SINFIMGA MAKTUB (2020-yil. Karantin...)
Umr – oqar daryo. 7-mart kuni kechqurun maktab qorovuli menga qo‘ng‘iroq qilib, “bolalaringiz sinfxonangizni bezashyapti, xabaringiz bormi?” deya so‘raganida zimdan xursand bo‘lib ketganim kechagiday yodimda…
Maktab binosining ikkinchi qavatida joylashgan sinfxonamga shoshilib kirib boraman… Kechikayotgan o‘quvchilarim mendan o‘zib bir soniya bo‘lsa-da ilgarilab joylariga shoshilishadi.
O‘ttiz olti nafar yosh, navqiron, ko‘zlarida g‘ayrat, shijoat, umid porlab turgan o‘quvchilarimning uch tildagi salomiga alik olaman. O‘sha bir necha soniya ichida ularning yuzlariga tikilib qalbidagi his-tuyg‘ularini anglab olishga urinaman. Ba’zida uddalayman, ba’zida esa yo‘q… “Hozir yana bizni koyisalar kerak” – o‘qiyman nigohlaridan. G‘amgin ham tortamiz, jilmayamiz ham, tanbeh ham beraman, maqtayman ham…
Ba’zida xafa bo‘laman. Ahmadjonga shikoyat qilaman. Uning beg‘ubor sof qalbidan, yupatuvchi, umid nuri bag‘ishlovchi so‘zlaridan do‘stlariga muhabbati sezilib turadi. “Achchiq haqiqatlarni men aytaman, chunki maktabda sizning eng yaqin odamingizman. Yoqimsiz bo‘lsa ham foydangiz uchun aytishim shart”, deyman…
Siz ma’yus tortasiz… “Hali hammasi oldinda, hamma narsaga ulgurish mumkin. Muhimi, ichingizdagi chiroqni yoqa olish”, deyman. Meni tushuna boshlaysiz, men esa sizni…
Chiroqlar yoqiladi va siz har doim olg‘a, muvaffaqiyatlar sari parvoz qilgansiz. Mening, o‘zingizning, ota-onangizning yuzini yorug‘ qilgani. Necha martalab Siz bilan faxrlanish imkoniyatini berganingiz uchun tashakkur! Tilimga balki ko‘p ko‘chmagandir bu so‘zlar. Bugun baralla aytmoqchiman: Men sizni yaxshi ko‘raman, qanday bo‘lsangiz shundayligingizcha, aziz o‘quvchi – farzandlarim! Sizni juda sog‘indim…
Gulnora SAFAROVA,
Sho‘rchi tumanidagi
1-maktabning
oliy toifali rus tili o‘qituvchisi
Shu kecha va kunduzda
SUN’IY INTELLEKT: TILSHUNOSLAR ENDI NIMA QILADI?
GENERAL VA YOSHLAR UCHRASHUVI
Robot fikrlay oladimi? Yoxud fizikadan 2024-yilgi Nobel mukofoti neyroto‘r kashfiyotchilariga berilgani haqida
XO‘JALIK MUDIRI EKANIMDAN FAXRLANAMAN! yoxud shu maoshga roziman!
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank