Adabiyot
Adabiyot millatning qon tomiridir. Bu fan bevosita qalb tarbiyasiga, yosh avlodga ma’naviyat va ma’rifat ulashishga xizmat qiladi. Adabiyot fani bo‘yicha sho‘ba yig‘ilishlarida muhokamaga qo‘yiladigan masalalar “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturining mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda belgilanib, ta’sirchanligi, samarasi, natijaviyligi jihatidan o‘qituvchilarni yangi o‘quv yili oldidan boy va puxta bilim, ma’lumot hamda tavsiyalar bilan qurollantirishi zarur.
Mustaqillik yillarida ta’lim sohasida amalga oshirilgan islohotlar, ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan adabiyotga berilayotgan e’tibor, kitob mutolaasi, oilaviy kitobxonlikni rivojlantirish, mustaqillik yillarida chop etilgan yangi adabiy-badiiy nashrlar, adabiyot ta’limining modernizatsiyalangani, o‘quv dasturlarining optimallashtirilgani, darsliklar mazmuni yildan-yilga yaxshilanib, kamchiliklar bartaraf etilayotgani va bu islohotlarning ta’lim jarayoniga ijobiy ta’siri haqidagi tajribalar umumlashtirilishi lozim.
2015-yilda qayta nashr etilib, yangi o‘quv yilidan pedagogik amaliyotga joriy etiladigan 5-sinf “Adabiyot” (S.Ahmedov, B.Qosimov, R.Qo‘chqorov, Sh.Rizayev) darsligi ekspertlar nazoratidan o‘tkazilib, kamchiliklari bartaraf etildi, takomillashtirildi, qayta ishlandi va chop etildi. Sho‘ba yig‘ilishlarida mazkur o‘zgarishlar amaliyotchilarga yetkazilishi va muhokama uyushtirilishi maqsadga muvofiqdir.
Mazkur darslik bilan ishlashda o‘qituvchilar o‘quv dasturi talablarini teran anglashlari, mavzular mazmun-mohiyatiga ko‘ra mashg‘ulotlarni rejalashtirish, o‘rganishga berilgan asarlar yuzasidan o‘quvchini mustaqil mutolaaga qiziqtirish, matn ustida ishlashga o‘rgatish, multimediya, elektron darslik va ilg‘or pedagogik texnologiyalardan o‘rinli foydalanish mahoratiga ega bo‘lish talab etiladi.
Oliy ta’lim muassasalari, hududiy xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutlari mutaxassislarining ilmiy salohiyatidan foydalanib, ularni safarbar qilgan holda umumiy o‘rta va oliy ta’lim muassasasalari faoliyatida amaliy integratsiyani ta’minlash lozim.
O‘quv, ilmiy-metodik, ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlarida samarali natijalarga erishayotgan, kasbiy mahorati yuqori bo‘lgan o‘qituvchilarning ish tajribalarini o‘rganish, umumlashtirish va ommalashtirish hamda ta’lim jarayoniga tatbiq etish maqsadida tashkil etilgan “Mahorat maktablari”da o‘quv yili davomida amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish foydadan xoli bo‘lmaydi.
Adabiyot fanidan 5–9-sinflar uchun yaratilgan elektron darsliklar, o‘quv filmlari, videodarslar, multimedia materiallaridan darsning kirish, yangi mavzu bayoni va mustahkamlash bosqichlarida foydalanish o‘quvchi tasavvurini boyitadi, o‘rganganlari xotirasida uzoq vaqt saqlanadi, mulohaza yuritishga yo‘naltiradi. O‘rganganlarini tekshirish, xato qilgan bo‘lsa, uni to‘g‘rilab olish imkonini beradi. Yig‘ilishlarda bu boradagi ilg‘or tajribalarni o‘rtoqlashish har bir amaliyotchi o‘qituvchi faoliyatida katta ahamiyatga ega bo‘ladi.
O‘quvchilarning dars mashg‘ulotlarida o‘rgangan bilimlarini mustahkamlash, ma’naviyatini yuksaltirish, mutolaaga qiziqtirishda to‘garak mashg‘ulotlarining o‘rni katta. Sinfdan tashqari tashkil etiladigan “Notiqlik san’ati”, “Ifodali o‘qish”, “Yosh adabiyotchi”, “Drama” kabi to‘garak mashg‘ulotlarining muntazam o‘tkazilishi o‘quvchilarning fanga qiziqishini o‘stirish bilan birga ifodali o‘qish, mustaqil ijod qilish, tushunarli va jozibali so‘zlash mahoratini ham oshiradi. Sho‘ba yig‘ilishlarida to‘garak mashg‘ulotlarini samarali tashkil etish yuzasidan tajriba almashish tavsiya etiladi.
Shuningdek, yig‘ilishlarda yakuniy davlat attestatsiyasi va bosqichli nazorat imtihonlari, fan olimpiadasi, bilimlar bellashuvining natijalari tahlil etilib, yakuniy bosqich g‘oliblarining yutuqlari, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar o‘rganilib, tegishli xulosalar chiqarish va kelgusi rejalarni belgilash lozim.
Sho‘ba yig‘ilishlarida muhokama qilish va tajriba almashish uchun quyidagi mavzular tavsiya etiladi:
1. “Mustaqillik darslari”ni qiziqarli tashkil etishda o‘qituvchining mahorati.
2. Adabiyot fanini o‘qitishga oid ilg‘or tajribalar va kelgusidagi vazifalar.
3. Adabiyot darslarida videodars va multimedialardan foydalanish.
4. Bilimlar bellashuvi: muammo va yechimlar.
5. Darslarda axborot va ta’lim texnologiyalaridan unumli foydalanish — samaradorlik omili.
6. Internet tarmog‘i va elektron darsliklar bilan ishlash tajribasidan.
7. Oilaviy kitobxonlik — barkamol shaxsni tarbiyalash vositasi.
8. “Mahorat maktablari” — adabiyot darslari samaradorligini yuksaltirish omili.
9. Fan oyliklarini noan’anaviy usullarda tashkil etish.
10. O‘qituvchining chuqur bilimi, kasbiy mahorati dars sifat va samaradorligi garovidir.
Berilgan mavzular yuzasidan bahs-munozaralar, mavzu himoyasi hamda davra suhbatlari tashkil etilishi mumkin.
Sho‘ba yig‘ilishlari amaliyotchi va metodistlarga asosiy metodik yordam va yo‘llanma berishini hisobga olib, yig‘ilishlar noan’anaviy usullarda, qiziqarli, o‘qituvchi va metodistlarni har jihatdan puxta qurollantiradigan tarzda o‘tkazilishi maqsadga muvofiqdir.
Respublika ta’lim markazi