O‘zbekistonda eng qadimiy daraxtning yoshi nechada?
— Daraxt va o‘simliklar yoshini aniqlashda uning qachon paydo bo‘lgani va ekilganiga e’tibor qaratish lozim. O‘zbekiston hududida Sharq biotasi qadimiy o‘simlik hisoblanadi. Bu o‘simlik bundan 1,5–2 million yil avval paydo bo‘lgan. Uning tabiiy sharoitda uchraydigan namunasi faqatgina Nurota tizmasidagi Majrumsoy qishlog‘ida saqlanib qolgan.
Archa ham qadimiy daraxt hisoblanadi. Hisor, Turkiston, Zarafshon, Chotqol, Qurama tog‘ tizmalarida ayni paytda o‘sib turgan archalarning eng yoshi ulug‘lari 700–800 yil deya baholanadi. Yurtimizda qadimiy daraxt turlari orasida qayrag‘och yoki sadaqayrag‘och ham qayd etilgan. Bu daraxtlar ham 2,5–3 million yil avval shakllangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Sharq chinori 20–40 million (ayrim manbalarda 60–66 million) yil oldin paydo bo‘lgan. Hozir tabiiy holda o‘suvchi chinorlar Surxondaryo viloyatining Sangardak va To‘palang daryosi havzalarida saqlanib qolgan. O‘zbekistondagi chinorlar orasida Sayrob qishlog‘idagi daraxtning yoshi 600–700 yillarga to‘g‘ri keladi.
K.TOJIBOYEV, akademik