Ko‘rsatish, tushuntirish, his ettirish usullari
Xalqimizda “Yegan-ichganing o‘zingniki, ko‘rgan-bilganingdan gapir” degan gap bor. Bu jumlaning tagzamirida kengfe’llilik, balandlik hamda mayda ishlardan yuqori turishga da’vat yotadi. Ya’ni, kishi faqat yeb-ichish bilan emas, balki xayrli ishlari bilan eslanishi kerak, degan undov bor. Shu boismikan, keksalarimiz xalq pedagogikasida xayrli ishlarni amalga oshirishda ko‘proq ko‘rsatish, namuna bo‘lish usullaridan foydalangan. Deylik, kurash tushganda raqibga iltifot ko‘rsatishni, zot uchun emas, or-nomus uchun bellashishini uqtirishgan. Shu tariqa bolaning fe’lida polvonlik shakllantirilgan.
Biz ham maktabimiz jamoasi bilan turli tajribalarni amaliyotga tatbiq eta boshladik. Deylik, botanika darsini tabiat qo‘ynida tashkil etish, zoologiyani jonivorlar ishtirokida o‘tish tajribasini qo‘lladik. Qizig‘i, bunday tajribalar auditoriyada o‘tkazilgan darslardan ko‘ra yuqori samara berishining guvohi bo‘ldik. Bobolarimiz naqlidan kelib chiqib, gumanitar fanlar borasida maxsus tarbiyaviy soatlar tashkil etdik.
Yaqinda shunday darslardan biri 5-sinf rahbari Zarina Mamarajabova tomonidan “Buyuk allomalar vorislarimiz” nomi bilan tashkil etildi. Unda Imom al-Buxoriy ziyoratgohiga sayohat uyushtirildi. Noan’anaviy uslubdagi sayohat darsida bolalar Imom Buxoriy hayoti va ushbu muqaddas manzil haqida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Muhaddislar sultoni va mazkur ziyoratgoh haqidagi filmni tomosha qilishdi. So‘ng sayohat taassurotlari aks etgan videolavha tayyorlashdi.
Dars jarayonida shu narsa ayon bo‘ldiki, bolalar Imom Buxoriy to‘plagan hadislarni kattalardan kam bilmas ekan. Obrazli qilib aytganda, har bir bola qalbida muhaddis bobomiz tartibga keltirgan hadislar mavjud ekan. Masalan, payg‘ambariizning “qaza”, ya’ni, “Yosh bola sochining bir qismini olib, bir qismini qoldirish” xususidagi “Kim o‘zini bir qavmga o‘xshatsa, u o‘sha qavmdandir”, degan hadisini o‘quvchilar o‘z talqinida go‘zal ifodalab berdiki, bundan ko‘pchilik hayratlandi.
Xullas, tajriba tariqasida o‘tkazilgan sayohat darsi nafaqat yoshlarda, biz, kattalarda ham unutilmas taassurot qoldirdi. Maktab metodologiyasida bolalarga turli innovatsion usullar bilan birga yuqorida keltirilgan naqldan kelib chiqib, ko‘rsatish, ishlatish, tushuntirish, his ettirish usullari asosida darslar tashkil etish maqsadga muvofiq.
Muhiddin QILICHOV, Bulung‘ur tumanidagi 28-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari