Bir xil raqamlilar bellashuvi
Ma’lumki, har bir sinfda o‘quvchilar 3 qatordan, ya’ni o‘z-o‘zidan uch guruhga ajralgan holda partalarda o‘tirib ilm olishadi. Ba’zan interfaol o‘yinlarni qo‘llamoqchi bo‘lsak, partalarni u yoqdan bu yoqqa siljitishga va guruhlar uchun joy hozirlashga to‘g‘ri keladi. Bu esa oz bo‘lsa-da, vaqt talab qiladi. Interfaol o‘yinlarni aynan 3 guruhga bo‘linib o‘ynash uchun quyidagi usul foyda beradi.
O‘ngacha bo‘lgan raqamlar stol ustida teskari qilib qo‘yiladi. Shuningdek, har bir stuldagi o‘quvchilar ham o‘z raqamlarini bilib oladilar. O‘qituvchi navbatchi o‘quvchidan raqam tanlab berishni so‘raydi. Bu raqamlar har bir qatordagi o‘ntadan, ya’ni jami 30 nafar o‘quvchi uchun mo‘ljallanadi. Aytaylik, navbatchi 4-raqamni tanladi.
O‘qituvchi: “Marhamat qilib har uchala qatorning 4-raqamli o‘quvchilari o‘rningizdan turing va quyidagi topshiriqqa quloq tuting”, deydi. Masalan, “Har uchovingiz uyga vazifani o‘qing”, deyilsa, yana bir uchlikka boshqa topshiriq beriladi. Shu tariqa o‘yin boshlanadi.
Bir vaqtning o‘zida 3-4 uchlikka 3-4 xil topshiriq beriladi. Misol uchun, “Siz uchovingiz o‘tilgan mavzu bo‘yicha qoidani aytib, misollar keltiring”, “Siz uchovingiz ham yozuv taxtasida ilingan qog‘ozlarga har ikki taraflama o‘qisa ham bir xil chiqadigan so‘zlarni yozing. Non, kiyik, quduq kabi”, “Har biringiz yil nomini ifoda etuvchi she’r ayting”, “Har uchovingiz mana bu krossvordni yeching yoki uchta testni ishlang, tarqatmalardagi savollarga javob bering” kabi.
Bu o‘yinning qiziq jihati shundaki, har uch qatordagi bir xil raqamlilar o‘zlariga qanday topshiriq tushishidan qat’i nazar, hamisha tayyor holda bir-birlariga raqibligini his qilib, o‘z guruhi g‘olibligi uchun kurashadi. Bu qizg‘in bellashuvda ham o‘quvchilar o‘z bilimlari uchun baho oladilar, ham guruhlari baholanadi. Navbatchi esa yozuv taxtasidagi vatman qog‘ozga guruhlarning ballarini belgilab boradi.
Muattar TO‘RAXO‘JAYEVA, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 25-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi