O‘qituvchi nimani o‘ylaydi?
Maktabda ta’lim sifatining oshishi, yutuqlarga erishishida jamoaning hamjihatligi juda muhim. Maktabimiz o‘tgan o‘quv yilida yangi baholash tizimini joriy etish bo‘yicha tajriba-sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgani bois bugun butun jamoamiz 40% ustama haq olmoqda. Vazir jamg‘armasi ustamasi sohiblari oldingi o‘quv yilida 7 nafar, hozirda esa 6 nafarni tashkil etadi.
Komila RAJABOVA
Muvaffaqiyatga erishish ko‘proq insonning o‘ziga bog‘liq! Qolaversa, fidoyi ustozlar davlatimiz tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Menga Prezidentimizning 4306-sonli qarori bo‘yicha 100%, maktabdan 823-sonli qaror bo‘yicha 35 % ustama to‘lashyapti. Darsim 26 soat. Oyligim 1000 dollar. Hozir ona tilidan milliy sertifikat imtihoniga qattiq tayyorgarlik ko‘ryapman. Xudo xohlasa, milliy sertifikat uchun ham 1-yanvardan 50% ustama olish niyatim bor. Ozgina bo‘sh vaqtim bo‘lsa ham kitobdan bosh ko‘tarmayman. Hatto tanaffuslarda, tunda, ertalab faqat mutolaa...
Rahima JUMANIYOZOVA
Ba’zan dars avvalida dabdurustdan o‘quvchilardan baxt haqida so‘rab qolaman. Bir-biriga navbat bermay, o‘z tasavvurlarini aytishga shoshayotgan bolajonlarni tinglab bo‘lgach (salomlashuvdan so‘ng, hali bolalar partaga o‘tirmasidan), baxt ham boshqa tushunchalar kabi nisbiy ekani, har kim uni har xil talqin qilishini tushuntiraman. Masalan, bir ko‘zidan ayrilgan odam o‘zini qanchalar baxtsiz va nochor his qiladi, lekin tug‘ma so‘qir kishiga bu dard bir umrlik ekanligini ta’kidlayman.
Zebuniso JUMAYEVA
“Bolalar 7-sinfdan keyin qobiliyatidan kelib chiqib o‘qitilishi kerak”, degan fikrni ilgari surmoqda deputatlardan biri. Maktabimizda ushbu usulni qilib koʻrdik. Afsuski, o‘quvchilarning qiziqqan faniga baza topib berolmadik.
Feruza TO‘RAYEVA
Umumta’lim maktablaridagi maktab oshxonalarining 80–90 foizida “Qarz daftari” tutiladi. Unda kelasi oylikkacha puli yetmagan o‘qituvchilar hech qanday foizsiz qarzga ovqatlanishadi. Aksariyat o‘qituvchilar qaysidir bankdan yoki maishiy xizmat ko‘rsatish mahsulotlari do‘konidan 23–35% gacha yo kredit, yo kreditga nimadir olgan bo‘ladi. Ehtiyoj va oylik maoshining nomutanosibligi sabab kreditlar doimo bir-biriga ulanaveradi.
Zavqibek MAHMUDOV
Yuqoridan turib oddiy o‘rta maktab o‘qituvchilarining bilimini muhokama qilish to‘g‘ri emas. Ixtisoslashgan maktablardagi iqtidorli bolalarga o‘sha maktabiga ketguniga qadar kim harf tanitdi, savodini kim chiqardi? Oddiy o‘rta maktabdagi ustoz, albatta. Qish yaqinligiga qaramay maktabimizda isitish tizimi hali ishlagani yo‘q. Qanday qilib sovuq xonada dars o‘tib bolaga nimadir o‘rgatish mumkin? Axir, o‘qituvchi ham, o‘quvchi ham kasal bo‘lsa. Maktabda infratuzilma unchalik muhimmas deydiganlar esa adashadi. Infratuzilma muhim hamda birinchi darajada.
Jahongir AZIMOV
O‘qituvchining ko‘ksiga oftob tegishi juda qiyin ish. 25 yildan beri ta’lim ichidaman. Uyimga katta biror narsa olmoqchi bo‘lsam, bir oy o‘ylayman. Ungacha u buyum yo “erga tegib ketadi”, yo “uylanadi”. Haliyam sotuvchilar “mehribon”: “Keling, domlo, 3 bo‘lishga beraman. Berasizda pulini” deyishadi...
Erkinjon YARASHEV
Ko‘plab o‘quvchilar oddiy mavzuni ham keyingi darsgacha eslab qololmaydi. Birinchidan, buning sababi bolalarimizning qo‘lidagi telefon. Undagi ma’lumotlar o‘quvchilarning ongiga ta’sir qilib bo‘lgan. Ikkinchidan, ota-onalarning befarqligi va savodsizligi. To‘g‘ri, bolasini tergashi mumkin, lekin nima dars o‘tding, mavzudagi falon narsa qanday bo‘lar ekan deb savol bermasligidir. Bolalarimiz internetga ishonib qolishgan.
Diydora HOJIYEVA
Ko‘plab o‘quvchilar oddiy mavzuni ham keyingi darsgacha eslab qololmaydi. Birinchidan, buning sababi bolalarimizning qo‘lidagi telefon. Undagi ma’lumotlar o‘quvchilarning ongiga ta’sir qilib bo‘lgan. Ikkinchidan, ota-onalarning befarqligi va savodsizligi. To‘g‘ri, bolasini tergashi mumkin, lekin nima dars o‘tding, mavzudagi falon narsa qanday bo‘lar ekan deb savol bermasligidir. Bolalarimiz internetga ishonib qolishgan.
Diydora HOJIYEVA
Mantiq qani? Rus tili fanidan olimpiada bo‘lib o‘tdi. Mutaxassislar o‘z bilim doirasidan kelib chiqqan holda tuzishganmi deyman (xuddi darsliklarni tuzgandek)? O‘zbek tilli maktablarda rus tili fani boʻyicha o‘zgarishlar o‘ta yuqori darajada. Endi aytingchi, o‘zbek sinflarda “Слово о полку Игореве”, A.N.Ostrovskiy, Griboyedovlar haqida bormi birorta mavzu?
Muqaddam USMONOVA
Barcha uzoq kutgan “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun Oliy Majlis Senati tomonidan ma’qullandi. Afsuski (fikrimcha) unda deyarli arzigulik imtiyoz yo‘q. Masalan, vazifasidan boshqa ishga jalb qilmaslik haqida. Bu narsa qonunlarimizda avvaldan bor. Shaxsan meni shu paytgacha biron marta majburiy mehnatga jalb qilishmadi. Mendan boshqa o‘qituvchilarning ham shikoyatini eshitmadim. Yana biri bepul tibbiy koʻrik. U ham tekin edi. Biri esa 56 kun − dam olish kuni. Avval 48 kun boʻlganda ham bironta oʻqituvchining “Ta’til yanada koʻp boʻlishi kerak edi”, degan gapini eshitmadim.
Zafar ATAXONOV
Vazir stavkani ko‘tara oladi, sinfdagi o‘quvchilar sonini koʻpaytiradi, yuklamani joriy qiladi. Oylikni ko‘tarish, stavka va sinfdagi o‘quvchilar sonini kamaytirish, yuklamani yoʻqotish qoʻlidan kelmaydi.
Kibriyo TOJIBOYEVA:
Elektr bir o‘chsa 4-5 soatgacha yonmayapti. Ayniqsa, maktabda Kundalik.comga baho qo‘yishda elektr yo‘qligi juda qiynaydi. Internet toksiz ishlamaydi-da, nima qilaylik! Yana qaysidir kuni Energetika vazirligi “Agar hududingizda 1 soatdan ko‘proq vaqt davomida elektr bo‘lmasa bizga murojaat qiling”, degandi. Eshitib xursand bo‘lgandim.
Mavjuda QOBILOVA
Bugungi kunda koʻplab bolalar otasiz, hatto, onasiz katta boʻlmoqda. Sababi, iqtisodiy yashash sharoitimiz og‘ir. Agar hamma yaxshi maosh olsa, hamma narsa yetarli boʻlsa, hech qaysi ota-ona chet elga pul topish ilinjida ketmasdi. Bolalarini ham o‘zi tarbiya qilar edi. Yaxshi maosh oladigan oilalar ham kuniga 10 yoki 12 soat ishlab kelib, oilasi va farzandiga vaqt ajratmaydi.
Yulduz IBROHIMOVA
Bizga ta’lim nashrlari kerak! Aslida bu turdagi gazeta va jurnallar davlat tomonidan moliyalashtirilishi lozim emasmi?! Obuna vajidan tashkilotlarga qaram gazeta hech qachon erkin bo‘lolmaydi, oʻz haqini talab qilolmaydi. Davlatimiz rahbari qaror va farmonlar bilan bu masalaga oydinlik kiritmas ekan, oʻzgarish boʻlmaydi. Shundan so‘nggina gazeta tanqidiy maqolalar yuzasidan tashkilotlardan izoh, tushuntirish talab qila oladi.
Gavhar USMONOVA
Deputat Rasul Kusherboyev o‘quvchi OTMga kirmagani uchun direktorni ishdan olish qonunga zid deb to‘g‘ri aytdi. Chindan ham, nega endi ishdan olinishi kerak? Maktab bor imkoniyatini ishga solib bilim bersa-yu, ammo o‘quvchi xohlamasa, balki u tadbirkor yoki hunarmand boʻlar. Bu uning tanloviku. Bundan tashqari, shuncha oliy ma’lumotli kadrlarni ish bilan ta’minlashchi? Hozir chekka hududlarni aytmasa, markazlardan deyarli ish topa olmaysiz.
Dilrabo NORQULOVA
Yuqori mansabdagi shaxslarning o‘zlari va oila a’zolari uchun davolanish tekin. Vazirlarning oila a’zosidan birortasi kasal bo‘lsa, hatto chet elda bepul davolanish imkoni berilgan ekan. Yozuvchilar uchun ham maxsus poliklinika borligi haqida eshitganman. Asablari eng ko‘p buziladigan kasblardan biri o‘qituvchilikdir. O‘qituvchilarga mana shu kabi imtiyozlar berilsa qaniydi.
Dilnoza QODIRBERGANOVA
Qaysi guruhga kirmay “Menga layk bosing!”, “Tanishimga ovoz bering!” kabi iltimoslarga ko‘zimiz tushadi. Yaqinda ijtimoiy tarmoqda jajji ijodkorlar uchun onlayn tanlov o‘tkazildi. 1-sinfda o‘qiydigan nabiram yoshiga mos tarzda harakatlanuvchi robot, vertolyot, tank kabi o‘yinchoqlar yasaydi. Biz ham qiziqib shu tanlovda ishtirok etdik. Ammo o‘rin ololmadik. Bilasizmi, nima uchun, mana shu laykbozlik sabab. Qaysi ishtirokchi koʻp layk to‘plasa, shu gʻolib boʻlarkan.
Hafiza RASHIDOVA
Shu kecha va kunduzda
SUN’IY INTELLEKT: TILSHUNOSLAR ENDI NIMA QILADI?
GENERAL VA YOSHLAR UCHRASHUVI
Robot fikrlay oladimi? Yoxud fizikadan 2024-yilgi Nobel mukofoti neyroto‘r kashfiyotchilariga berilgani haqida
XO‘JALIK MUDIRI EKANIMDAN FAXRLANAMAN! yoxud shu maoshga roziman!
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank