Konstitutsiyamiz — huquq va erkinligimiz kafolati
Ta’lim muassasalarida 8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunni nishonlash yuzasidan tavsiya
Yoshlarning huquqiy bilimini boyitish, siyosiy salohiyatini yuksaltirish demokratik jamiyat barpo etishning muhim shartidir. Yuksak huquqiy madaniyat inson barkamol¬ligining eng muhim jihati sanaladi. Huquqiy madaniyatni shakllantirishda ta’lim muassasa¬larida tashkil etiladigan mashg‘ulotlar, ochiq dars va tadbirlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganishni tashkil etish maqsadida umumta’lim maktablarida har yili an’anaviy ravishda huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar oyligi o‘tkaziladi. Joriy yil ham noyabr-dekabr oylarida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi — mamlakat taraqqiyoti va jamiyat farovonligining huquqiy kafolati” shiori ostidagi huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar oyligi o‘tkaziladi. Umumta’lim maktablarida tashkil etiladigan mazkur oylikda pedagoglar o‘quvchilarga davlatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng o‘tgan yigirma besh yil davomida barcha sohada amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, ta’lim-tarbiya tizimidagi islohotlar, xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida barcha ta’lim muassasalarida yoshlarga huquqiy ta’lim berilayotgani haqida atroflicha tushuncha berib, Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyati va unga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida zarur ma’lumotlar beradi.
Umumta’lim muassasalarida tashkil etiladigan bayram tadbirlari mazmunini belgilashda o‘quvchilarning yosh xususiyatlarini e’tiborga olish maqsadga muvofiq. Asosiy Qomusimiz qabul qilingan kun munosabati bilan bayram tantanasini tashkil etishda, avvalo, tadbir senariysini tuzish va shakllantirishga e’tibor qaratiladi. “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi — mamlakat taraqqiyoti va jamiyat farovonligining huquqiy kafolati” shiori ostidagi huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar oyligini o‘tkazishda quyidagilarga e’tibor qaratish tavsiya etiladi.
Tashkiliy masalalar:
— O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyatini aks ettiruvchi tasviriy vositalar bilan barcha ta’lim muassasalarini bezatish;
— tadbirlarda jamoat tartibi va xavfsizlikni ta’minlash choralarini ko‘rish;
— ta’lim muassasalari va o‘quvchi-talabalar turarjoylari hamda ularning atroflarini obodonlashtirish ishlarini tashkil etish;
— “Konstitutsiya — mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va bunyodkorlik ishlarining muhim poydevori” shiori ostida viloyat, tuman markazlarida mustaqillik davrida barpo etilgan inshootlarga o‘quvchilarning sayohatlarini tashkil etish va ommaviy axborot vositalarida ularning taassurotlari haqida maqolalar berib borish;
— Konstitutsiya kuniga bag‘ishlab o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazish.
Ma’naviy-ma’rifiy va targ‘ibot-tashviqot ishlari:
— ta’lim muassasalarida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi — mamlakat taraqqiyoti va jamiyat farovonligining huquqiy kafolati” shiori ostida huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar oyligini o‘tkazish;
— doimiy faoliyat yurituvchi hududiy targ‘ibot guruhi a’zolari tomonidan reja asosida ta’lim muassasalari va mahallalarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish;
— ta’lim muassasalarida o‘quvchilar o‘rtasida “O‘zbekiston kelajagi barkamol avlod qo‘lida”, “Inson huquqlari – eng oliy qadriyat”, “Konstitutsiya – taraqqiyotimiz poydevori”, “Konstitutsiya — mening huquq va burchlarim”, “Konstitutsiya va huquqiy madaniyat”, “Konstitutsiya — ravnaqimiz qomusi” mavzularida insholar tanlovini o‘tkazish;
— ta’lim muassasalarida “Konstitutsiyani o‘rganamiz”, “Konstitutsiya — mening taqdirimda” mavzularida tegishli dars jarayonlarida, “Ertalabki saflanish” va “Tarbiyaviy soat”larda, “Ma’naviyat soati”da huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari, huquqshunos olimlar ishtirokida uchrashuvlar, ochiq muloqotlar va davra suhbatlari tashkil qilish;
— umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori” respublika ko‘rik-tanlovini o‘tkazish;
— “Barkamol avlod” bolalar markazlarida “Konstitutsiya – o‘quvchilar nigohida” mavzusida ijodiy ishlar tanlovi va ko‘rgazmasini tashkil etish;
— bolalar musiqa va san’at maktablarida tashkil etilgan ansambllar ishtirokida hududdagi mahalla aholisi uchun mustaqillik yillarida yurtimizda erishilgan yutuqlarni, vatanparvarlikni va baxtli bolalikni tarannum etuvchi konsert dasturlarini tashkil etish;
— Konstitutsiya qabul qilingan kunga bag‘ishlab tizimda o‘tkazilayotgan tadbirlarning ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritib borilishini ta’minlash.
Mazkur tavsiya va dasturdan ta’lim muassasalari xodimlari ijodiy yondashgan holda foydalanishlari tavsiya etiladi.
Respublika ta’lim markazi