Yangi yil bayrami – quvonch va shodliklar tantanasi
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida Yangi yil bayrami tadbirlarini o‘tkazish yuzasidan tavsiya
Yangi yil — bolalarda quvonch uyg‘otadigan bayram. Uning o‘ziga xosligi — har bir bola Yangi yil sovg‘asini intiqlik bilan kutadi. Mamlakatimizdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar ham e’tibordan chetda qolmaydi, ularga Prezidentimiz sovg‘alari topshiriladi. Bu ham davlatimizning yosh avlodga ko‘rsatayotgan cheksiz g‘amxo‘rligining yaqqol ifodasidir . 2016-yil mamlakatimizda “ Sog‘lom ona va bola yili” deb nomlanishi bu boradagi ezgu sa’y-harakatlarimizning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘tkaziladigan “Yangi yil bayrami” tadbirlarini tashkil etishda quyidagilarga e’tibor qaratish tavsiya etiladi:
— tadbir o‘tkaziladigan joyni shar, devoriy gazeta va bolalarning ijodiy ishlari bilan bezatish;
— Yangi yil tomoshasini milliy ertak qahramonlari ishtirokida tashkil etish;
— Vatan, Yangi yil bayrami haqida she’r, topishmoq, tez aytish hamda davraga fayz bag‘ishlovchi o‘yinlar tashkil etish;
— faol ishtirok etgan zukko o‘quvchilarga sovg‘alar berilishini ta’minlash;
— sinflar o‘rtasida raqs bellashuvi, musiqa topqiri, sport musobaqalarini o‘tkazish;
— “Eng yaxshi devoriy gazeta muallifi”, “Eng faol sinf”, “Eng faol o‘quvchi”, “Eng faol sinf rahbari” kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarni esdalik sovg‘alari bilan taqdirlash;
— o‘quvchilar ijrosida she’r, qo‘shiq, raqs va hajviya bilan yo‘g‘rilgan sahna ko‘rinishlarini namoyish etish.
Bayram tadbirlarini mahalla fuqarolar yig‘inlari, ichki ishlar idoralari va “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati vakillari bilan hamkorlikda tashkil etish maqsadga muvofiq. Bayram o‘tkaziladigan joyga o‘quvchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida tuman ichki ishlar organlari bilan kelishilgan holda mahalla posbonlarini jalb qilish hamda ularga yordamchi sifatida maktab direktorining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosarini biriktirish lozim. Shuningdek, maktab rahbariyati, pedagoglar va ichki ishlar organlari xodimlari o‘quvchilarning pirotexnika vositalaridan foydalanishini qat’iy taqiqlab, nazorat qilishlari talab etiladi.
Ta’til kunlari o‘quvchilar “Barkamol avlod” bolalar markazlari, bolalar va o‘smirlar sport maktablarida tashkil etilgan to‘garak mashg‘ulotlariga jalb qilinishi kerak. Qishki ta’til davrida maktabdan tashqari ta’lim muassasalari to‘liq faoliyat ko‘rsatadi.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida qishki ta’til rejasi faslning xususiyatlarini inobatga olgan holda turli tadbirlar, qiziqarli o‘yin va mashg‘ulotlar asosida tuzilishi maqsadga muvofiq.
Respublika ta’lim markazi