Kimlar Prezident maktablariga hujjat topshira olishi mumkin?
Prezident maktablariga hujjatlar 2019-yilning 1-iyunidan 22-iyunigacha topshiriladi. Joriy yilda Namangan, Nukus, Xiva va Toshkentdagi Prezident maktablariga o‘quvchilar 5-10-sinflariga, kelgusi yillardan boshlab esa 5-sinfga qabul qilinadi.
Nomzodlar tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, 2018-2019-o‘quv yilidagi tabelining asl nusxasi va nusxasi hamda ta’lim olayotgan maktabidan belgilangan shakldagi ma’lumotnomani taqdim etishi kerak.
Arizachilar ichidan eng maqbulini saralash va arizachilar sonini maqbullashtirish maqsadida hujjat topshirish uchun STEM yo‘nalishi bo‘yicha fanlardan a’lo baho olish talabi joriy e’tiladi. Ya’ni, 4-sinf bitiruvchilari matematika va tabiatshunoslik kabi fanlardan baholari 5 «a’lo» bo‘lishi kerak. Shuningdek, 5-sinf bitiruvchilari matematika faniga qo‘shimcha tarzda biologiya hamda informatika va axborot texnologiyalari, shu bilan birga 6-sinf bitiruvchilari ham matematika faniga qo‘shimcha biologiya, informatika va axborot texnologiyalari, fizika fanlaridan baholari a’lo bo‘lishi talab etiladi.
7-9-sinflarni bitirgan o‘quvchilar algebra, geometriya, informatika va axborot texnologiyalari, fizika, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha baholari 5 «a’lo» bo‘lsagina hujjat topshirishi mumkin.
Hujjatlarni topshirish faqat ariza beruvchining tahsil olayotgan hududi bo‘yicha amalga oshiriladi. Arizachi o‘qiyotgan maktabning hududiy joylashuvi Prezident maktabi ochilayotgan hududga mos kelishi kerak. Boshqa viloyatlar maktablarida tahsil olayotgan o‘quvchilar 2020-2021-yillarda respublikamizning boshqa viloyatlarida tashkil etiladigan Prezident maktablariga hujjat topshirishi mumkin.