Tovuq nega shamollab qoldi?
Biologiya fanidan 6-sinfda o‘quvchilar “Gul — o‘simliklarning generativ ko‘payish organi” mavzusi orqali gullar bilan to‘liq tanishib bo‘lgach, olingan bilimni mustahkamlash uchun rasmli topshiriqlardan foydalanish maqsadga muvofiq.
Bunda o‘quvchilarga gul qismlari tasvirlangan biror surat beriladi hamda ulardan rasmga qarab, gulni qismlarga ajratish va ular haqida ma’lumot berish so‘raladi. 1-rasm:
Javob: Rasmda gulning qismlari tasvirlangan bo‘lib, ular o‘ziga xos vazifalarni bajaradi. Rasmdagi oyoq qismi (gul kosachabargi) gul qo‘rg‘onining tashqi qavati hisoblanadi. Tanasi (gul urug‘chisi) gulning asosiy qismi bo‘lib, unda urug‘lanishdan so‘ng meva hosil bo‘ladi. Qo‘llari (gul bandi) gulning asosiy qismlarini o‘simlik tanasiga birlashtirish vazifasini bajaradi. Boshi (gul tojbargi) gul qo‘rg‘onining ichki qavati hisoblanadi va turfa rangli bo‘ladi. Ko‘zlari (changlari) changdon ichida yetiladigan urug‘chini urug‘lantiradigan spermiy hujayralaridan tashkil topadi. Shoxlari esa (changchisi) 2 qismdan: changchi iplari va changdondan iborat, changdonda changlar yetiladi.
7-sinflar uchun “Ko‘k kaptarning tashqi tuzilishi” mavzusining oxirida quyidagi topshiriqdan foydalanish mumkin:
O‘rdak, g‘oz, tovuq qishning sovuq kunlarida kim ko‘p suvda turish musobaqasini o‘tkazdi. Ertasi kuni tovuq shamollab yotib qolibdi. Buni eshitgan o‘rdak va g‘oz uni ko‘rgani boribdi. Tovuq o‘rtoqlariga hech nima bo‘lmaganini ko‘rib hayron bo‘lib, sababini so‘rabdi. Ayting-chi, o‘quvchilar, o‘rdak va g‘oz nima uchun shamollamadi-yu, aynan tovuq shamollab qolgan?
Javob: Sababi, g‘oz va o‘rdakda dumg‘aza bezi bo‘lib, undan yog‘ ajraladi. Ikki parranda bu yog‘ni tumshug‘i bilan siqib olib, patlariga surtib turadi. Shu sababli patlariga suv yuqmaydi. Tovuqda esa bunday bez bo‘lmaydi. Shu bois, uning patlari sovuq kunda suvni tanasiga o‘tkazgan va tovuq shamollagan.
10-sinflar uchun. Turli kapalaklar (moviy kapalak, tok kapalagi, sariq kapalak, karam kapalagi) tunda kim ko‘p nektar yig‘ish o‘yinini o‘tkazibdi. Barchasi oz-ozdan nektar yig‘ib kelibdi. Tungi kapalak esa na nektar keltiribdi, na o‘zi kelibdi. Buning sababi nima deb o‘ylaysiz?
Javob: Tungi kapalakning nektar ham olib kelmagani, o‘zi ham kelmaganining sababi — bu kapalaklar oq guldan nektar yig‘adi. Shu bois, bu turdagi kapalaklar tunda lampochkalarga o‘zini urib, nobud bo‘ladi. Demak, tunda oq guldan nektar yig‘ish ularning yashashi uchun kerak bo‘lsa, ayrim hollarda bu holat o‘limga olib kelishi mumkin.
Hilola АZIZOVA, Sergeli tumanidagi 285-maktabning biologiya fani o‘qituvchisi