XAVFSIZLIK – SAMARALI TA’LIMNING ASOSI

Dolzarb mavzu XAVFSIZLIK –  SAMARALI TA’LIMNING ASOSI
77


Yurtimizda zamonaviy ta’limning taraqqiyoti va takomillashuvining yangi bosqichi davrida har bir fuqaroning ta’lim olish huquqlarini ta’minlash maqsadida ta’lim muassasalarini zamon talablariga moslashtirish, pedagoglarning kasb mahoratini oshirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.


Bolalarning ta’lim-tarbiyasi, kamol topishi uchun qulay yashash sharoitlarini ta’minlash, ularni zo‘ravonlik va qo‘pol munosabatlardan himoya qilish har qan­day davlat uchun ijtimoiy siyosatning asosiy vazifalaridan biridir. Biroq hozirgi rivojlangan zamonda ham butun dunyo bo‘ylab bolalar o‘z oilalarida, jamiyatda, ta’lim muassasalarida, masalan, o‘z sinfdoshlari, maktabdoshlari yoki o‘qituv­chilari tomonidan zo‘ravonlikka duch kelishadi.


O‘zbekistonda har qanday zo‘ravonlik harakatlarining oldini olish maqsadida 2024-yil 14-noyabrdagi “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun 2025-yil may oyidan kuchga kiradi. Mazkur hujjatning 3-moddasida shunday deyil­gan: “Bolaning hayotiga, sog‘lig‘iga, jinsiy daxlsizligiga, sha’niga, qadr-­qimmatiga hamda qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari va erkinliklariga tajovuz qiladigan, jismoniy yoki ruhiy azob yetkazayotgan yoki yetkazishi mumkin bo‘lgan hamda asosiy ehtiyojlariga zid bo‘lgan, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoq­laridan va Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda amalga oshiriladigan, qasddan sodir etiladigan harakat (harakatsizlik) bolalarga nisbatan zo‘ravonlik deb e’tirof etiladi”.


Xalqaro tashkilotlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, dunyoda 1 milliardga yaqin bola jismoniy, jinsiy, ruhiy zo‘ravonlik bilan to‘qnashadi va eng achinarlisi, jabrlangan bolalarning qariyb 80 foizi bu haqida hech kimni xabardor qilmaydi.


Mazkur masalaga bag‘ishlangan uzoq kutilgan qonun joriy yilning fevral oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan edi. Hujjat bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning aniq ta’rifini beradi hamda jismoniy, psixologik va jinsiy zo‘ravonlik kabi turli xil tajovuz shakl­laridan, shuningdek, bolalarga beparvolik, ekspluatatsiya va bezorilik (shu jumladan kiberbulling)dan himoya qilishni o‘z ichi­ga oladi.


Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sifatli ta’lim tizimini yaratishga ham to‘sqinlik qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiyot va hududiy tadqiqotlar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, zo‘ravonlik turlari orasida qo‘rqitish o‘quvchilarning o‘quv natijalariga juda katta ta’sir ko‘rsatishi, buning natijasida matematika, o‘qish va tabiatshunoslik kabu fanlardan past baholarga sabab bo‘lgani  aniqlangan.


2022-yildan O‘zbekistonning 15 yoshli o‘quvchilari ilk bor PISA xalqaro baholash bo‘yicha imtihonlarda ishtirok etib, matematika bo‘yicha 81 davlat orasida 72-o‘rinni, tabiiy fanlar va o‘qish savodxonligi bo‘yicha 80-o‘rinni egalladi. Tadqiqotda 202 ta maktabdan 7293 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.


PISA – xalqaro baholash dasturi ta’lim natijalarini har tomonlama tahlil qiladi va mavjud omillarni xolisona baholash imkonini beradi. Shu nuqtayi nazardan, maktab muhiti o‘quvchilar muvaffaqiyatiga qanday ta’sir qilganini baholash uchun ko‘p o‘lchovli tahlildan foydalanildi.


Ta’lim jarayoniga nima to‘sqinlik qiladi?

Ta’lim muassalarida bir martalik zo‘ravonlik harakatlari yoki doimiy tahqirlash, kamsitish va muntazam ta’qib holatlari ham uchraydi. Zo‘ravonlik jismoniy, jinsiy va og‘zaki shaklda bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, ushbu jarayonda gender masalasi va moddiy manfaatlar ham mavjud. Qanday shaklda va sababda bo‘lmasin bunday holatlar o‘zidan keyin har doim jabrlanuvchilarda psixologik jarohat keltirib chiqaradi.


Garchi zo‘ravonlik ko‘rinishlari keng tarqalgan, ba’zi holatlar ovoza bo‘lgan va hatto badiiy adabiyotlarda tasvirlangan bo‘lsa-da, uzoq yillar davomida maktablardagi zo‘ravonlik muammosiga yetarli e’tibor qaratilmagan. Maktablarda bezorilik haqidagi birinchi tizimli tadqiqotlar o‘tgan asrning 70 – 80-yilla­rida Norvegiya va boshqa Skandinaviya mamlakatlari­da boshlangan.


Maktab muhitidagi muammolar, xavfsizlikning ta’minlanmaganligi, zo‘ravonlik ta’lim olishga to‘sqinlik qiluvchi omillardir. Makroiqtisodiyot va hududiy tadqiqotlar instituti tadqiqotlariga ko‘ra, darsga qatnashmaslik(26 foiz), spirtli ichimliklar yoki giyohvand moddalarni iste’mol qilish(26 foiz) va o‘qituvchilar­ning darsga tayyorgarlik ko‘rmasligi(25 foiz) ta’limga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, maktab muhiti bilan bog‘liq yana boshqa omillar – bezorilik(20 foiz) va o‘qituvchilarning haddan ortiq qattiqqo‘lligi(8 foiz) ham o‘quv jarayonlariga xalaqit beradi. Bundan tashqari, maktablarda turli ziddiyatlar(31 foiz), bir o‘quvchining boshqasiga tan jarohati yetkazishi va haqorat qilishi(har biri 21 foiz) va bezorilik bilan bog‘liq boshqa jihatlar ham aniqlangan.


Maktabda o‘zingizni xavfsiz his qiling!

Respondent o‘quvchilarning 20 foizi maktab yo‘lagi, oshxonasi va hojatxonasi kabi joylarda o‘zini xavfsiz his qilmasligini, 15 foizi esa “uyga boradigan yo‘l xavflidir”, deb tasdiqlagan. 


Shuningdek, soʻrov natijalariga koʻra, 19 foiz respondent oʻquvchi qoʻrqitish holatlariga duch kelgani, 16 foizi maktab hududida tartibsizliklar natijasida tan jarohati olgani, 14 foizi oʻquv qurollariga shikast yetgan holatlarni, 9 foizi maktabda bezorilar toʻdasi borligini,  6 foizi o‘tkir tig‘li quroli borligini, 21 foizi o‘quvchilar o‘rtasida noma’qul so‘zlar ishlatilishini, 17 foizi maktab hududida o‘quvchilarning o‘zaro mushtlashuvlarini va 16 foizi  boshqa turdagi kamsitish holatlari haqida xabar bergan.


Bu maʼlumotlar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD), PISA va Qozogʻiston maʼlumotlaridan ancha yuqori. Qayd etilishicha, har yettinchi o‘quvchidan kamida bittasi maktabda o‘zini xavfsiz his qilmaydi va zo‘ravonlik yoki qo‘pol munosabatga duch kelgan.


Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, o‘g‘il bolalar qizlarga qaraganda tez-tez haqoratlanadi (19,1 va 15,4 foiz). Aniqlanishicha, immigratsion oilalarning bolalari bunday muammolarga mahalliy oilalarga qaraganda 3,8 foiz ko‘proq yo‘liqadi.


Tadqiqot natijalariga ko‘ra

Maktab bezoriligi nafaqat bolalar­ning jismoniy salomatligiga, balki ular­ning psixologik holatiga ham jiddiy tahdid soladi. O‘z tengdoshlari orasida “quloq” bo‘lishdan qo‘rqib, qurbonlar kamdan-kam hollarda yordam so‘rashadi. Psixologik zo‘ravonlik bolaning maktabga borishdan bosh tortishiga olib keladi, u o‘zi uchun eng dahshatli qarorni qabul qilishga – o‘z joniga qasd qilishgacha tayyor bo‘ladi.


Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) ma’lumotlariga ko‘ra, maktabdagi zo‘ravonlik va tovlamachilik “mamlakat bo‘ylab yoshlar orasida zo‘ravonlik ko‘rsatkichlari ortishining asosiy sabablaridan biri bo‘lib, u aksariyat hollarda maktab o‘quvchilarining o‘z joniga qasd qilishiga olib keladi”.


O‘zbekistonda o‘quvchilarning 4,2 foizi boshqa o‘quvchilar tomonidan qo‘rqitilgani sabab ularga pul berganliklarini aytishgan (OECDga ko‘ra o‘rtacha − 2,1 foiz, PISA − 3,9 foiz, Qozog‘iston − 2,1 foiz).


Institut mutaxassislari qo‘rqitish orqali tovlamachilik ta’lim samarador­ligiga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatishini aniqladi. Bunday bezorilikdan aziyat chekkan o‘quvchining baholari mate­matikadan o‘rtacha 57,6 ballga, o‘qishdan 67,4 ballga, tabiiy fanlardan 67 ballga pasaygan. Jismoniy zo‘ravonlikka (masalan, urish, turtish va h.k.) uchragan o‘quvchining baholari esa matematikadan 41,3 ball, o‘qishdan 44,6 ballga va tabiiy fandan 44,6 ballga tushib ketgan. Shuningdek, bullingning boshqa barcha turlari o‘quvchilarning fanlar bo‘yicha o‘rtacha bahosini 14,3 foizdan 43,7 foizga tushiradi.


Barchaga qulay muhit yaratish lozim

Agar maktabda zo‘ravonlik o‘z vaqtida to‘xtatilmasa, u bolalar va o‘smirlar uchun oddiy holga aylanib, butun umri davomida ularga hamroh bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, maktab rahbariyati,  har bir o‘qituvchi maktabda zo‘ravonlik­ning oldini olishga hissa qo‘shishi maq­sadga muvofiq.


Ta’lim muassasalarida zo‘ravonlik­ning oldini olishning eng muhim chora-tadbirlaridan biri o‘quvchilarda o‘zaro sog‘lom munosabat o‘rnatish ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat. Buning uchun bolalarga o‘z xatti-harakatlarini boshqarish, tengdoshlari va kattalarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish, manipulyatsiyani anglash va tashqi salbiy ta’sirlarga qarshi tura olish, mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmalarini o‘rgatadigan o‘quv dasturlarini kiritish kerak. 

O‘zbekistonda ta’lim sifatiga salbiy ta’sir qiladigan asosiy omillardan biri ham aynan  maktablardagi muhit − bulling, xavfsizlik ekanligini aniqlandi. Shu bois, O‘zbekistonda bezorilik holatlarini kamaytirish maqsadida Finlyandiyaning ijobiy tajribasidan kelib chiqib o‘quvchilar o‘rtasida bezorilikka qarshi KiVa dasturini amalga oshirish taklif etilmoqda. 


Mutaxassislarning ta’kidlashicha, dasturning samaradorligi keng ko‘lamli tadqiqotlar asosida ilmiy jihatdan tasdiqlangan. KiVa jamoasi tomonidan qo‘llangan metod sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lib, zo‘ravonlikdan jabrlanganlarning 98 foiziga holatni hal qilish yoki yumshatishga yordam bergan. Misol uchun, dastur Yangi Zelandiyada joriy etilganidan bir yil o‘tgach maktablardagi bezorilik darajasi 21 foizga kamayadi.


Dastur asosiy uch qismdan iborat: profilaktika, aralashuv va monitoring. Profilaktika choralari barcha o‘quvchilar va o‘smirlarni qamrab olib, zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan. KiVa har yili o‘quvchilar va xodimlar o‘rtasida onlayn so‘rovlar o‘tkazadi va maktablarga zo‘ravonlikni monitoring qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar taqdim etadi. Bu maktablarga zo‘ravonlikka qarshi kurash choralarini yaxshilash imkonini beradi.


Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, bunday dasturlarda jinsiy va reproduktiv salomatlik, xulq-atvor bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilinishi maqsadga muvofiq. Bu o‘quvchilarga insoniy qadriyatlarni o‘zlashtirish, inson huquqlari va qadr-qimmatini hurmat qilish, gender tengligi va xilma-xilligini o‘rganish, shaxs sifatida rivojlanish, o‘zini hurmat qilish va ishonchini oshirishga yordam beradi.

Yelena KONSTANTINOVA

Maqola muallifi

Yelena KONSTANTINOVA

Yelena KONSTANTINOVA

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Gazeta
  • #Maktab
  • #Nazorat
  • #AT markazi

Ulashish