Ota-onalar apellatsiyada qatnashmaydimi?
Savol: Fan olimpiadasida baholash natijalaridan qoniqmay, ishini apellatsiyaga bergan o‘quvchining ota-onasi ham apellatsiya jarayonida qatnashish huquqiga egami?
Javov: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2009-yil 2-iyunda 1962-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari o‘quvchilarining umumta’lim fanlari bo‘yicha Respublika olimpiadalarini o‘tkazish va xalqaro fan olimpiadalari ishtirokchilarini tanlash to‘g‘risidagi nizom” asosida fan olimpiadalari o‘tkaziladi.
Nizomning 54-bandiga asosan, fan olimpiadalari qatnashchilarining arizalari apellatsiya komissiyasi raisi, o‘quvchi va hakamlar hay’ati a’zolari ishtirokida apellatsiya komissiyasi a’zosi tomonidan ko‘rib chiqiladi, deb belgilab qo‘yilgan. Ya’ni, o‘quvchining o‘qituvchilari, ota-onasi yoki boshqa yaqinlarining apellatsiya jarayonida qatnashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Savolga Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati yordamida vazirlik mutaxassislaridan javob olindi.