“Aziz va yagonamsan, jonajon О‘zbekistonim!”
Maktabning faollar zali bayramona bezatiladi. Sahnaga milliy matolarimizdan atlas, adras parchalari, turli rangdagi bayroqcha va pufakchalar ilinadi.
Tadbir ishtirokchilari “Qo‘lingda imkon, ey jajji inson” qo‘shig‘i sadosi ostida sahnaga kirib keladi. 6 yoki 8 nafar o‘quvchi qiz ohangga monand raqsga tushadi. Sahnaning bir tomonida yengil atletikachi, badiiy gimnastikachilar, bir yonida boks, kurash, futbol bilan shug‘ullanuvchi yoshlar o‘z chiqishini namoyish etadi. Maktabning chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi boshchiligida harbiy libos kiygan o‘quvchilar sahna oldidan shaxdam qadam tashlab o‘tadi va xuddi askarlardek sahna tevaragida saf tortadi. So‘ng 8 nafar (sahna maydoniga qarab o‘quvchilar soni ko‘payishi mumkin) boshlang‘ich sinf o‘quvchisi baxtli bolalikni ifodalovchi kuyga hamohang raqs tushadi. Qo‘shiq tugagach, boshlovchi sahna markaziga keladi.
Boshlovchi:
— Assalom, ona yurt, tonglar o‘lkasi,
Ta’rif-tavsifingning yo‘q nihoyasi.
Senga bag‘ishlanar muqaddas qo‘shiq,
Bu o‘zbek elining o‘z madhiyasi.
(Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangraydi. Kechani ochish uchun so‘z maktab direktoriga beriladi).
Ishtirokchi:
— Assalom, mustaqil O‘zbekistonim,
Assalom, qudratli, nurli bo‘stonim.
Mustaqillik kuning muborak bo‘lsin,
Iqboling quyoshdek charaqlab tursin.
Ishtirokchi:
— Assalom, mehribon ona maktabim.
Tabarruk ustozlar, Sizga ming ta’zim.
Quchog‘ingga qaytdik yana sog‘inib,
Bilimdon tengdoshlar, sizga assalom.
Ishtirokchi: — Assalomu alaykum, muhtaram mehmonlar, murabbiylikni sharaf deb bilgan aziz ustozlar.
Ishtirokchi: — O‘qituvchilik, ustozlik juda sharafli kasb, biz ta’lim-tarbiya olayotgan maktab esa qutlug‘ maskandir.
Ishtirokchi:
— Buyuk Sinolarni dunyoga eltgan,
Beruniy, Temurni sharaflab o‘tgan,
Navoiy, Boburga qalamlar tutgan,
Sensan yo‘lchi yulduz, aziz ustozim.
Ishtirokchi: — Istiqlol bergan imkoniyatlar tufayli yurtimizning iqtidorli yoshlari akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy o‘quv yurtlarida, qolaversa, chet elning nufuzli universitetlarida tahsil olmoqda. Bularning barchasi mustaqillik sharofatidir.
Ishtirokchi:
— Bugun bayram, tantana,
Jaranglar sho‘x sadolar.
Istiqlol yulduzlari,
Biz, ijodkor bolalar.
Ona yurt, Vatanni ulug‘lovchi qo‘shiq ijro etiladi. Raqsida maktabning iqtidorli qizlari ishtirok etadi.
Ishtirokchi: — 1991-yil 31-avgust kuni Oliy Kengashning navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning Davlat mustaqilligi e’lon qilindi va 1-sentabr Mustaqillik kuni etib belgilandi.
Ishtirokchi: — Bu mamlakatimiz tarixida muhim sana bo‘lib qoldi. Shu kuni ota-bobolarimizning asriy orzusi ro‘yobga chiqdi. Shu tariqa ona tilimiz va milliy qadriyatlarimiz tiklanib, o‘zbek davlatchiligining takomili uchun keng istiqbol yo‘li ochildi.
Ishtirokchi: — O‘tgan yillar mobaynida o‘z bayrog‘imiz, gerbimiz, madhiyamizga ega bo‘ldik. O‘zbekiston BMT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘ldi. Shahar va qishloqlarimizning qiyofasi tubdan o‘zgardi. Muhimi, odamlarimizning ma’naviy va maishiy hayotida yangilanish, yasharish davri boshlandi.
Ishtirokchi:
— Ul mustabid qadim zamon ortda qoldi,
Endi qaram, endi qaddi xam emasmiz.
G‘am o‘rnini ko‘ring, do‘stlar, shodlik oldi,
Ozod yurtda biz hech kimdan kam emasmiz.
Ishtirokchi: — Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov boshlab bergan ulug‘ yo‘lni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘zining shijoati, donoligi, yurtparvarligi bilan davom ettirmoqda.
Ishtirokchi: — Davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan islohotlar mazmuni “O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” Davlat dasturida aks etgan.
Ishtirokchi: — Ayniqsa, biz, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Buni Prezidentimizning 2018-yil 27-iyundagi farmoni bilan tasdiqlangan “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi yana bir karra isbotlaydi.
Ishtirokchi: — Yoshlar ittifoqining tashkil etilishi barcha yigit-qizlarni bir maqsad yo‘lida jipslashtirdi. Yurtimizda kitobxonlikka e’tibor kuchaytirildi.
Ishtirokchi: — Bu haqda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev shunday deydi: “Kitobsiz taraqqiyotga, yuksak ma’naviyatga erishib bo‘lmaydi. Kitob o‘qimagan odamning ham, millatning ham kelajagi yo‘q”!
Ishtirokchi:
— Alp o‘g‘lonlar o‘lkasi — bu ko‘hna Turon,
Qalqonlari, qanotlari, ilm istang.
Yarim jahon bunyod etgan Sohibqiron,
Alisherning avlodlari, ilm istang!
Ishtirokchi:
— Ko‘z ochganda kezib yetti bahri ummon,
Yetti tilda so‘zlashgan biz tili biyron.
Vatanida Tojmahallar tiklar sulton —
Boburlari, Behzodlari, ilm istang.
Ishtirokchi:
— Haq yo‘lida Siz ilmning ummatlari,
Xalq yo‘lining hidoyati, hikmatlari.
Madad bo‘lsin Yassaviyning hikmatlari,
Bobo Mashrab bayotlari, ilm istang.
Ishtirokchi:
— Alp o‘g‘lonlar o‘lkasidir O‘zbekiston,
Erkli elning qanotlari, ilm istang.
Yarim jahon bunyod etgan
Sohibqiron, Alisherning avlodlari, ilm istang. (Muhammad Yusuf)
Ishtirokchi: — Muruvvat-u ma’rifatdir buyuklikning nishonasi,
Qadam qo‘ying, mana sizga asl yo‘lning ostonasi.
Jahon ichra buyuk yurtni ulug‘ doston etaylik biz,
Zamon keldi Vatan bag‘rin go‘zal bo‘ston etaylik biz.
Ishtirokchi:
— Iymon nuri oqib turar bir gavhar bor qonimizda,
Ne-ne buyuk bobolarning bardoshi bor jonimizda.
Oldindadir hali zahmat, oldindadir imkonimiz,
Yetishgaymiz kelajakka, pokizadir vijdonimiz... (A.Oripov)
(O‘quvchi-qizlar raqs ijro etadi).
Ishtirokchi:
— Vatan. Vatan, der edilar, na der edim bilmay uni,
Endi bilsam, Vatan erkan bu tanlarning shirin joni.
Bir jon emas, ey suyguli, tomirlarning qoni Vatan,
Sensan, bale, bilganlara jonlarning jononi, Vatan!
Ishtirokchi: — Ha, haqiqatan ham, ona yurt — oltin beshik. Vatan esa ostonadan boshlanadi.
Ishtirokchi: — Vatan — kindik qonimiz to‘kilgan qadamjo.
Ishtirokchi: — Bizning Vatanimiz O‘zbekistondir. U quyoshli yurt bo‘lgani uchun havosi toza, iqlimi mo‘tadil. O‘zbekistonda tabiatning to‘rt fasli o‘ziga xos joziba kasb etadi: bahori so‘lim, yozi jazirama, kuzi iliq, qishi qahraton.
Ishtirokchi: — O‘zbekiston boylikka kon diyor. Uning bitmas-tuganmas zaxiralari bizning faxrimizdir. Xalqi esa buyuk va donishmanddir. Bugun O‘zbekiston jahon hamjamiyati hayotiga ishonch bilan kirib bormoqda. Bu shaxdam qadamlar kelajakda, albatta, o‘z mevasini beradi.
Boshlovchi: — Mana, tadbirimiz ham o‘z nihoyasiga yetdi. 2018-2019-o‘quv yilida barcha o‘quvchilarga a’lo baholarga o‘qib, Vatanimizning yanada rivojlanishi uchun o‘z hissasini qo‘shadigan oqil-u dono insonlar bo‘lib yetishishini tilab qolamiz.
Tadbir O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning “O‘zbekiston” qo‘shig‘i bilan yakunlanadi.
Sadoqat TOJIYEVA,
Bag‘dod tumanidagi 25-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi