Pedagogik texnologiyalar darsni qiziqarli qiladi
Pedagogik texnologiya o‘quvchiga ta’lim jarayonining subyekti — faol ishtirokchisi, o‘qituvchiga jarayonning tashkilotchisi, boshqaruvchisi sifatida qarashni talab etadi.
Pedagogik texnologiyalar bo‘yicha o‘qitishda butun o‘quv vaziyati boshqaruv obyekti sanaladi. Ta’limni boshqarish maqsadli bo‘lib, o‘quvchining ma’naviytini yuksaltiradi. Ta’lim jarayoni demokratik, rag‘batlantiruvchi uslubda tashkil etiladi. O‘quvchining shaxsiy tashabbusini qo‘llab-quvvatlash, o‘qituvchi shaxsining ochiqligi, ularning hamkorligi o‘zaro ishonchli munosabatni yuzaga keltiradi.
Pedagogik texnologiya o‘ziga xos tamoyillarga ega:
— muayyan dars, mavzu, qism, o‘quv predmetidan kutilgan asosiy maqsadni shakllantirib olish;
— umumiy maqsaddan kelib chiqib, darsni yoki o‘quv predmetini modullarga ajratib, har bir moduldan kutilgan maqsadni va modullar ichida hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalar tizimini aniqlab olish;
— modul ichida yechiladigan masalalarning har biri bo‘yicha test savollarini tuzib chiqish;
— maqsadga yetish usullari tanlanib, ularni ishlatadigan aniq joylarni belgilab olish;
— dars qismlari orasidagi zaruriy bog‘liqlikka va fanlararo aloqalarga alohida e’tibor qaratish.
Yangi pedagogik texnologiyalarga oid adabiyot va maqolalarda bir qator innovatsion o‘qitish usullari haqida so‘z yuritilmoqda. Shulardan modulli ta’lim texnologiyasini tahlil qilamiz. Bu o‘quvchilarda darslik, ilmiy-ommabop va qo‘shimcha adabiyotlar bilan mustaqil ishlash ko‘nikmalari, ijodiy va mustaqil fikrlashni rivojlantiradi.
Hamkorlikda o‘qitish texnologiyasining asosiy g‘oyasi o‘quv topshiriqlarini birgalikda bajarish emas, balki o‘quvchilarni hamkorlikda o‘qishga o‘rgatish, ular o‘rtasida o‘zaro yordam va fikr almashinuvini vujudga keltirish.
Muammoli ta’lim texnologiyasi. Muammoli vaziyat yaratish, savollar qo‘yish, masalalar va topshiriqlarni taklif qilish, muhokama uyushtirish va xulosaning to‘g‘riligini tasdiqlashdir.
Interfaol metod texnologiyasi. O‘quvchilarning ijodkorligiga tayanish, darsda erkin bahs-munozara sharoitini tug‘dirishga qaratilgan. Buning uchun sinf kichik guruhlarga bo‘linadi va dars davomida shu guruhlar bilan ishlanadi.
Didaktik o‘yinlar texnologiyasi. Darsda turli didaktik o‘yinlarni qo‘llash orqali jonlanish, faol harakat va qiziqish uyg‘otish.
Sinov darslari. O‘quvchilarning muayyan bilim va ko‘nikmalarini test topshiriqlari yoki nazorat varaqlari orqali sinash maqsadida o‘tkaziladigan darslar.
O‘yinlar vositasida o‘quvchilarga yangi bilim berish, ko‘nikma hosil qilish, kichik guruh a’zolarining ijodiy qobiliyatini rag‘batlantirish mumkin. O‘yinlar maqsadiga ko‘ra, 7 turga ajratiladi:
1. Guruh bo‘lib ishlashga qaratilgan o‘yinlar guruh a’zolarining o‘zaro tanishishiga yordam beradi, guruh bo‘lib ishlash ishtiyoqini tug‘diradi, a’zolarning o‘zini erkin his etishlarini ta’minlaydi.
2. Umumiy qiziqishlarni aniqlashga yo‘naltirilgan o‘yinlar guruh a’zolarining ichki munosabatini tez tiklashga yordam beradi. Guruhning yangi a’zolari (o‘quvchilar) sharoitga moslashishiga yordam beradi.
3. Guruhning birligini qo‘llab-quvvatlovchi o‘yinlar o‘zaro munosabat o‘rnatishga yordam beradi, birlik, jipslikni mustahkamlaydi.
4. O‘zaro bog‘lovchi o‘yinlar bir mavzudan ikkinchi mavzuga yengillik bilan, tabiiy o‘tishni ta’minlaydi. Turli tushunchalarni o‘zaro bog‘lash uchun xizmat qiladi.
5. Rag‘batlantiruvchi o‘yinlar guruh bo‘lib ishlashga rag‘batlantiradi, murakkab mavzularni muhokama qilishga yordam beradi.
6. Ijodkorlikni rag‘batlantiruvchi o‘yinlar ta’limda innovatsion metodlarni qo‘llashga yordam beradi, o‘yin qatnashchilari o‘zlarining yangi qirralarini kashf etadi, yangilikni qabul qilish ko‘nikmasi shakllanadi.
7. Yakunlovchi o‘yinlar katta mavzularni o‘rganishni yakunlash, egallangan bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlashga yordam beradi, ta’limning innovatsion metodlarini baholash va unga munosabat bildirishga o‘rgatadi.
Ta’lim jarayonida qo‘llangan har bir o‘yin yakunida o‘qituvchining sharhiga vaqt ajratiladi. Bunda u yoki bu o‘yin guruh a’zolari tomonidan qanday qabul qilingani, guruhda qanday g‘oyalar tug‘dirganini sharhlashga e’tibor beriladi.
Gulbahor IMOMOVA, Bag‘dod tumanidagi 35-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi