Hayot – murakkab. U kurashuvchilar, kurashganlarni yoqtiradi. Ko‘nikuvchanlar, bir xil hayot tarzini tanlaganlarni xushlamay, ezg‘ilab, yanchib tashlaydi...
Hayot – biz o‘qitayotgan shakldagi maktab emas. Uning o‘z darslari, imtihonlari bor. Biz esa bolalarga imtihonlar uchun “shpargalka” tayyorlab, ularning kurashuvchanligini sindiramiz. Chunki maktabning vazifasi bola “ikkichi” bo‘ladimi yoki “a’lochi”, uni katta hayotga tayyorlashdir. Agar bolani yaxshi o‘qish uchun tayyorlasak, diqqatni bahoga qaratsak, u nari borsa 11 yil a’lochi bo‘ladi. Agar hayotga tayyorlasak, bir umr a’lochi bo‘ladi. Xo‘sh, qay biri ma’qul?
O‘quvchi maktabni 3 baho bilan tamomladi, deylik. Boringki, sinfdan qoldi, maktabdan haydaldi. Nima, endi uning ishi yurishmaydimi? Hayotda qiynaladimi? Unda maktabni uch bahoga tamomlagan Eynshteyn, Nyuton, Lodigin, Paskal, Landau, Ronaldo, Batistuta, Pepe, Klyuyvert, Shopen, Bax, Zidan, Muhammad Ali, Abramovich, Mark Sukerberg, Rokfeller va Alfred Nobellar haqida nima deysiz? Axir, ular ham “uchchi” bo‘lishgan.
Ma’lumot uchun, Ronaldo uchta maktabdan haydalgan, ingliz tilini umuman bilmagan. Zamonaviy fizika asoschisi Eynshteynga esa aynan fizika o‘qituvchisi “odam bo‘lmaysan” degan, Lodiginni aqli zaif bolalar maktabiga yuborishgan, Abramovich esa ketma-ket 2 yil sinfda qolgan. Bugun esa ularga dunyoning yarmi havas qilsa, yarmi ularday bo‘lish harakatida. Bizning qarashlarimizdan(ta’lim tizimimizdan) kelib chiqsak, ular hayotda qoqilishi, o‘z o‘rnini topa olmasliklari kerak edi! Lekin ularni butun dunyo taniydi. Kamiga ham ilmli, ham moliyaviy baquvvat. Ba’zilari “Forbes” ro‘yxatida yetakchi. Xo‘sh, unda chigallik, masalaning biz ilg‘amagan mohiyati qayerda?
Gap shundaki, biz o‘quvchilarimizni maktabda a’lochi qilamiz-u, hayotga tayyorlamaymiz. Hayot maktabida a’lochi qila olmaymiz. Ular uchun hammasini o‘zimiz tayyorlab qo‘yamiz. Bor diqqatimizni (o‘qituvchi va ota-onalar) bolalarimizning yaxshi o‘qishiga qaratamiz. Go‘yoki maktabda yaxshi o‘qisa, baxtli va chiroyli hayotga tayyor chiptasi bordek. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, nega aksariyat past bahoga o‘qiganlar hayotda qiynalmaydi? Chunki ularda kurashuvchanlik dinamikasi bor. Potensiali yuqori, yiqilsa-da kurashadi. Mayli, urilar, surilar, turtilar, ammo sinmaydi.
Yuqoridagi holatlarni hisobga olsak, bir taklif tug‘iladi: umumiy o‘rta maktablarda bolalar baholanmasin! O‘qitaylik, o‘rgataylik, bilim beraylik, xatosini tuzataylik, ammo baholamaylik. Ularda bilim, ko‘nikma, malaka shakllansin. Rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi ham aynan shunday.
O‘quvchi maktabni tamomlab, istasa, oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirsin. Istasa, hunar o‘rgansin. Maktabda o‘rganganlarining hech bo‘lmasa 70–80 foizini hayotda qo‘llay olsin. Bizda esa aksincha, bolaga 100 foiz o‘rgatamiz, kamiga uni imtihon qilib baholaymiz(hech narsani hal qilmasa-da). Ammo o‘qiganlarining yarmini ham hayotda qo‘llay olmaydi.
Bola maktabda 100 foiz bilim olib, ularning 70 foizini ham hayotda qo‘llay olmaganidan ko‘ra, 70 foiz bilim olib, uning 100 foizini hayotda qo‘llay olgani ma’qul.
Erkinjon YARASHEV,
Zarafshon shahridagi
13-IDUMning fizika fani o‘qituvchisi,
“Ta’lim fidokori” ko‘krak nishoni sohibi