Bugungi kun tarixi. 2-oktabr
1866-yil — rus qo‘shinlari Buxoro amirligi chegaralariga bostirib kirdi va O‘ratepa shahrini ishg‘ol qildi.
1913-yil — qurilish sohasidagi olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Abbos Ashrabov tavallud topdi. U zilzilabardosh binolar yaratishga asos solgan olimlardan biri.
1924-yil — Butun Xorazm xalq vakillarining beshinchi qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘rta Osiyoning milliy-hududiy chegaralanishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
1949-yil — bokschi, xizmat ko‘rsatgan sportchi, 1974-yilda 75 kg vazn toifasida jahon chempioni bo‘lgan Rufat Risqiyev tavallud topdi. U 1999-yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
1990-yil — huquqshunos olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Otaboy Eshonov (tavalludi — 1916-yil) vafot etdi.
1995-yil — O‘zbekiston Respublikasi bilan Ozarboyjon Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi.
1996-yil — O‘zbekiston Respublikasi Islom konferensiyasi tashkilotiga a’zo bo‘ldi.
1996-yil — Shavkat Rahmon taxallusi bilan ijod qilgan shoir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Shavkat Rahmonov (tavalludi — 1950-yil) vafot etdi.
2000-yil — rangtasvir ustasi, O‘zbekiston xalq rassomi Lutfulla Abdullayev (tavalludi — 1912-yil) vafot etdi. U 1995-yilda Abdulla Qodiriy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati bo‘lgan, 1999-yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
Alisher EGAMBERDIYEV, O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi