Savodxonlik daqiqasi
Ushbu metod ta’lim jarayonida o‘quvchilar uchun qulaylik yaratadi. Shuningdek, o‘qituvchi-pedagoglarni o‘z ustida ishlash, ijodiy izlanish va darslarga yangicha yondashishga undaydi.
Buning uchun o‘quvchilarning “savodxonlik daftari”, oddiy bo‘r va yozuv taxtasi kerak bo‘ladi. Aksariyat o‘quvchilar yuqori sinfga, ya’ni 5-sinfga o‘tganlarida so‘zlarni to‘g‘ri yoza olmaydilar, bu esa muammo tug‘dirishi turgan gap. O‘quvchilardagi bu muammolarni hal qilish uchun har darsda “Savodxonlik daqiqasi”ni o‘tkazish yaxshi natija beradi. Masalan:
― talaffuzda bir tovush tushib qoladigan yoki boshqacha talaffuz qilinadigan so‘zlar: kibr, sabr, sehr, qism, dard, mehr, g‘isht, taxt, payvand;
― qo‘sh undoshli va qo‘sh unlili so‘zlar, arab va fors tilidan kirib kelgan so‘zlar: ma’rifat, badiiy, jur’at, taalluqli, manfaat, trassa, tonna, mashaqqat;
― boshqa tillardan o‘zlashgan so‘zlar: krossvord, kompyuter, biznes, internet.
Bu metod ham o‘yin, ham bilimni kuchaytirishga xizmat qiladi. Chunki quyi sinfdan endigina yuqori sinfga qadam qo‘ygan o‘quvchilar hali o‘yindan yuz o‘girmagan bo‘lishadi. Shu kabi ta’limiy o‘yinlar orqali ularning fanga qiziqishlarini kuchaytiramiz.
Agar har darsda 3 tadan so‘zni to‘g‘ri yozishga muvaffaq bo‘linsa, yil davomida 5-sinf o‘quvchilari (204 soat) 204x3= 612 ta so‘z, 6-sinf o‘quvchilari (170 soat) 170x3=510 ta so‘z, 7-sinf o‘quvchilari esa (102 soat) 102x3=306 ta so‘zni to‘g‘ri yoza oladigan bo‘ladi. Bu esa o‘qituvchiga yozuv daftarlarini qiynalmay, tez tekshirish imkonini beradi. O‘quvchilarda esa savodxonlik ko‘nikmasi shakllanadi.
Qolaversa, o‘quvchilar ona tilimizning beqiyos imkoniyatlaridan oqilona foydalanishlari uchun doimiy nazoratni kuchaytirish va bu borada ularning qobiliyatlarini aniqlash hamda shakllantirish, yozma kamchiliklarini bartaraf etish uchun tez-tez diktantlar olib turish maqsadga muvofiqdir. Qarabsizki, o‘quvchilarda ona tilini e’zolash mas’uliyati shakllanadi. Bu esa o‘quvchilarning so‘zlarni ikkilanmay yozishi va o‘ziga bo‘lgan ishonchini kuchaytirishga yordam beradi.
Muattar TO‘RAXO‘JAYEVA, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 25-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi