Tasviriy san’at
Farzandlarimizni nozik did sohiblari etib tarbiyalashda tasviriy san’at fanining ahamiyati katta bo‘lib, xalq hunarmandchiligi, xususan, amaliy bezak san’ati, badiiy hunarmandchilik, me’morchilik va dizayn san’ati sirlaridan voqif etadi. Darslarning rang-barang, mazmunli va qiziqarli tashkil etilishi o‘g‘il-qizlarimizning badiiy tafakkurini ham o‘stiradi.
Shuningdek, o‘quvchilarda:
— san’at asarlarining ijtimoiy mohiyati va ahamiyatini anglash, idrok etish va baholash, ularga estetik munosabat bildirish ko‘nikmasini rivojlantirish;
— atrof-muhit, borliqdagi va san’at asarlaridagi estetik holatlarni anglashga oid bilim va malakalarini shakllantirish;
— tasviriy san’atning turlari (rangtasvir, grafika va haykaltaroshlik), janrlari (portret, natyurmort, manzara), qonuniyatlari (kompanovka, kompozitsiya, ritm, faktura, yorug‘ va soya kabilar), ifodaviy vositalari (rang surtmasi, chiziq, faktura) bilan tanishtirish orqali ularning tasvirlash, ijodkorlik qobiliyatini rivojlantirish;
— tasviriy san’atning nazariy va amaliy asoslari haqidagi bilimini boyitish asnosida barkamol avlodni tarbiyalashning muhim komponentlari — o‘g‘il-qizlarda estetik did, estetik ong, badiiy tafakkur va tasviriy savodxonlikni shakllantirish va rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shu bois tasviriy san’at darsliklari mustaqillik yillarida yaratilgan tarixiy, badiiy va milliy ruhdagi asarlar bilan boyitib borilmoqda. Jumladan, bu yil 1-sinf “Tasviriy san’at” (R.Hasanov) darsligiga O‘zbekiston xalq rassomlari R.Xudoyberganovning “Sijjakda kuz”, G‘.Abdurahmonovning “Kuz” manzara asari, haykaltarosh I.Jabborovning “Baxtiyor ona” asari yangidan kiritildi.
4-sinf “Tasviriy san’at” (A.Sulaymonov va boshqalar) darsligi yangidan yaratildi. Kitobda mavzular ketma-ketligi tabiatdagi o‘zgarishlar, milliy bayramlarimiz va yil taqvimiga mos tarzda tuzilgan. Darslikdagi tasviriy san’at namunalari o‘quvchining psixofiziologik xususiyatlarini inobatga olgan holda tanlangani bilan ahamiyatli. Darslik bilan birgalikda o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanma ham taqdim etilgan. Ushbu qo‘llanma darslarni yanada mazmunli, sifatli tashkil etish imkoniyatini kengaytiradi.
5-sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan “Tasviriy san’at” (T.Qo‘ziyev, S.Abdirasilov, O‘.Nurtoyev) kitobidagi ayrim mavzularga o‘zgartirishlar kiritildi. Tasviriy san’atga oid rasmlar zamonaviylari bilan almashtirildi.
Joriy yilda o‘qituvchilar va 8—9-sinf o‘quvchilariga mo‘ljallab “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining iqtidorli o‘quvchilari uchun chizmachilikda konstruktorlash masalalari” (I.Rahmonov) o‘quv qo‘llanmasi yaratildi. Qo‘llanma yoshlarning tasviriy san’atga oid bilimlarini boyitishga hamda mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ushbu fan mavzularini o‘tishda o‘qituvchilar qo‘shimcha manbalardan ham foydalanishi tavsiya etiladi. Bunda o‘quvchilarning mustaqil ishlashiga, ijodkorlik qobiliyatini namoyon etishiga imkoniyat yaratiladi. Buning uchun muallim mavzulararo izchillik va uzviylikka, janrlararo xilma-xillikka e’tibor qaratishi lozim bo‘ladi. Shuningdek, noan’anaviy, interfaol metodlardan foydalanish darslarning qiziqarliligini ta’minlab, o‘quvchilarning fanni o‘rganishga ishtiyoqini oshiradi. Shuni unutmaslik kerakki, o‘qituvchi tomonidan fanga oid har bir mavzuning qiziqarli usullar orqali ochib berilishi o‘quvchining estetik dunyoqarashini rivojlantirishga hissa qo‘shadi.
An’anaviy avgust kengashlari o‘qituvchilarimizning kelgusi o‘quv yili uchun bir yillik rejasini tuzib olishga, ta’lim sifatini oshirishning samarali usullaridan foydalanishga turtki bo‘ladigan jarayondir. Shunday ekan, mukammal reja tuzish orqali ushbu maqsadga erishiladi. Bu muallimlarimizning o‘quv yili oldidan tashkil etiladigan seminarlarda fan mavzularini batafsil muhokama qilib olishlarini taqozo etadi. Tasviriy san’at ta’limi bo‘yicha an’anaviy avgust kengashi sho‘ba yig‘ilishlarida muhokama qilish uchun quyidagi mavzular tavsiya etiladi:
1) Tasviriy san’at fanini o‘qitishda o‘quvchilarning nazariy, amaliy-tasviriy jihatdan puxta bilim olishiga erishish va bu jarayonda o‘qituvchining izlanuvchanligi masalasi;
2) Tasviriy san’at mashg‘ulotlarini tabiat qo‘ynida tashkil etishning afzalliklari;
3) Ommaviy axborot vositalarida chop etilgan badiiy ta’lim mazmuni va metodikasiga oid materiallardan tasviriy san’at darslarida foydalanish;
4) Tasviriy san’at darslarida o‘quvchilarning ijodkorlik faoliyatini rivojlantirish omillariga e’tibor qaratish;
5) Tasviriy san’at fanini o‘qitishda madaniy merosimizdan unumli foydalanish;
6) Ijodiy qobiliyatni rivojlantirishda darsdan tashqari yumushlarning uyg‘unligini ta’minlash;
7) Tasviriy san’at fanining mukammal o‘qitilishi uchun moddiy va metodik ta’minotini yaxshilashda ota-onalar bilan ishlashning ahamiyati;
8) Tasviriy san’atdagi oqim va yo‘nalishlarda ko‘rgazmalilik, illustratsiya va reproduksiyalarni tashkil etish;
9) Tasviriy san’at darslarida o‘quv texnik vositalar, elektron darslik va multimedialardan foydalanish amaliyoti va istiqbollari.