O‘zbek tili
O‘quvchilarning yozma savodxonligini oshirish, ularga o‘zbek tili imlo qoidalarini mukammal o‘rgatish va to‘g‘ri yozishga odatlantirish bugungi kunning asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Shu bois mamlakatimizda o‘zbek tilini chuqur o‘rgatishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Joriy yilning aprel oyida Navoiy viloyatida o‘zbek tili ta’limini takomillashtirishning dolzarb masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan doimiy til anjumanining XIII yig‘ini ham “Ta’lim jarayonida yozma savodxonlikni oshirishning asosiy omillari” mavzusiga bag‘ishlandi. Anjumanda o‘quvchilarning og‘zaki va yozma savodxonligini oshirish usullaridan unumli foydalanish borasida fikr yuritilib, qator tavsiyalar ishlab chiqildi. Mazkur tavsiyalar kelgusida o‘quvchilarning yozma savodxonligini oshirish, o‘zbek tilining mukammal o‘qitilishiga oid vazifalarni qamrab olgani bilan ahamiyatli.
An’anaviy avgust kengashlarining sho‘ba yig‘ilishlarida fan o‘qituvchisi ta’lim jarayonida quyidagilarga e’tibor qaratishi zarurligini tushuntirish lozim:
— o‘quvchilar uchun imlosi qiyin bo‘lgan so‘zlardan iborat “Maktab lug‘ati” to‘plamini yaratish;
— tutuq belgisining imlo savodxonligini ta’minlashdagi o‘rnini hisobga olgan holda darsliklarda ushbu mavzuga oid mashq va topshiriqlarni ko‘proq berish;
— dars jarayonida yozma savodxonlikni oshirish uchun xatolar ustida hamda lug‘atlar bilan ishlash tajribasini tizimli yo‘lga qo‘yish;
— har bir o‘qituvchi haftada bir kunni o‘z kasbiy mahoratini oshirishga ajratib, shu asnoda fanga oid yangiliklar bilan muntazam tanishib borishi, o‘qitish metodlariga oid adabiyotlar va ilg‘or tajribalarni o‘rganishi, o‘quvchilar bilimini tahlil qilish va aniqlangan bo‘shliqlarni to‘ldirish choralarini rejalashtirish;
— nafaqat boshlang‘ich ta’lim, balki yuqori sinflarda ham yozuv va husnixatga e’tiborni kuchaytirish orqali o‘quvchilarda chiroyli yozish ko‘nikmasini rivojlantirish;
— husnixat va yozma savodxonlik bo‘yicha o‘quvchilar o‘rtasida tanlovlar tashkil etish.
Bunday sa’y-harakatlar yurtimizda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni ijrosini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytirib, jamiyatning savodxonlik darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joiz, keyingi yillarda o‘quvchilarning og‘zaki nutqini o‘stirishga asosiy e’tibor qaratilgani holda yozma savodxonligini rivojlantirishga katta ahamiyat berilmayapti. Shunday ekan, fan o‘qituvchilari darslarda ilg‘or pedagogik texnologiyalar va tajribalarni keng qo‘llash bilan cheklanmay, o‘quvchilarning yozma savodxonligini o‘stirishga xizmat qiluvchi metod va usullardan ham samarali foydalanishi talab etiladi. Shuningdek, tilshunoslik va til o‘qitish metodikasining didaktik tamoyillari asosida onglilik, ilmiylik, tushunarlilik, ko‘rgazmalilik kabi omillardan foydalanib, o‘quvchilarda yurtimiz tarixi, milliy madaniyati, turmush tarzi, muomala madaniyati, mentalitetimizga mos odob-axloq qoidalari bilan tanishtirib borish kerak bo‘ladi.
Joriy yil 4—5-sinflarga mo‘ljallangan “O‘zbek tili” darsliklari qayta ishlanib, takomillashtirildi. Yangi o‘quv yilidan boshlab ushbu darsliklar o‘quvchilarning ta’lim jarayonidagi yaqin hamrohiga aylanadi. 4-sinf “O‘zbek tili” (A.Rafiyev, G.Muhammadjonova) darsligining qayta nashrida mashq va topshiriqlarning shartlari soddalashtirilib, lug‘atlardagi takrorlar bartaraf etildi. Shuningdek, suhbat namunalari mazmunan boyitildi hamda darslik illustratsiyalarining ayrimlari yangilandi.
5-sinf “O‘zbek tili” (A.Rafiyev, G.Muhammadjonova, N.Aloviddinova) darsligi ham takomillashdi. Ekspertlarning xulosalaridan kelib chiqib, darslikning qayta nashriga qator o‘zgarishlar kiritildi. Jumladan, nutqiy mavzular bo‘yicha berilgan matnlar soddalashtirilib, ba’zi matnlar yangilandi. Masalan, “Donishmand ustoz”, “O‘zbek tili — davlat tili”, “Yilboboning tuhfasi”, “Abdulla Avloniy”, “Alisher Navoiy”, “Shahar bo‘ylab sayohat” matnlari qisqartirilib, mazmunan soddalashtirildi. “Chin do‘st”, “Uch buyuk tabib”, “Forobiy”, “Beruniyning orzusi” matnlari o‘rniga yangi matnlar kiritildi. “Bilib oling” ruknida berilgan grammatik bilimlar ham soddalashtirilib, ularga aniqliklar kiritildi. Darslikdagi mashq hamda vazifalar, mavzu yuzasidan savol va topshiriqlar hajmi qisqartirildi, shartlari soddalashtirildi. “Mashhur kishilar” nutqiy mavzusi bo‘yicha materiallar ham qayta ishlanib, takomillashtirildi. Abdulla Qodiriy, Forobiy haqidagi materiallar o‘quvchilar uchun biroz murakkabligi inobatga olinib, o‘quvchining yoshiga mos holda matn o‘rniga Zahiriddin Muhammad Boburning rasmi, u haqdagi ma’lumotlar joylashtirildi. “Transportda” nutqiy mavzusidagi –ma, -may qo‘shimchali bo‘lishsiz fe’llarning ishlatilishi grammatik mavzusi o‘rniga “ bilan, uchun ko‘makchilarining ishlatilishi” bo‘yicha materiallar ham darslikdan joy oldi. Notanish so‘zlarning tarjimasidagi kamchiliklar, darslikdagi imloviy, uslubiy va texnik kamchiliklar bartaraf etildi.
Dars jarayonida o‘qituvchilar darslik materiallari bilan chegaralanib qolmasdan, qo‘shimcha manbalardan foydalanishi tavsiya etiladi. Masalan, o‘quvchilarni qiziqtira oladigan ertaklar, hikoyalar so‘zlab berish, o‘zlari yoqtirgan asar qahramonlariga munosabat bildirish, notanish so‘zlarning tarjimasida darslikda berilgan lug‘atlar bilangina kifoyalanmasdan, o‘quvchilarda ikki tilli, izohli lug‘atlardan mustaqil foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish, internet materiallari va videodarslardan foydalanish tavsiya etiladi. Ushbu maqsadlarni amalga oshirishda pedagog quyidagilarga e’tibor qaratishi zarur:
— mavzulararo izchillik va uzviylik tamoyiliga to‘liq rioya qilish, ya’ni nutqiy mavzular mazmunidan kelib chiqib, grammatik mavzular hamda adabiy o‘qish materiallarini muayyan izchillikda tushuntirish;
— mashq va topshiriqlarni mukammal bajarish uchun tavsiya etilgan materiallarni osondan qiyinga, oddiydan murakkabga tomon tadrijiy o‘stirib borish orqali o‘zbek tilini puxta o‘qitish;
— ijodiy va vaziyatli topshiriqlar bilan ishlash orqali o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga o‘rgatish;
— dars jarayonida o‘quvchi bilan yakka tartibda shug‘ullanish orqali mustaqil, ijodiy, guruhlar bilan hamkorlikda ishlashga o‘rgatish, unda o‘z fikrini erkin bayon qilish va qiziqtirganlarini so‘rab bilib olish ko‘nikmasini shakllantirish;
— “Keksalar hurmatda, yoshlar izzatda” mavzusida ochiq darslar tashkil qilish;
— o‘quvchilarning monologik va dialogik nutqini o‘stirish uchun ko‘rgazmali materiallar(mavzuga oid rasmlar, slaydlar, diafilmlar)dan foydalanishga alohida e’tibor qaratish lozim.
Avgust kengashlari sho‘ba yig‘ilishlarida o‘zbek tili darslariga “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi vazifalarni singdirish orqali o‘quvchilarda milliy qadriyatlarimiz, keksalarni e’zozlashdek insoniy fazilatlarni tarbiyalashga e’tibor qaratish, bu borada dars mazmunini boyituvchi turli omillar, jumladan, OAV materiallari, AKTdan o‘rinli foydalanish talab etiladi. Fan olimpiadalari, bilimlar bellashuvi natijalari tahlilini o‘tkazish hamda 2–9-sinf “O‘zbek tili” darsliklari bilan samarali ishlash o‘qituvchini muvaffaqiyatga yetaklaydi.
Avgust kengashlarining sho‘ba yig‘ilishlarida quyidagi namunaviy mavzular bo‘yicha seminar-trening tashkil etish, o‘qitishning samarali usullarini qo‘llash bo‘yicha fikr almashish va kelgusidagi rejalarni belgilab olish tavsiya etiladi:
— o‘zbek tilini o‘rganishda lug‘atlarning o‘rni;
— o‘quvchilar bilimidagi bo‘shliqlarni aniqlash va ularni bartaraf etish yo‘llari;
— matn ustida ishlash — nutq o‘stirishning asosi;
— og‘zaki va yozma nutq malakalarini uzviy rivojlantirish yo‘llari;
— OAVdan foydalanish orqali o‘quvchilarni o‘zbek tiliga qiziqtirish masalalari;
— o‘zbek tili darslarini tashkil etishda mediata’limning o‘rni;
— pedagogik texnologiyalarning ilg‘or usullari va axborot texnologiyalarini qo‘llash orqali o‘quvchilarni mustaqil ishlashga yo‘naltirish;
— darsda matn bilan ishlash orqali o‘quvchilarni mutolaaga, xususan, o‘zbek adabiyoti namunalarini o‘qishga qiziqtirish va hokazo.
Respublika ta’lim markazi