“Direktorlar kengashi” – ta’limdagi liderlarni yuzaga chiqaradi
Toshkent shahridagi 110-maktabda “Direktorlar kengashi” a’zolari uchun seminar-trening o‘tkazildi.
Tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ishtirok etib, umumta’lim maktablari faoliyatini yanada rivojlantirish hamda ularning zamonaviy boshqaruv shakli bo‘lib xizmat qiluvchi “Direktorlar kengashi”ni tashkil qilishdan ko‘zlangan maqsad va vazifalar, maktab ta’limi tizimi boshqaruvida jamoatchilik rolini hamda faoliyati samaradorligini oshirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, Kengash a’zolarining kasbiy salohiyatini yuksaltirish borasida so‘zladi.
Tadbirda respublikamizning turli hududlarida tashkil qilingan “Direktorlar kengashi”ning 134 nafar a’zosi ishtirok etdi.
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi “Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-79-son Farmoniga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida eng tajribali umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlaridan iborat bo‘lgan “Direktorlar kengashlari” tuzilgan. Joriy etilayotgan yangi tartibga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarini lavozimga tayinlash “Direktorlar kengashi” tavsiyasiga asosan amalga oshiriladi. O‘quv seminar-treningdan maqsad ham mazkur jarayonlarga “Direktorlar kengashlari” a’zolarini tayyorlash, ularning kasbiy mahoratini oshirishdan iborat.
Seminar davomida vazirlikning mas’ul xodimlari hamda malakali trenerlar tomonidan qator mavzularda seminar-treninglar olib borildi. Jumladan, “Direktorlar kengashi”ning maqsad va vazifalari, “Ta’limda liderlik-muammolar va yechimlar”, “Maktablarda ta’lim sifatini ta’minlashda maktab direktorining roli”, “Direktorlar kengashi” faoliyatini tashkil etish tartibi, “Maktablarda moliyaviy faoliyatni tashkil etish tartibi”, “Mehnat munosabatlari va mehnat qonunchiligi talablari”, “Direktorlar maktabi: ta’limda liderlarni tayyorlashda zamonaviy yondoshuv ta’lim muassasalarini samarali boshqarish”, “Nomzodlarni tanlab olish psixologiyasi”, “Mehnat munosabatlari va mehnat qonunchiligi talablari” kabi mavzulardagi ma’lumotlar, tavsiyalar mashg‘ulot ishtirokchilarilarida katta tassurotlar qoldirdi.
Keyingi yillarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan direktorlarning kasbiy malakalarini oshirishga ham katta e’tibor berilmoqda. Jumladan, joriy yilda “Direktorlar uchun maktablarni rivojlantirish dasturi” doirasida saralab olingan bir guruh soha vakillari Buyuk Britaniyaning Portsmut universitetida malaka oshirib qaytishdi.
Trening tadbirlari davomida mazkur maktab direktorlari va mutaxassislar o‘z safar taassurotlari va Angliya ta’lim tizimi, ingliz maktablari faoliyati haqida ishtirokchilarga so‘zlab berishdi.
– Buyuk Britaniyaning Portsmut universiteti qoshida tashkil etilgan “Kasbiy rivojlanish dasturi”da ishtirok etib, 2 hafta davomida malaka oshirib qaytdik, – deydi Termiz shahridagi Prezident maktabi direktori G‘ofur Tog‘ayev. – Ushbu dasturda xorijlik mutaxassislar tomonidan seminar-treninglar va maktab, kollejlarga amaliy tashriflar amalga oshirildi. U yerdagi direktorlar faoliyati bilan tanishdik. Bevosita ta’limga javobgar bo‘lgan OFSTED tashkilotlarini, ularning qanday faoliyat yuritishini o‘rgandik. Direktorlar faoliyati qaysi tamoyillarga asoslanishini va maktabdagi o‘qituvchilar, o‘quvchilar farovonligini ta’minlashda qaysi omillar muhim ekanligi, rahbarlar nafaqat ta’lim jarayonlari, balki ta’lim menejerlari sifatida maktabdagi har bir jarayonlarga mas’ul ekanligini ham ko‘rib qaytdik. U yerda o‘rganganlarimizni o‘z maktablarimizda joriy etish uchun, avvalo, maktab direktorlarining o‘zi zamonaviy bilimlarga chanqoq bo‘lishi kerak. Yangi, zamonaviy ta’im tizimlarini maktablarimizga bosqichma-bosqich olib kirish ishlari hozirda boshlab yuborilgan. Lekin bugun xorijda ta’lim juda ham tez jivojlanib bormoqda, biz ham ulardan ortda qolmagan holda ildam harakat qilishimiz kerak.
“Direktorlar kengashi” a’zolari uchun o‘tkazilayotgan o‘quv seminar-trening tadbirlari joriy yilning 16 dekabriga qadar davom etadi.
Tadbirda jurnalistlarning mavzuga oid savollariga mutasaddilar tomonidan atroflicha javoblar berildi.
Zilola MADATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri