Tuyuq tahlilida metodlarni qo‘llash
Mumtoz adabiyotimizga doir mavzularni o‘tish biroz murakkab jarayon. Chunki o‘sha davr tili, she’riyat uslubi, qolaversa, vaznga doir ma’lumotlarni bugungi kun bolalariga yetkazish, singdirish qiyinroq. Garchi pedagogik faoliyatda o‘quvchilarning mustaqil bilim olishi, o‘z ustida ishlashi orqali yaxshi natijaga erishishni ko‘zda tutsak-da, mumtoz adabiyot mavzularida o‘qituvchining ham ta’siri kattaligiga e’tibor berish lozim. Bu borada pedagog qanday ishlarni amalga oshirishi mumkin?
Avvalo, muallimda mumtoz adabiyotga doir ma’lumotlarning boy zaxirasi mavjud bo‘lishi kerak. Birgina tuyuq mavzusini o‘tish uchun quyidagilarga e’tibor qaratiladi:
— tuyuqning to‘rt misradan iborat bo‘lishi;
— tuyuqdagi bosh nuqta — jinsdosh so‘zlar mavjudligi;
— jinsdosh so‘zlar orqali so‘z o‘yinining hosil bo‘lishi;
— so‘z o‘yinini mohirona qo‘llash orqali yagona ma’noni yuzaga keltirish san’ati.
O‘qituvchi besh-o‘n daqiqa she’riy san’atlarga murojaat qiladi. Qanday she’riy san’atlar mavjudligi, bular ichida tajnis san’atining o‘ziga xosligiga to‘xtaladi.
Xuddi shu o‘rinda muallim ona tilining leksikologiya bo‘limiga murojaat qilishi mumkin. Bu o‘qituvchi uchun fanlararo bog‘liqlikni ta’minlash imkonini beradi. So‘z ma’nolari mavzusida u bolalarga sinonim, antonim, paronim va omonimlar nimaligi haqida savol beradi. Pedagogik texnologiya bo‘yicha bu “Aqliy hujum” texnologiyasidir. Savol o‘rtaga tashlangandan keyin o‘quvchilar mavzuga oid ma’lumotlarni eslaydi, ona tili bo‘yicha bilimlarini mustahkamlab oladi. Shu o‘rinda yana bir pedagogik texnologiya qo‘llanib, “Kim topqir?”, “Kim chaqqon?” nomi ostida jadval tuziladi. O‘qituvchi bunga oldindan tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lishi kerak. Jadvalda so‘zlar, ularning sinonimi, antonimi, omonimi, paronimiga doir kataklar to‘ldiriladi.
Shundan keyin tuyuqlar tahliliga o‘tiladi. Ulardagi omonim so‘zlarning qanday hosil qilinganiga e’tibor beriladi, tahlil qilinadi.
Sinfdagi o‘quvchilarni ikki guruhga bo‘lib, ular o‘rtasida musobaqa tashkil qilish mumkin. Tahlil jarayonida o‘quvchining vazifani to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bajarganiga emas, balki mehnatiga e’tibor beriladi. O‘qituvchi o‘quvchida qanday shaklda bo‘lmasin, o‘z fikrini bayon qilish ko‘nikmasini shakllantirishi lozim. Har qanday qolip jumlalar, muayyan shakldagi fikrlardan chekinishga, masalani kengroq tasavvur qilishga undash, tafakkur yuritishga erishish kerak. Shundagina o‘quvchi adabiyot darslari mavzularini birmuncha o‘zlashtirish imkoniga ega bo‘ladi. O‘qituvchi o‘quvchiga savollar berib, uni fikrlashga undashi, yo‘naltirishi lozim. Masalan:
— Nega yozuvchi bu qahramonga shunday nom qo‘ygan, nima deb o‘ylaysiz?
— Nega qahramon bu holatda shunday dedi?
— Asardagi bu obraz nega shunday yo‘l tutdi?
— Buning o‘rniga nima deyish mumkin edi?
— Shu holat sizda yuz bersa, nima qilgan bo‘lardingiz?
Bular o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqini rivojlantirish, kengroq fikrlashga undovchi umumiy savollar. O‘qituvchi bularni alohida kartochkalarga yozib tarqatishi mumkin. Bu umumiy savollarni muayyan mavzuga moslashtirish mumkin.
O‘quvchi bilan ishlashda darsdan tashqari o‘qishga, mustaqil mutolaaga e’tibor berish kerak. Dars esa faqat muhokama, o‘z fikrini bayon qilish imkonini berishi lozim. Buning uchun o‘qituvchi hamma dars mavzularini oldindan yozib, jadval tarzida bolalar qo‘liga bersa, yaxshi bo‘ladi. O‘quvchi Chingiz Aytmatovning “Oq kema” asari nechanchi darsda bo‘lishini aniq biladi, qissani oldindan o‘qib kelish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Umida MUHAMMADIYEVA, Shahrisabz shahridagi 19-maktab o‘qituvchisi