MENEJERLIK SALOHIYATIGA EGA RAHBARLAR:  TA’LIM MUASSASASIDA NIMALARNI O‘ZGARTIRA OLADI?

Mutaxassis minbari MENEJERLIK SALOHIYATIGA  EGA RAHBARLAR:   TA’LIM MUASSASASIDA  NIMALARNI O‘ZGARTIRA OLADI?
74



Ta’lim dunyoni o‘zgartirish uchun foydalanishi­ngiz mumkin bo‘lgan eng kuchli quroldir.

 Nelson Mandela


Birinchi va ikkinchi sinfni qishloq maktabida o‘qiganman. Bitta qishloqda bitta, to‘rtta xonadan iborat maktab bo‘lardi. Ikki derazali, qiyshiq eshikli, yozda issiq, qishda sovuq sinfxonada 40 dan oshiq o‘quvchi tiqilib o‘tirganmiz. Qishning sovug‘idan ruchkalari­mizning uchi muzlab qolardi, mo‘rili pechkaning ustiga qo‘yib isitib keyin yana yozishda davom etardik. Maktab direktorimizni oyda bir ko‘rmasdik, ko‘rsak ham qo‘rqqanimizdan sinf tomon qochardik. Aslida maktab direktori kim? Bugungi kun maktab direktorlari qanday bo‘lishi kerak? Ularning maqsad va vazifalari nimalardan iborat? Bugun zamonaviy maktab direktorlari haqida Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik maho­rat milliy instituti аkademik faoliyat bo‘yicha birinchi prorektori Hushnamo BURHONXO‘JAYEVA bilan suhbatlashamiz.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti­ning “Maktabgacha va maktab taʼlimi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qoʻllab-quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroridan kelib chiqib rahbar kadrlar malakasini oshirish tizimi tashkil qilinishi direktorlarga yanada mas’uliyat yukladi, desak adashmaymiz. Ayting-chi, maktab va maktab direktorlari uchun ushbu tizimning qanday afzalliklari bor? 


− Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik oʻquv kurslarida oʻqitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori hamda “Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik oʻquv kurslarida oʻqitish, ularga menejerlik sertifikatini berish va nomzodlarni lavozimga tayinlash tizimini joriy etish toʻgʻrisida”dagi qarori qabul qilingandan keyin maktabgacha va maktab taʼlimi rahbar xodimlarining malaka darajasi, bilimi, ilmiy-pedagogik salohiyati, ish tajribasi, psixologik tayyorgarligi, moliyaviy savodxonligi va individual kasbiy rivojlanishiga mos keladigan menejerlik oʻquv kurslari tashkil etildi. 


Aslida maktab direktori qanday bo‘lishi kerak? Rahbar doimiy ravishda yetakchi va ta’lim jarayoni­ning tashkilotchisi sifatida o‘zining imkoniyatlarini ko‘rsata oladigan kadr bo‘lishi lozim. Ayniqsa, boshqaruv sohasida yaxshi tayyorgarlik ko‘rishi juda muhim. Maktab rahbarining asosiy vazifalaridan biri, albatta, xodimlar o‘rtasida ijobiy muhitni shakllantirish, sifatli muloqot usullaridan foydalangan holda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ziddiyatli vaziyatlarni hal qilish, xodimlarni rag‘batlantirish, kichik yutug‘i uchun ham e’tirof etish,  ularga shaxsiy namuna bo‘lishi zarur. Shu nuqtayi nazardan menejerlik kurslaridan ko‘zlangan asosiy maqsad menejerlik sertifikatiga ega boʻlgan nomzodlar orasidan maktab direktori lavozimiga  munosib nomzodlar zaxirasini shakllantirishdan iborat. 


Ana shunday kuchli pedagogik jamoani shakllantirib berish maqsadida o‘qituvchilarni boshqarish uchun ko‘proq yetakchilik strategiyalaridan foydalanib, kuchli pedagogik jamoani shakllantirish yo‘lida ta’lim ekspertlari va mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlab kelamiz. 


Ushbu menejerlik kurslari quyidagi davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi:

  • Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar;
  • jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari;
  • sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari;
  • ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisos­lashtirilgan maktablar;
  • alohida sharoitlarda ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar.

Menejerlik sertifikati joriy etilishi sabab yaxshi direktorlarni ham boy berib qoʻymayapmizmi? 

− Ayni paytda yangi davr direktorlar tarkibi shakllantirilyapti. Bilasizmi, bugungi kun zamonaviy maktab rahbari taʼlimda amalga oshirilayotgan barcha yangiliklardan boxabar boʻlishi, ota-onalar va jamoatchilik bilan hamkorlikda ishlashi, boshqaruv, psixologik, moliyaviy va AKT savodxonligi boʻyicha koʻnikmalarga ega boʻlishi zamon talabi. Ushbu koʻnikmalar oʻquv kursi jarayonida shakllantirilib, shu yoʻnalishda bilim va koʻnikmalar baholanadi.


Tahliliy natijalarga koʻra oʻquv kursi yakunida oʻtkaziladigan sinovlarda ayrim direktorlar yetarli ball toʻplay olmagani uchun oʻz xatolarini tushungan holda imtihonlarni qayta  topshirib sinovlardan ijobiy natijalar koʻrsatyotganlari ham ko‘p.


Shuningdek, menejerlik kursini bitirgan nomzod tinglovchilar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonidan kelib chiqib umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining direktorlik lavozimiga tayinlanadi. 


2025-yildan MTT direktorlariga ham menejerlik sertifikati beriladimi? 

− Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi­ning “Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik oʻquv kurslarida oʻqitish, ularga menejerlik sertifikatini berish va nomzodlarni lavozimga tayinlash tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktori  har 5 yilda bir marotaba menejerlik sertifikatini yangilab turishi talab qilinadi. Shundan so‘ng menejerlik sertifikatiga ega boʻlgan nomzodlarga davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktori lavozimi uchun tanlovda ishtirok etish huquqi beriladi. 2025-yil 1-sentabrdan boshlab menejerlik sertifikatiga ega boʻlgan davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti direktoriga ushbu sertifikatning amal qilish muddati davomida lavozim maoshiga har oy 30 foizlik ustamalar toʻlab berilishi ham ko‘zda tutilgan. 


Nomzodlarga menejerlik kurslarida oʻqish uchun to‘lov usullari qanday belgilanadi? 

− Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi­ning “Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik oʻquv kurslarida oʻqitish va ularga menejerlik sertifikani berish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroridan kelib chiqib menejerlik oʻquv kurslarida nomzodlar toʻlov toʻlagan holatda oʻqitiladi. 

Oʻquv kurslarida bir nafar nomzod uchun oʻqitish xarajatlarining toʻlov miqdori institutning asoslangan kalkulyatsiyasiga muvofiq Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan har yili 1-dekabrga qadar tasdiqlanadi. 

Tasdiqlangan oʻqitish xarajatlari uchun toʻlov miqdori nomzodlardan undiriladi va ushbu mablagʻlar institutning budjetdan tashqari jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi. Menejerlik sertifikatiga ega boʻlgan maktab direktorlariga 50 foiz, maktab direktori oʻrinbosarlariga 30 foiz ustama toʻlanadi.


Bu jarayon qaysi davlatlar tajribalari asosida yoʻlga qoʻyilgan? 

− Institutda menejerlik o‘quv kurslarini tashkil etish borasida bir qator rivojlangan davlatlar tajriba­si o‘rganildi. Jumladan, Singapur, BAA, Avstraliya kabi davlatlar tajribasiga ko‘ra maktab direktorlarini tayyorlashda kasb standartlari asos sifatida olingan. Direktorlik lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish hamda maxsus portal orqali ularga menejerlik sertifikatini elektron shaklda berish tizimi ham joriy qilingan. O‘quv kursi 144 soatlik va 6 ta modul − “Ta’lim menejmenti”, “Ta’lim muassasasini rivojlantirish va o‘quv-tarbiya jarayonini boshqarish”, “O‘zini-o‘zi va o‘qituvchilarni kasbiy rivojlantirish”, “Inson resurslarini boshqarish”, “Ish yuritish va hisobot”, “Jamoatchilik va ota-onalar bilan munosabat” va “Maktab amaliyoti”dan iborat o‘quv reja asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, tinglovchilarga beriladigan nazariy va amaliy bilimlarni mustahkamlash maqsadida o‘quv rejasiga asosan 36 soatlik “Maktab amaliyoti” mashg‘ulotlari tashkil etilgan. Ushbu amaliyotda tinglovchilar jamoada ishlash va ota-onalar bilan muloqot qilish, boshqaruv, moliyaviy hisob-kitoblarni amalga oshirish, ta’lim tizimida boshqaruv psixologiyasi, umumiy o‘rta ta’lim muassasasini boshqarish, zamonaviy menejer va lider, boshqaruvda muammolarga yechim topish va qarorlarni qabul qilish kabi mavzularda  tayanch maktablarning boy tajribaga ega direktorlaridan  kerakli bilim va tavsiyalarni olishadi.

Mahalliy va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda o‘quv kursining o‘quv reja va dasturlari ishlab chiqilib, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazida ekspertizadan o‘tkazildi.


Bilishimizcha, yangi tartibga koʻra maktab direktorlarini lavozimiga tayinlash endilikda “Direktorlar kengashi” tavsiyasiga asosan amalga oshiriladi. Aslida, “Direktorlar kengashi”ning vazifalari nimalardan iborat?

− Menejerlik kursini bitirgan nomzod tinglovchilar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonidan kelib chiqib umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktorlarini lavozimiga

tayinlash Direktorlar kengashi tavsiyasiga asosan ochiq tanlov asosida amalga oshiriladi.

Direktorlar kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

● umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktori lavozimiga yuksak axloqiy fazilatlarga, yuqori malaka va tajribaga, boshqaruvchilik qobiliyatiga ega mutaxassislarni tanlash, saralash asosida munosib nomzodlarni tavsiya etish;

● umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida taʼlim-tarbiya jarayonlari boshqaruvini jamoatchilik ishtirokini kengaytirish orqali takomillashtirish, taʼlim sifati va samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga kiritish;

● umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida taʼlim-tarbiya jarayonlari sifati va samaradorligini taʼminlash, bunda samarali boshqaruvni amalga oshirish, joylarda amaldagi meʼyoriy hujjatlarga amal qilinishi monitoringini olib borish va tegishli takliflar ishlab chiqish;

● umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida sogʻlom ishchanlik va maʼnaviy muhitni shakllantirish, pedagoglarning samarali kasbiy faoliyati uchun tegishli sharoitlarni yaratish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;

● umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktorlarining reyting koʻrsatkichlarining yillik oʻsish dinamikasini koʻrib chiqish jarayonlariga koʻmaklashish;

● ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish asosida umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktorlarining faoliyati samaradorligini baholash boʻyicha takliflar ishlab chi­qish;

● umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktorlari, oʻqituvchilari va pedagoglarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilgan holatlarda vakolati doirasida tegishli tavsiyalar ishlab chiqish;

● umumiy oʻrta taʼlim muassasalari boshqaruvida sogʻlom muhitni tashkil etish maqsadida pedagoglar, ota-onalar, oʻquvchilar oʻrtasida soʻrovnomalar va oʻrganishlar oʻtkazish.

− Jarayonda oʻzlashtirish koʻrsatkichlariga ta’sir qiladigan jihatlar, yuzaga kelgan muammolar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

Xato va kamchiliklarsiz ish bo‘lmaydi, albatta. Umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktorlarining boshqaruv faoliyatida amaliyot bilan nazariyaning uygʻunlashmagani direktorlarda rahbarlik salohiyatining yetishmasligiga olib keladi, bu esa, tabiiyki samaradorlikka ta’sir qilmay qolmaydi. Masalan, nomzodlar quyidagi xatolarga yo‘l qo‘yishmoqda:

● boshqaruv faoliyatida yumshoq koʻnikmalarini rivojlantirish ustida ishlamasligi;

● test topshiriqlari boshqaruv koʻnikmalarini baholashga moʻljallangan boʻlib, sinov jarayonida topshiriq savollarining mohiyatini tushunib yetmasdan javoblarni belgilash;

● test topshiriqlari asosan qoʻllash va tahlil qilishga qaratilganligi sababli direktorlarda ushbu koʻnikmalarning yetishmasligi;

● oʻquv jarayoni davomida yakuniy sinov topshiriqlari xotirani emas, koʻnikmani baholashga qaratilganligi, topshiriqlar oʻquv dasturi asosida shakl­lantirilgan kontentlar doirasida ishlab chiqilishi tushuntirilishiga qaramasdan direktorlar oʻquv mashgʻulotlari mazmuniga eʼtibor bermasdan turli ijtimoiy tarmoqlardagi testlarni yodlash bilan chalgʻib qolmoq­da. Buni tizimda avvaldan shakllangan test sinovlari jarayoni toʻgʻrisidagi eski stereotiplarning hali oʻzgarmaganligi bilan izohlash mumkin;

● direktorlar oʻzlarining boshqaruv faoliyatida turli grant va amaliy loyihalar bilan ishlamasligi, loyihalarni amalga oshirishda ilmiy yondashuvga asoslanmaganligi ularda amaliy topshiriq taqdimotlarini tayyorlash va taqdimot qilish koʻnikmalari yetarli emasligini koʻrsatmoqda;

● amaliy topshiriq taqdimotini baholash mezonlari mazmuni bilan bir necha bor tanishtirilishiga qaramasdan taqdimotlarni tayyorlash va taqdimot qilishda ushbu mezonlar talablarini eʼtiborga olmasligi, shuningdek, oʻquv kurslariga jalb etilgan direktorlar­ning oʻz xohishi bilan kelmasligi, hududiy boshqarmalar tomonidan majburiy yuborish holatlari ham kuzatilmoqda. Bundan koʻrinadiki, direktor oʻzi xohlab kelmasa, berilayotgan bilim va koʻnikmalar ham puxta egallanmaydi.

Yana bir narsa, oʻquv rejadagi mavzularni oʻzlash­tirish uchun ikki oy vaqt kerak boʻladi, lekin menejerlik oʻquv kurslarining bir oy davom etishi nomzodlarning mavzularni to‘liq o‘zlashtirolmasligiga sabab bo‘l­moqda. 

 

Bugunga qadar kursni muvaffaqiyatli tamomlagan nomzodlarning 247 nafari maktab direktori lavozimiga tasdiqlangan. Joriy yilning fevral-noyabr oylarida menejerlik o‘quv kurslariga jami 2667 nafar tinglovchi qabul qilingan bo‘lib, bulardan 1825 nafari (68,4 %) kursni muvaffaqiyatli yakunlagan. Shuningdek, 2024-yil dekabr oyida nomzod direktorlar uchun 128 nafar tinglovchi qabul qilingan bo‘lib, bugungi kunda ushbu tinglovchilar dars mashg‘ulotlarini davom ettirmoqda. Xususan, amaldagi maktab direktorlari uchun tashkil etilgan menejerlik o‘quv kurslariga jami 1054 nafar tinglovchi qabul qilingan bo‘lib, ulardan  724 nafari (68,7%) kursni muvaffaqiyatli yakun­lagan. 2024-yil 1-sentabrdan menejerlik sertifikatiga ega maktab direktorlariga 5 yil davriylikda 50%, direktor o‘rinbosarlariga esa 30% miqdorida ish haqiga qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi.

Hamkorlik, maqsad va kelgusi rejalar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

− Kelgusida onlayn kurslarni tashkil etish, direktorlarni xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuborish, menejerlik oʻquv kurslarini dual (15+15) taʼlim yoʻna­lishida yoʻlga qoʻyishni maqsad qilganmiz. Shuningdek, menejer yoʻnalishida faoliyat olib boruvchi professorlar sonini oshirib, yillik kvotalar sonini koʻpaytirish, hududlarda ham sayyor kurslar tashkil etish  rejalarimiz bor.


“Ma’rifat” muxbiri 

Fayoza AVLAYEVA suhbatlashdi.

Maqola muallifi

Fayoza AVLAYEVA

Fayoza AVLAYEVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Talaba

Ulashish