Asalari qaysi gulga qo‘nadi?
4-sinf ona tili darslarida egalik, so‘z yasovchi, kelishik qo‘shimchalari, ot, sifat, fe’l yasovchi qo‘shimchalar o‘tiladi. O‘quvchilarning bu qo‘shimchalarni bir-biridan farqlay olish, alohida vazifalarni xotirasida saqlab qolish hamda ularni izohlash malakasini rivojlantirish maqsadida “Asalari qaysi gulga qo‘nadi?” o‘yinini tashkil etdim.
O‘yinni o‘tkazish tartibi quyidagicha: sinfda o‘quvchilar 3, 4 yoki 5 guruhga bo‘linadi. O‘quvchilarni 3 guruhga bo‘lib, ko‘rgazmani shunga moslab tayyorladim. Har bir guruh o‘ziga nom tanlashi mumkin. 3 guruh uchun 3 ta gul kosasi tayyorlanadi va doskaga ilinadi. Gulning markaziga qo‘shimchalar nomi yoziladi. Masalan, kelishik qo‘shimchalari. Asalarining tana qismiga esa qo‘chimchalarning o‘zi yoziladi. Yigirmadan ortiq asalari stol ustiga aralash qilib qo‘yiladi. Har bir guruhdan o‘quvchilar navbatma-navbat chiqib, bir asalarini olib, qo‘shimchani izohlab beradi. Masalan:
-m (egalik qo‘shimchasi, I shaxs, birlikda qo‘llaniladi)
-ning (kelishik qo‘shimchasi, qaratqich kelishigi, so‘rog‘i kimning? nimaning?)
-ingiz (egalik qo‘shimchasi, II shaxs, ko‘plikda qo‘llaniladi)
-dan (kelishik qo‘shimchasi, chiqish kelishigi, so‘rog‘i kimdan? nimadan?).
Asalaridagi qo‘shimcha qaysi gulga tegishli bo‘lsa, shu gulga “qo‘ndiriladi”. Gullarga 3 qator qilib laminant cho‘ntakchalar yopishtirilgan. Ko‘p va to‘g‘ri topgan guruh g‘olib hisoblanadi va rag‘batlantiriladi. Ushbu o‘yin orqali bolalarda qo‘shimchalarni bir-biridan farqlash, shu bilan birga chaqqonlik va epchillik ko‘nikmalari shakllanadi. Bu o‘yinni boshqa fanlar doirasida ham qo‘llash mumkin.
Azzatjon AZIMOVA, Xonqa tumanidagi 40-maktab o‘qituvchisi