Darslarimda “o‘qituvchilar” sonini ko‘paytirdim
Bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarning dars jarayonidagi eng katta xatosi — jim o‘tirishi, o‘rtoqlarining past nazar bilan qarashidan qo‘rqishidir. Bu sust o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarning fanga qiziqishi so‘nishiga, maktabdan uzoqlashishiga olib keladi. Natijada bunday o‘quvchining nutqi susayib, ruhi tushib boradi. Bu kabi holatlarda o‘qituvchidan biroz mahorat va tajriba talab etiladi.
Tajribamda bir usulni qo‘llagan edim. b u nafaqat bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarga, balki butun sinfga, hatto o‘zimga ham ishonch bag‘ishladi. O‘quvchilarimning ko‘zlari porlab turishiga, ruhiyati o‘zgarishiga guvoh bo‘ldim. Xo‘sh, bunga qanday erishdingiz, dersiz? Darslarimda “o‘qituvchilar” sonini ko‘paytirish orqali…
6-“D” sinf o‘quvchisi Sabrina Rahmatullayevaning fanlarga qiziqishi sust edi. Darslarda jimgina o‘tirar va tez-tez dars qoldirardi. Ko‘p bora uni gapirtirishga, faollashtirishga harakat qilsam-da, biror natijaga erisholmadim. Har bir sinfda bu kabi o‘quvchilar topiladi.
Avvaliga iqtidorli o‘quvchilarga dars o‘tish (albatta, o‘qituvchi nazoratida) mas’uliyatini yukladim. Ular 45 daqiqalik dars jarayonida nazariy ma’lumot berishdan tashqari murakkab topishmoqlar, purma’no maqollar, boshqotirmalar tuzib o‘quvchilarga havola etdilar. O‘quvchilar ona tiliga shu darajada qiziqib ketishdiki, hatto tanaffusga chiqishni ham unutib, butun vujudi bilan do‘stlari tuzib kelgan savol-topshiriqlar, boshqotirmalarga sho‘ng‘ib ketishdi.
Vaqtdan unumli foydalanib, estafeta tayoqchasini bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarga berdim. Avvaliga ular biroz qo‘rquv, hayajon bilan bu ishga kirishdi. Ammo 1, 2 soat dars o‘tishgach, o‘zlarini o‘qituvchidek his qila boshladi. Sabrina shunaqangi ajoyib dars o‘tdiki, sinfdoshlari qarsak chalib yubordi. O‘rtoqlarining “Ustoz, men to‘g‘ri bajardimmi?”, “Ustoz, menga ham topishmoq bering!”, “Ustoz, bugungi boshqotirma nima mavzuda?”, deyishi Sabrinaga olam-olam quvonch bag‘ishladi. Uning kundan kunga fanga, maktabga qiziqishi ortib, o‘zgara boshladi. Bu holdan o‘zim ham huzurlanar edim.
Bu tajribadan shunday xulosa qildimki, bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchiga 1 soatlik dars o‘tish mas’uliyatini yuklash quyidagi natijani berar ekan:
— o‘ziga ishonch;
— fanga muhabbat;
— hayotga muhabbat;
— ilmiylikka intilish;
— estetik did;
— kiyinish madaniyati;
— muomala madaniyati;
— darsga uzluksiz kelish;
— o‘zini ustoz deb his qilib, ijobiy fazilatlarga ega bo‘lishga harakat qilish;
— vaqtni bekorga o‘tkazmay, o‘tilgan mavzular bo‘yicha savollar tuzish, shu savollarga o‘zi ham tayyor bo‘lishga intilish, boshqotirma tuzish, maqol va tezaytishlar ustida ishlash.
Eng asosiysi, bolada sabr deb atalgan buyuk qudrat shakllanib boradi. Bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarim endi boshqalardan kam emasligini, sinfda o‘z o‘rnini his qilib, darslarga o‘zgacha kayfiyatda kelmoqda!
Dilorom RAHMONOVA, G‘ijduvon tumanidagi 32-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi