 nafar boshlovchi va ishtirokchi o‘quvchilar) Vatanni madh etuvchi qo‘shiq yoki musiqa sadolari ostida sahnaga tashrif buyurishadi.
1-boshlovchi:
— Assalomu alaykum mehri daryo ustozlar va qadrli mehmonlar!
2-boshlovchi:
— Assalomu alaykum, aziz o‘quvchilar. Sizlarni mustaqilligimizning 28 yilligi hamda yangi o‘quv yilining boshlanishi darakchisi bo‘lgan “Birinchi qo‘ng‘iroq” bilan chin dildan tabriklaymiz.
1-boshlovchi:
Assalom ona yurt, tonglar o‘lkasi,
Ta’rif, tavsifingning yo‘q nihoyasi.
2-boshlovchi:
Senga bag‘ishlanur muqaddas qo‘shiq,
Bu o‘zbek elining o‘z madhiyasi.
(So‘ng O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangraydi.)
1-boshlovchi:
— Azizlar, tadbirni ochib berish uchun so‘zni maktabimiz direktori___________ga beramiz. Marhamat.
2-boshlovchi:
Istiqlol bunchalar go‘zal bu noming,
Non kabi e’zozli jondek shirin bol.
Yer shari yo‘lladi otashin salom,
Assalom o‘zbegim, qutlug‘ istiqlol!
2-boshlovchi:
Assalom maktabim, muqaddas dargoh,
Assalom ustozlar, kasb-kori saboq.
Assalom do‘stlarim, menga qo‘sh qanot,
Sinfdosh, hayotga ishonch bilan boq.
1-boshlovchi: — To‘g‘ri ta’rifladingiz, ustozlar bizga saboq beradigan mehri daryodek jo‘shqin aziz va mo‘tabar insonlardir.
2-boshlovchi :
Ulug‘ donish ajdodlarim beshigisan,
Taraqqiyot kalitining eshigisan.
San’atkorning dildan aytgan
qo‘shig‘isan,
G‘olib farzandlarning
yutug‘isan, Vatanim.
(O‘quvchilar ijrosida qo‘shiq va raqs ijro etiladi)
1-boshlovchi: — Yurtimiz 1991-yil 31-avgustda o‘zining mustaqilligini e’lon qildi va 1-sentabr “Mustaqillik kuni” deb e’tirof etildi.
2-boshlovchi:
— Vatanimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng biz o‘zligimizni, qadriyatlarimizni, ma’naviyatimizni teran anglay boshladik. O‘zbek shonu shavkati, g‘ururi dunyoga tanildi. (Sahnada 6 nafar o‘quvchi Vatan haqida she’r o‘qiydi)
1-o‘quvchi:
Bu dunyoda jannatmonand
yerlar bisyor,
Bu dunyoda oqu qaro ellar bisyor,
Ammo yo‘qdir bu dunyoda sendek diyor,
Jonim ichra jonimdursan, O‘zbekiston.
2-o‘quvchi:
Tuprog‘ingda ajdodlarim izi qolgan,
Bobolarim terlarining tuzi qolgan,
Har gardida momolarim ko‘zi qolgan,
Jonim ichra jonimdursan, O‘zbekiston.
3-o‘quvchi:
O‘zbek elim, nuridiydam, qarog‘imsan,
O‘zbek elim, osmonim-u tuprog‘imsan,
Ham quvonchim, ham
baxtim-u firog‘imsan,
Jonim ichra jonimdursan, O‘zbekiston.
4-o‘quvchi:
Beshigingda allalading dunyolarni,
Dunyo ochgan necha-necha daholarni,
Bolam deding yuraklari adolarni,
Jonim ichra jonimdursan, O‘zbekiston.
5-o‘quvchi:
Sohibqiron qo‘llarida qalqon bo‘lding,
Ulug‘bekning nigohida osmon bo‘lding,
Mirzo Bobur yuragida armon bo‘lding,
Jonim ichra jonimdursan, O‘zbekiston.
6-o‘quvchi:
Qo‘li qadoq dehqon elim, sulton elim,
Ko‘ksi yurtga doim balogardon elim,
O‘z yurtiga sohibqiron, xoqon elim,
Jonim ichra jonimdursan, O‘zbekiston.
Yangi o‘quv yilida maktabga dastlabki qadamini qo‘yayotgan 1-sinf o‘quvchilarini tabriklash uchun mahalla qo‘mitasi, ota-onalar va huquqni muhofaza qilish idoralari vakillariga so‘z beriladi.
1-boshlovchi:
— Mana, tadbirimiz ham o‘z nihoyasiga yetib bormoqda. Barchangizni maktab qo‘ng‘irog‘i sadolari ostida 2019-2020-o‘quv yilining birinchi darsiga chorlab qolamiz. Aziz o‘quvchilar, yangi o‘quv yilida a’lo baholarga o‘qib, Vatanimizning yanada rivojlanishi uchun o‘z hissasini qo‘shadigan dono farzandlar bo‘lib yetishishingizni tilab qolamiz.
2-boshlovchi:
Sen o‘zingsan, eng so‘nggi nonin
O‘zi yemay o‘g‘liga tutgan.
Sen o‘zingsan farzandlar shonin
Asrlardan opichlab o‘tgan.
Ona xalqim jon tanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
(Shundan so‘ng birinchi qo‘ng‘iroq chalinadi. Qo‘ng‘iroq chalinib bo‘lgandan so‘ng S.Nazarxonning “Ulug‘imsan, Vatanim” qo‘shig‘i ostida o‘quvchilar o‘z sinfxonalariga kuzatiladi).
(Senariyga ijodiy yondashgan holda o‘zgartirishlar kiritish mumkin).
Respublika ta’lim markazi